Shu hafta boshida rossiyalik diplomat Boris Bondaryovning Ukraina bosqiniga e’tiroz sifatida iste’foga chiqishi, kuzatuvchilar fikricha, Kreml uchun kutilmagan hol bo’lgan. Aslida rasmiylar orasida urushdan norozilar ko’p, faqat qo’rquv tufayli ular o’z noroziligini bildira olmaydi, deydi ekspertlar.
BMTning Jenevadagi idorasida ishlagan 41 yoshli Boris Bondaryov “Facebook” orqali bayonot chiqarib, hech qachon o’z mamlakatidan 24-fevraldagidek uyalmaganini va shu bois ishini tark etayotganini e’lon qildi.
Rossiya 24-fevral kuni Ukrainaga bostirib kirgan edi.
“Albatta, xavotirdaman, chunki bu hal qiluvchi lahza. Menda bundan boshqa tanlov yo‘q edi, faqat bitta tanlov bor – ketish. Endi nima qilishimni bilmayman. Men bu haqda o'ylayapman, lekin agar Rossiyaga qaytadigan bo’lsam, meni yoqimli istiqbol kutmayotganini bilaman”, - dedi Bondaryov telefon orqali o’tkazilgan suhbatda.
Bu iste'fo Kreml uchun sharmandali hol bo'ldi, deydi Moskva Davlat xalqaro munosabatlar institutining sobiq professori Valeriy Solovey.
“Chunki Kreml Tashqi ishlar idorasining sodiqligiga amin edi. O'ylaymanki, bu hodisa tashqi ishlar idorasidagi ko'plab xodimlarning umumiy his-tuyg'ularini aks ettiradi, ammo bu ularning ham shunday qilishga tayyorligini anglatmaydi”, - deydi ekspert.
Soloveyning aytishicha, bu voqea ortidan Moskva diplomatik xodimlarini zudlik bilan tekshiruvdan o’tkazgan.
Buni ham ko'ring G'arb: Putin shart qo'ya olmaydi
"Mamlakat tashqarisida nazorat kuchayadi va ehtimol ro'yxatga potentsial xoinlar sifatida kiritilgan ba'zilar mamlakat tashqarisidan yoki elchixonalardan Moskvaga olib ketilishi mumkin", - deydi u.
Tahlilchi Aleks Titovga ko’ra, Kreml vahimada emas.
"Men ularning ommaviy iste'foga chiqishlarini kutmagan bo'lardim", - deydi u.
Aksariyat amaldorlar prezident Vladimir Putinga sodiq, deydi Titov.
“Diplomatlar ma'lum ma'noda alohida kasta, ular maxsus tanlangan. Hukumat ularning sadoqatidan ko’p foydalanadi. Diplomatlar G‘arb bilan dushmanlik ruhida ishlashga moslashtirilgan professionallardir”, - deydi tahlilchi.
Buni ham ko'ring Bayden: Rossiya Ukraina bosqini badalini to'lashi shart
Soloveyga ko’ra, Kremlda sodiqlikni ta'minlashning bir usuli bor.
"Qo'rquv va kuchli nazorat", - deydi u.
Bondaryov o'z xavfsizligidan qo'rqishini aytadi. Putin hukmronligi davrida xorijda yashovchi bir necha dissident Kreml tashabbusi bilan o'ldirilgan yoki hujumga uchragan. Moskva bunday iddaolarni rad etadi.