Turkiya Suriyaga uchayotgan Rossiyaning fuqarolik va harbiy samolyotlari uchun iyulgacha o’z havo hududini yopgach, Suriyadagi Kreml harbiy harakatlari yangi qiyinchiliklar bilan yuzlashdi.
Anqara bu qaroriga rasmiy izoh bermadi. Turkiya va Rossiya Suriyadagi fuqarolar urushida raqib tomonlarni qo'llab-quvvatlasa-da, mojaroni hal qilishda hamkorlik qilib keladi.
Anqaradagi Turkiya tashqi siyosat instituti rahbari Huseyin Bagjining aytishicha, Rossiya Ukrainaga bostirib kirishi ortidan Anqara Rossiyaga nisbatan keskin e’tirozini bildirib, ayni paytda Vashington va NATOdagi hamkorlari bilan taranglashgan munosabatlarini qayta tiklashga urinmoqda.
"Bu muhim qaror. Turkiya-Amerika munosabatlari bu orada ancha yaxshilandi. Balki amerikaliklar va NATO tashkilot buni talab qilgan. Rossiyaning Suriyada va umuman Yaqin Sharqda kuchayib borayotgan taʼsirini yopishga harakat qilishyapti. Bu, albatta, ruslarga ma’qul qaror emas”, - dedi Bagji.
Muqobil variantlar mavjud bo’lsa-da, Turkiya havo hududi Suriyadagi harbiy bazalarni ta'minlovchi rus samolyotlari uchun eng oson yo’lak edi. Turkiya havo hududining yopilishi Moskvaning xavotirlarini oshirmoqda, deydi Bonn universitetidagi rossiyalik ekspert Zaur Gasimov.
“Suriyadagi aviabazaga borish uchun ular Turkiya havo hududidan foydalanardi. Endi ular Iroq va Eron havo hududidan foydalanishi mumkin. Vashington Bag’dodga havo hududini yopish uchun bosim o’tkazishga undayotgan bo’lishi mumkin”, - deydi u.
Avvalroq Anqara, Montro konvensiyasiga muvofiq, Qora dengizda joylashgan Rossiya harbiy kemalariga Turkiya suvlaridan o’tishni taqiqlagan edi. Konvensiya Turkiyaga Qora dengiz mamlakatlari oʻrtasida urush yuzaga kelgan taqdirda shunday cheklovlar o’rnatish imkonini beradi.
Vashingtondagi Yaqin Sharq instituti tahlilchisi Yoruk Ishikning aytishicha, Anqara bu cheklovni o'rnatgunga qadar Rossiyaning Qora dengiz portlari Suriyadagi rus kuchlarini ta'minlovchi asosiy yo'nalish bo'lgan.
Buni ham ko'ring Ukraina urushi ortidan AQSh-Turkiya aloqalari yaxshilanishi mumkin"Rossiya Suriyadagi kampaniyasini ta'minlash uchun Turkiya bo'g'ozlaridan foydalangan va biz bir hafta ichida bir nechta kemani ko'rardik, - deydi Ishik. - Endi esa bu kemalarning hammasi g'oyib bo'ldi. O'tgan oyda faqat ikkita kema o'tdi. Odatda, haftada to'rt yoki beshta kema o’tardi”.
Tahlilchilarning ta'kidlashicha, Turkiya Rossiyadan keladigan energiya resurslariga bog’liq qolar ekan, Moskva Anqara ustidan o’z ta’sirini saqlab qoladi. Rossiya kuchlarining Turkiya chegarasida joylashgan suriyalik isyonchilarga har qanday hujumi Turkiyaga keladigan qochqinlar oqimining ko’payishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Ammo tahlilchi Gasimovning aytishicha, Ukraina mojarosi Rossiya ta'sirini keskin cheklagan.
"Rossiyaning Anqaraga qarshi imkoniyatlari hozir juda cheklangan. Turkiya hamon Rossiyaga qarshi sanksiyalarga qo'shilmagan davlatlardan biri, - deydi Gasimov. - Moskva uchun bunday davlatlar bilan muloqotni davom ettirish va sanksiyalarga qoʻshilgan davlatlar safi va sonini koʻpaytirmaslik juda muhim”.
Buni ham ko'ring Turkiya Yevropa uchun muqobil energiya manbasi bo'lishga intilmoqdaShu bois, deydi ekspertlar, Moskva Anqarani oshkora tanqid qilishdan o’zini tiymoqda. Kreml matbuot kotibi Dimitriy Peskov o'tgan oy Turkiya-Rossiya munosabatlarini a'lo darajada deb ta'riflagan edi. Tahlilchilar fikchicha, Moskvaning tobora kuchayib borayotgan xalqaro yakkalanishi Anqaraga Moskva ustidan kamdan kam uchraydigan ta’sir o’tkazish imkoniyatini bermoqda.