Abort: Ayolning o’z taqdirini o’zi belgilash erkinligimi yoki homilaning yashash huquqi?

  • Amerika Ovozi

Texas qonunlariga ko’ra, homilani olti haftadan so’ng olib tashlash mumkin emas. Bu qonun 2021-yilning sentabr oyida qabul qilingan. Ungacha homilani 20 haftalik bo’lguncha oldirish mumkin edi.

Texasda yashovchi Eymi yaqinda abort jarrohlik amaliyotini boshidan o’tkazdi. Bir farzandi bor. Yolg’iz ona. Homilador ekanini payqagach, Eymi zudlik bilan chora ko’rishi kerak edi.

“Men homiladorlik testi natijalarini hali olmasdanoq, internetda Texasda abort qildirish joylarini qidira boshladim”, - deydi ayol.

Agar Oliy sud abortni tartibga solish huquqini shtatlarning o’ziga bersa, boshqa ko’plab ayollar ham Eymining holatiga tushishi mumkin. Amaldagi qonunga ko’ra, abort huquqi himoya ostida, hukumat haddan ziyod cheklov joriy eta olmaydi.

Oliy sud abortni 1973-yilda qonuniylashtirgan. Yaqinda jamoatchilikka sizdirilgan hujjatga ko'ra, Oliy sud bu huquqni bekor qilmoqchi. Oklaxomada ham may boshida Texasdagi kabi qonun kuchga kirdi. Ya’ni homilaning yuragi ura boshlaganidan so’ng abort taqiqlanadi.

Eymi zudlik bilan harakat qilishi lozim edi. Qidirib-qidirib, bir klinikaga yozilishga ulgurdi.

“O’ylashga ham vaqt yo’q edi, vaqt ketayotgan edi”, - deya eslaydi ayol.

Abortga qarshi faollarga ko’ra, vaqtni cheklash - to’g’ri qaror.

“Maqsadimiz – ayollar hatto abortni xayoliga ham keltirmasliklariga erishish, iloji yo’qligini his qilishi kerak. Muqobil variantlar ko’p”, - deydi abortga qarshi faollardan Jo Pojman.

Abort o'rniga, Pojman homilador ayollar homiladorlik markazlariga borishlarini istaydi. Texasda bunday markazlar 200 ga yaqin. Ular ayollarga shifokorga ko’rinishga yordam beradi, bola 2-3 yoshga to’lguncha konserva mahsulotlari bilan ta’minlaydi. Pojmanga ko’ra, yana ko’proq imkoniyatlar yaratilishi kerak.

"Abortlar soni sezilarli darajada kamaygan. Ayollar boshqa imkoniyatlar beruvchi agentliklarga murojaat qilayotgan bo’lsa-da, Texasda hali ham o'n minglab abortlar amalga oshirilmoqda", - deydi Pojman.

Abort tarafdorlariga ko’ra esa bunday holatda eng qiyini kambag’al ayollarga.

“Bu to’siqlar ular uchun haddan ziyod”, - deydi abort huquqi faoli Sara Vit.

Texas Universitetiga ko’ra, o’tgan yilning birgina sentabridan dekabrigacha har oy 1400 ayol abort uchun boshqa shtatlarga ketgan.

“Ayollar baribir abort qildiradi. Asrlar davomida shunday qilib kelishgan, butunlay noqonuniy sanalgan vaqtlarda ham. Abortdan ko’plab ayollar vafot etgan. Qonundan voz kechilsa, ayollarning o’limiga olib kelgan bo'lasiz”, - deydi Eymi.

Abortga qarshilarga ko’ra esa abort ham insonni o’ldirish bilan teng. Bahsli mavzu. Shu bilan birga, saylovlarning diqqat markazidagi masala. Ayni damda amerikaliklar Oliy sudning xulosasini kutmoqda.