Luiziana sohillari qayta bunyod etiladi

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Iqlim o’zgarishi tufayli dengiz sathining ko’tarilishi dunyo bo’ylab sohilda yashovchi aholi uchun jiddiy muammolarni tug’dirmoqda. AQShning Luiziana shtati eroziya tufayli boy berilgan hududlarni qayta tiklash uchun milliardlab dollar mablag’ sarflash niyatida. Loyihadan hamma ham mamnun emas.

Loyqa Missisipi daryosi Meksika ko'rfaziga qo'shiladigan Luiziana qirg'oqlarida yangi yerlar paydo bo’lmoqda.

Bren Xaas Luiziana qirg'oqlarini himoya qilish va tiklash boshqarmasi rahbari. Unga ko'ra, janubiy Luizianani ming yillar davomida aynan Missisipi loylari bunyod qilgan.

Ammo o'tgan asr davomida daryo va uning loyqa suvi oldida to’siqlar paydo bo’ldi.

Loyqani ushlab qolish uchun cho'kindi bo'lmasa, yer eroziyaga uchraydi. 1930-yillardan beri yarim million gektar yer shu tariqa boy beriilgan.

"Luiziana haqiqatan ham yerni boy berish inqirozi bilan yuzlashmoqda. Bu yer madaniyatimiz va jamiyatimiz asosini tashkil qiladi. U iqtisodiyotimizning katta qismidir. U har yili to’fon mavsumida qirg'oqlarimizga keladigan bo'ronga qarshi bizning birinchi himoya chizig'imiz", - deydi Xaas.

Dengiz sathining ko‘tarilishiga qarshi hech qanday chora ko’rilmasa, Luiziana keyingi yarim asrda yana bir million gektar yerni yo‘qotishi mumkin.

Missisipi loyini qirg'oq bo'yiga qaytarish uchun “Mid-Barataria Sediment Diversion” deb nomlangan 1,4 milliard dollarlik kanal qurish rejalanmoqda.

"Bu loyiha ortida turgan g'oya daryoni botqoq yerlar bilan qayta bog'lashdir, shunda ular bugun siz bugun ko'rib turgan bu ishlarni ko’proq bajarishi mumkin", - deydi Xaas.

Ammo loyihaga qarshilar oz emas.

Baliqchi Bred Robinning aytishicha, bu o'zgarishlar o'zi kabi yuzlab baliqchilarni ish bilan ta’minlayotgan qisqichbaqa va chig’anoqlar uchun zarur tuz va chuchuk suv muvozanatini buzadi.

"Chuchuk suv bilan bog'liq muammo shundaki, sizda o'sadigan hech narsa bo'lmaydi. U hamma narsani yo'q qiladi. Ko'rfazdagi ekotizimimizni yo'q qiladi", - deydi u.

Baliqchilar qirg'oq yo'qolib borayotganini biladi. Ammo ular boshqa yo’l bilan, masalan, daryolar va ko'rfaz tubidan tuproq qazib chiqarish orqali yer ko’tarishni taklif qilmoqda.

Agentlik allaqachon bu yo’nalishda ham ish olib bormoqda va uni yanada kengaytirish rejada bor. Ammo qazib olingan yer yana yuvilib ketadi, deydi Xaas. Unga ko’ra, loyqa suvni burish yerni tabiiy bunyod qilish imkoniyatini beradi.

Xaas loyihaning salbiy oqibatlaridan ham xabardor.

"Bu nimalarni o’zgartiradi? Bu, siz muhokama qilganingizdek, odamlarga ta'sir qiladimi? Albatta, shunday bo'ladi. Biz bu borada boshidan ochiq aytib kelamiz. Bu masalada yordam berish uchun rejamiz va mablag'imiz bor", - deydi u.

Shtat baliqchilarga yangi ish yoki soha topishga yordam berish uchun 300 million dollar ajratdi. Ammo bu ko'plab baliqchilarni qiziqtirmaydi.

"Biz oilaviy baliq ovlash bilan shug'ullanamiz. Bilganimiz shu... Otam baliqchi bo’lgan, bobom baliqchi bo'lgan. Bobomning bobosi ham baliqchi bo'lgan", - deydi Bred Robin.

Mening bolalarim va ularning bolalari endi nima qiladi, deya so’raydi u.

Yo'qolib borayotgan qirg'oqda, deydi Xaas, o'zgarish u yoki bu tarzda baribir yuz beradi.