San-Diyego: AQShda ilk hayitni nishonlagan afg’on qochqinlar

  • Amerika Ovozi

Tolibon Afg’onistonni egallab olganidan so’ng AQShga kelgan 70 mingdan ziyod qochqinlar bu mamlakatda ilk bor Iyd al-Fitrni nishonladi.

AQShga olib kelingan afg’on qochqinlarning qariyb 40 foizi hali to’liq joylashtirilganmagan. Ular San-Diyego shahridagi mehmonxonalarda yashamoqda.

Hajar Rushdi-Karimning “Mehribon yuraklar” nomli tashkiloti Ramazon hayitini nishonlayotgan oilalarga, bolalarga sovg’alar ulashdi.

“Bu yerdagi oilalar uchun birinchi hayit, birinchi Ramazon. Amerikaga kelishganidan beri ilk bor nishonlashyapti. Ularning qalbiga quvonch olib kirish, moliyaviy tarafdan biroz yordam berish uchun aksiya tashkillashtirdik. Qochqinlarning ko’pi hali ishlamayapti”, - deydi ayol.

Your browser doesn’t support HTML5

Kaliforniya: Qochqinlar AQShda ilk hayitni nishonladi

Abu Bakr Samun 200 dan ziyod muhtoj oilalarga o’yinchoqlar va plastik kartalarni tarqatishda ko’maklashdi. Uning o’ziga ham turar joy topishga qarindoshlari yordam bergan. Afg’onistonda AQSh harbiylari qo’lida hisobchi bo’lib ishlagan Samun Tolibon hokimiyatga kelganidan keyin mamlakatni tark etishga majbur bo’lganini aytadi.

“Eng qiyini – Afg’onistonda butun umr qurgan hayotingizni tashlab ketish. Biznesingiz, tajribangiz, do’st-tanishlaringiz va albatta uyingizni qoldirib ketish. Hamma narsani ortda qoldirishdan qiyinroq narsa yo’q”, - deydi Samun.

U Afg’onistonda haligacha faoliyat yuritayotgan xorijiy bizneslarga virtual maslahatchilik qiladi, tunda ishlaydi. Bundan tashqari, daromadini oshirish uchun yana ikkita ishga topshirmoqchi.

“Menda doim ambitsiya bo’lgan, o’zim ustimda qattiq ishlayman. Inson qanday ishda bo’lmasin, uni yanada yaxshiroq va ko’proq bajarishga qodir. Bir kun kelib, o’z buxgalteriya kompaniyamni ochmoqchiman. Boshqa yana qandaydir imkoniyatlar paydo bo’lsa, ulardan ham foydalanaman”, - deydi Samun.

Darul Ulum masjidi imomi Shakib Navobiy namozni shahar parkida tashkil qildi.

“Yangi kelgan qochqinlar bilan gaplashganda, ularni sabrli bo’lishga chorlayman. Amerikada chinakam sabr-toqat bilan ko’p narsaga erisha olasiz, jumladan oldingizga qo’ygan maqsadlaringizga ham”, - deydi imom.

San-Diyego okrugida 200 mingdan ortiq musulmon yashaydi. Yangi jamiyatda hayit ayyomida qochqinlarga alohida e’tibor zarur, deydi imom.