Demokratlar hukmning hali e’lon qilinmagan matnini tanqid qilmoqda. Undan Oliy sud a’zolarining ko’pchiligi abort huquqini bekor qilish tarafdori ekani ma’lum bo’ldi. Abort Amerikada 50 yil oldin qonuniylashtirilgan. Uni taqiqlash butun jamiyatga zarba, deydi demokratlar.
"G’azabdaman, chunki AQShning ekstremist Oliy sudi, besh kishi mamlakatdagi o’nlab million ayolning taqdirini hal qilishi mumkin deb o’ylaydi. Bizning o’z hayotimizga daxldor bo’lgan qarorlar, ular nazdida, noto’g’ri”, - deydi demokrat senator Elizabet Vorren.
“Ayollar huquqi tahdid ostida. Agar sud qonunni bekor qilsa, bu erkinlikka, o’z taqdirini o’zi belgilash huquqiga hujumdir”, - deydi mamlakat vitse-prezidenti Kamala Harris.
Harrisning ovozi demokratlar Senatda ustun bo’lishiga yordam bersa-da, abort huquqini himoya qiluvchi federal qonun qabul qilish uchun ovozlar baribir yetarli emas. Shunday bo’lsa-da, keyingi hafta masala ovozga qo’yiladi.
“Amerikaliklar qaysi senator qaysi tomonda ekanini ko'radi. Noyabr oyidagi saylovning oqibatlari bo’ladi. 100 million ayolning huquqi haqida gap ketmoqda, sudning bu dahshatli hukmiga qarshi kurashish kerak”, - deydi Senatda demokratlar lideri Chak Shumer.
Amerikada o’rtacha aholining 54 foizi abort huquqini qo’llab-quvvatlaydi. Konservatorlar 1973-yilgi hukmni bekor qilishga undab keladi. Donald Tramp prezidentligi davrida Oliy sudda konservatorlarning ovozi oshdi.
“Hayotni himoya qilish uchun kurash bizning oliy qadriyatlarimizga mos keladi, adolatga bo‘lgan ishtiyoqimizga, inson huquqlariga sadoqatimizga, zaif va begunohlarni himoya qilish istagimizga. Men yashash huquqi uchun kurashgan barcha amerikaliklarga minnatdorchilik bildiraman”, - deydi respublikachi senator Jon Tyun.
Senatda respublikachilar sardori Mitch Makkonellning qayd etishicha, yakuniy qaror hali e'lon qilinmagan va xom matn jamoatchilikka sizdirilgani sudyalar fikriga ta’sir ko’rsatmasligi kerak.
"Sud niyati buzuqlarning shovqiniga e’tibor qilmay, o'z ishini erkin bajarishda davom etsin", - deydi Makkonnell.
Oliy sud yaqin bir necha hafta ichida yakuniy xulosasini e'lon qiladi. 50 yillik qonun bekor qilinishi 13 shtatda abort darhol taqiqlanishiga, yana 19 shtatda amaliyotni man etish jarayonlari boshlanishiga olib kelishi mumkin.