Ish topib, til o’rganib, AQShdagi hayotga moslashayotgan afg’onlar

  • Amerika Ovozi

Bugun minglab afg’on qochqinlar Amerikada yashamoqda, ammo ular hukumatdan oladigan yordam cheklangan. AQShga 40 yillar oldin kelgan vyetnamlik muhojir bu oilalarga yordam berayapti.

Ismoil Xonning mashinasida muhtoj oila uchun mahsulotlar. Sakkiz bolali beva ayol uchun. AQShda hukumat idoralari qochqinlarga dastlab bevosita yordam beradi. Undan so’ng qochqinlar bilan mahalliy tashkilotlar ishlay boshlaydi.

Your browser doesn’t support HTML5

AQShdagi afg’on qochqinlar, til va ish topish muammosi

Mina Ley va Ismoil Xon boshchilik qiluvchi “APSA” - ana shunday xayriya tashkilotlaridan biri.

Mina Ley AQShga kelganiga 40 yildan oshdi. Vyetnamlik qochqinlarning ilk guruhi 1975-yilda Amerikaga olib kelingan. Endi esa u afg’on oilalarga yordam bermoqda.

“Afg’oniston haqida hech narsa bilmasdim. Ammo Kobul aeroportidagi manzarani, rasmlarni ko’rib, Vyetnamdagi 1975-yilgi voqealar yodimga tushdi”, - deydi ayol.

Isror Mashvaniy kabi afg’onlar undan maslahat oladi. Mashvaniy “Teylor Farms” do’ko’nida ish topgan, lekin maosh kam.

“Afg’onistonda maxsus kuchlar safida edim. Endi ishim - sabzavot to’g’rash”, - deydi u.

Yaxshiroq ish topish uchun “APSA” tashkiloti afg’onlarni ingliz tili kurslariga yozdiradi. So’ng o’z malakasi bo’yicha sertifikat olishda ko’maklashadi. Said Bismillo Razaviy kabi tadbirkorlar bilan hamkorlik yo’lga qo’yilgan. Sobiq harbiylar, qo’mondonlar uning do’konida ham ishlaydi.

“Tartib-qoidalarni, ishga vaqtida kelish kerakligini tushuntiramiz”, - deydi Razaviy.

Vashington shtatida bugun uch ming afg’on qochqin yashamoqda. Aksariyati gumanitar viza bilan Amerikaga kitirilgan, ya’ni doimiy yashash huquqiga ega emas. Kelajak mavhum. Ularning maqomini o’zgartirish taklifi Kongressda ovozdan o’tgani yo’q.

“Kelasi bir yilda ham ovozdan o’tmasa, ko’pchilik uysiz qoladi”, - deydi Ismoil Xon.

Xayriya tashkiloti bolalarni maktabga qo’yishga ko’maklashadi, lekin asosiy muammo – til bilmaslik. Masalan, 13 yoshli bu bola ketma-ket ikki kun maktabga borgan, sinfxonalar esa bo’sh. Hamma ta’tilda ekanini bilmagan.

Lavhamiz boshidagi ayolning esa 8 farzandidan hech biri Afg’onistonda maktabga qatnamagan, harf tanimaydi. O’quv qurollari yetkazib berilgach, ular yaqindagina maktabga ilk bor qadam qo’ydi.