Hozirgi zamonga kelib jonivorlarning qanday uchishi, o’rmalashi, suzishi-yu har qanday harakatini tubdan o’rganish imkoni bor. Ixtirochilar tabiatning harakatlanish mexanizmini yaqindan kuzatarkan, jonivorlarga taqlid qilib yangi robotlar yaratmoqda.
Dengiz mollyuskalari tez suzadi, harakatchan bo’ladi. Ixtirochilar Viloks robotini dengiz jonivorlariga taqlid qilib yaratdi. Bunday robotlar mollyuskalar kabi tez harakatlanmasa-da, dengiz jonivorlari qilolmaydigan ishlarning uddasidan chiqadi.
“Bunday robotlarning o’ziga xosligi shundaki, nafaqat suvda, balki quruqlikda ham harakatlanadi. Hilpirab turuvchi suzgichlar suvda, qorda, qumda va muzda ham bemalol yuradi. Bu ham suv ostida, ham suv yuzasida, ham quruqlikda harakatlana oladigan birinchi robot”, - deydi Viloks ixtirochilaridan Benjamin Petro Filardo.
Viloks suvdan quruqlikka o’tganda qanotchalar harakati o’zgaradi.
“Yerda yurganda suzgichlar pastga tushadi va sekinroq to’lqinlanadi. Suzganda boshqa tezlik, qumda esa boshqa bir tezlikda harakatlanadi”, - deydi Filardo.
Ixtirochilarning aytishicha, maqsad dengiz mollyuskalari nusxasini yaratish emas, balki fizika va gidrodinamika qonunlari ishga solinganda, shunday tizim paydo bo’lgan. Uning g’ildirak yoki parraklardan afzal jihatlari bor.
“Parrakli mexanizmdan hilpirab turadigan qanotchalarning eng katta afzalliklaridan biri shundaki, u chigallashib, o’ralashib qolmaydi. Suvdagi chiqindi orasidan ham silliq o’tib ketadi. Balchiqda, hatto og’ir va yopishqoq moyda ham yaxshi harakatlanadi. Bunday robotlar, ayniqsa, neft quvurlarini tekshirishda qo’l keladi. Parrakli mexanizm aynan shu joyda oqsaydi”, - deydi Filardo.
Hozircha Veloks robotlarini inson boshqarish kerak. Ixtirochilar uni butunlay avtomatlashtirish hamda suvosti suzish kostyumlari va qayiqlariga ham joriy qilish yo’llari ustida ishlamoqda.
Facebook Forum