AQShda oilaviy boylik kamaygan

  • Amerika Ovozi

Qo'shma Shtatlarda o'tgan ikki yilda oilaviy boylik eng past nuqtaga tushgan. Federal zaxira, markaziy bank, mamlakat iqtisodi susaymoqda va bu jarayon davom etadi, deya ogohlantiryapti

Aksiya bozoridagi tushish, deydi federal zaxira rasmiylari, asosiy sabablardan biri. Buning natijasida uy-joy narxi oshgan.

Qimmatbaho qog'ozlar bozorida bu chorakda 3 trillion dollar zarar ko'rilgan.

Ko'chmas mulk bahosi esa 1,7 trillion dollarga ko'tarilgan.

O'tgan yili shu paytda Amerikada oilaviy boylik jami 149,8 trillion dollarni tashkil qilgan. Hozirda esa bu ko'rsatkish 149,3 trillon dollar.

Hukumat taxminicha, daromad ayni damdagi susayish ta'sirida u qadar pasaymaydi, biroq inflyatsiya 83,-8,5 foiz orasida ekan, yaqin orada sezilarli siljishlar kutilmayapti.

Inflyatsiya o'tgan 40 yilda bu qadar baland bo'lmagan. Uni jilovlash uchun markaziy bank foiz stavkalarini oshirmoqda.

Buni ham ko'ring XVF: O'zbekistonda iqtisodiy o'sish sustlashgan, lekin islohotlar to'xtamasin

Joriy yilda oziq-ovqat va yonilg'i bahosi 5-6 foizga oshgan.

Ijara bahosi bu yil 5 foizga ko'tarilgan.

Aksiya bozori joylashgan Uoll-Stritda va qator yirik banklaridagi mutaxassislar kelasi ikki yilda AQSh iqtisodiy inqiroz bilan yuzlashadi deya taxmin qilmoqda, biroq markaziy bank ekspertlari bu ehtimolni jiddiy deb hisoblamaydi.

Moliya vaziri Janet Yellen va Federal zaxira rahbari Jerom Pauell Kongressga hisobotlarida inflyatsiyani nazorat qilish, uni imkon qadar tushirishni eng asosiy vazifa deb tasvirlagan.

Bayden ma'muriyatiga ko'ra, bugungi mashaqqatlar xalqaro maydondagi mojarolar, xususan Rossiyaning Ukrainadagi urushi bilan bog'liq.

Ishsizlik AQShda hozir 3,6 foiz. Ekspertlar bu ko'rsatkichni normal deb hisoblaydi. Sonda hisoblaganda, bu aholining 6 millionini tashkil etadi. Amerika aholisi ayni damda qariyb 333 million.

Hukumatga ko'ra, 2022-yil boshida Amerikada kishi boshiga o'rtacha yillik daromad 63 ming dollar bo'lgan. O'rtacha yillik maosh 67 ming dollar. O'rtacha oilaviy daromad esa 88 ming dollar.