Robotlar aniqlik, tezlik va takroriy harakatlarni talab qiluvchi sohalarda ishlatilayotganiga ko’p bo’ldi. Robotlarni yanada aqlli qilish ishlari esa davom etmoqda.
“Robot yasash uchun ko’plab ehtiyot qismlari kerak, ularni bir-biriga ulab, yelimlab chiqamiz”, - deydi "Picknik Robotics" kompaniyasi vakili Neyten Bruks.
Robotlar aniq va takroriy ishlarni bajarishga usta. Dasturiy ta’minot kompaniyalari ularni yanada aqlli qilish ustida ishlamoqda.
Bugun robotlar meva terishi, okeanlar tubiga sho’ng‘ishi va ro’zg’or ishlariga ko’maklashishi mumkin, deydi ekspert Ket Skot.
"Ular nimalarga qodir? Men bitta qo’lim bilan qaysi ishlarni bajara olaman? Shu savollar ustida ishlaymiz. Odamzot narsalarni ushlashga juda usta. Robotlar esa bunday emas. Biz robotlarning narsalarni ushlash va harakatlantirish qobiliyatini yaxshilamoqchimiz", - deydi u.
Buni ham ko'ring AQSh maktablarida robotlar o'qituvchilarga yordam bermoqda
Koloradoda joylashgan "PickNik Robotics" kompaniyasi robotlarni qo’l bilan turli vazifalarni bajarishga o’rgatuvchi dastur yaratgan.
"Bu dasturni istalgan robotning qo’li uchun ishlatish mumkin. Robotimni qanday dasturlasam ekan, deb o’ylab ham o’tirmaysiz; xohlagan joyingizga olib borib, o’rnatishingiz mumkin", - deydi Ket Skot.
Bo’lajak dasturchilar "PickNik Robotics" olib borayotgan ishlar bilan tanishdi.
"Siz uchun hamma narsani qila oladigan robotga ega bo’lish ajoyib", - deydi talaba Heydi.
Kompaniyalar, odatda, dasturlash kodlarini sir saqlaydi.
"PickNik Robotics" esa o’z dasturini barcha uchun ochiq deb e’lon qilgan. Undan foydalanish va hatto uni o‘zgartirish mumkin.
Your browser doesn’t support HTML5
Kompaniya muhandisi Abishalini Sivaramanning aytishicha, dasturdan foydalanish bepul.
"Onlayn yuklab olishingiz mumkin. Qanday ishlatish bo’yicha ko’plab darslar bor. Uyda foydalanishingiz mumkin. Robotingiz bo’lishi ham shart emas. Simulyatsiya orqali ko‘p narsa qilish mumkin", - deydi u.
Dunyo bo’ylab muhandislar dasturni yaxshilash ustida ish olib borar ekan, robotlarning aqliy salohiyati yanada oshishi aniq.