Breaking News

Tabiatparvarlar: Chegarada devor ekologik muvozanatni buzadi


Rio Grande vodiysi Texas shtatida joylashgan bo’lib, Meksika bilan tutashgan. Tabiati go’zal, yovvoyi hayvonlar ko’p. Dunyoning bu qismida hamma narsa qo’shni mamlakatga yetaklayotgandek.

Bu vodiy - leopardlar makoni. Har jihatdan Amerika va Meksikani bog’laydi. Prezident Tramp qurishni rejalagan devor yovvoyi olamga xavf soladi, deydi tabiatparvarlar.

“Leopardlar masalan, chegara tanlamaydi. Ularning bir qismi bu tomonda, qolgani esa Meksikada. Shundoq ham kamayib ketayotgan bu hayvon umuman yo’qolishi mumkin. Jonivorlarni bir-biridan ayira olmaysiz, tabiat bu”, - deydi Alexandro Fiyerro, ekolog.

10 yil oldin, Jorj Bush prezidentligi davrida chegarada qo’ralar o’rnatilganida ham tabiat va hayvonot olami qattiq zarar ko’rgan, deydi mutaxassislar. Jonivorlar nobud bo’lgan. Ekologik ta’sirni o’lchamay, uni hisobga olmay, siyosiy qarorlar qilmaslik kerak, deya maslahat bermoqda ekspertlar. Vaziyat hammaga ayon.

“Devor qurib, butun ekologik muvozanatni buzishingiz tayin, ayniqsa agar sement devor ko’tarsangiz. Qushlar, mayli, uchib o’taveradi. Yuradigan hayvonlar esa turdoshlaridan ayriladi. Devorni faqat odamlar uchun o’rnatmayapsiz, buni unutmang”, - deydi Skott Nikol, tabiat muhofazasi bilan mashg’ul tashkilot rahbari.

Rio Grande tabiat zonasida o’nlab noyob hayvonlar yashaydi, jumladan 19 xili yaqin kelajakda deyarli yo’q bo’lib ketish xavfi ostida. Ular uchun erkin muhit kerak.

Sel va toshqinlar bu yerda mavsumiy holat. Har safar jonivorlar nobud bo’ladi. To’fon va tropic dovullar kelganida ularni himoya qiladigan vositalar yo’q.

“Oldinlari ular uchun maydon kengroq edi, qochishga ulgurar edi. Quruqlik tomon intilar edi, masalan Meksikaga. Bugun esa ular harakat qiladigan hudud toraygan. Tabiat zonasi va uning atrofida inshootlar, cheklovlar, qo’ra va odamlar ko’p keladigan markazlar ko’p. Bu degani jonivorlar ulardan uzoqlashib, noqulay joylarda tiqilib qolgan. Chorasiz mavjudotlar, deyman ularni”, - deydi Nikol.

Trampning rejasiga ko’ra, butun chegara sement devor bilan to’siladi. Prezident shu paytgacha yovvoyi olam haqida gapirmagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG