Markaziy Osiyoga safar boshlagan Rossiya rahbari Vladimir Putin Ukraina urushi atrofida harbiy ittifoqchilarni to’plamoqchi.
28-iyuni kuni Dushanbega kelgan Putin Prezident Emomali Rahmon bilan tor doiradagi uchrashuv o’tkazgan. 29-iyun kuni Putin Turkmanistonga o’tib, Kaspiy davlatlari sammitida qatnashadi.
Bu uchrashuvlarda Ukrainadagi urush alohida muhokama qilinganiga doir ma’lumotlar yo’q.
Ammo sharhlovchilar nazarida Rossiya prezidenti safaridan asosiy maqsad shu - harbiy hamkorlik va sanksiyalarni aylanib o’tishga ko’mak beruvchi iqtisodiy itfifoqchilar topish.
Tojikiston hukumatiga ko'ra, Putin va Rahmon tor doirada, yuzma-yuz muzokara o’tkazgan. Afg’oniston bilan bog’liq vaziyat, chegara xavfsizligi, ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlik muhokama qilingan.
Buni ham ko'ring Lukashenko: KXShT G'arbga qarshi birlashishi kerakRossiya hukumatiga ko'ra, muzokaralarda harbiy-texnik hamkorlik, mehnat muhojirlari, Tojikistonning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo’shilishi masalasi ko'rib chiqilgan.
Ukrainadagi urush haqida so'z ketgani borasida gap yo'q.
Ammo Londondagi Markaziy Osiyo instituti tadqiqotchisi Alisher Ilhomov tahlilicha, muzokaralar markazida Ukrainadagi urush turgani shubhasiz.
Tadqiqotchi Rossiyaning Tojikistondagi harbiy qismini Ukrainadagi urushga jalb qilish bo’yicha muloqot borayotganini ehtimoldan soqit qilmaydi.
“Tojikistonda Rossiyaning eng yirik harbiy bazasi joylashgan. Unda xizmat qilayotgan askarlarning ko’pchiligi tojiklar. Rossiyaning Ukraina urushidagi zaxirasi esa tugab boryapti. Bu bazadagi harbiylarni ayrim qismini urushga jalb qilish ko’zda tutilmoqda. Ularning ko’pchiligi tojikistonliklar ekanligi alohida muzokara talab etadi. Bundan tashqari Tojikiston Kollektiv xavfsizlik shartnomasiga kiradi. Avvalroq bu harbiy ittifoq doirasidagi sammitda tomonlar Rossiya harakatlarini qo’llash bo’yicha bir to’xtamga kelishmagan edi. Shundan kelib chiqib, Rossiya harbiy ittifoq a’zolari bilan alohida-alohida ishlashni lozim topayotgan bo’lishi mumkin. Qolaversa, bu yerda harbiy texnika masalasi ham bor, Tojikiston Rossiya harbiy texnikasiga asoslangan davlat, bu texnikani ko’mak sifatida Ukrainadagi urushga yetkazish ko’rib chiqiladi, chunki Rossiya urushda jiddiy talafotlar bermoqda ”, - deydi Alisher Ilhomov.
Buni ham ko'ring Iqtisodi Rossiyaga tobe Markaziy Osiyo unga qarshi sanksiyalar ta'siri ostidaRossiya yetakchiligidagi harbiy ittifoq - Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT) a’zolarining aksariyati, jumladan Tojikiston ham Ukrainadagi urushga nisbatan rasman betaraf.
Rossiya KXShT kuchlari Ukrainadagi urushga safarbar etilmaydi deb chiqqan.
Alisher Ilhomov deydiki, Putinning Tojikiston va Turkmanistondagi muzokaralarida sanksiyalar ta’sirini yumshatishi mumkin bo’lgan hamkorlar hamda Rossiyaning Ukrainaga agressiyasini oqlashi mumkin bo’lgan ittifoqchilar topishga qaratiladi.
“Kaspiy davlatiga kiruvchi beshlik doirasida muzokara o’tkazadi. Bundagi maqsad ham og’ir vaziyatda qolgan Rossiya iqtisodi uchun aylanma yo’llar, urushni oqlashi mumkin bo’lgan ittifoqchilar topish. Sanksiyalarni aylanib o’tishga esa mintaqa davlatlari haqiqatda ko’mak berishi mumkin, buning uchun Rossiya korxonalari Tojikistonga yoki boshqa bir mamlakatga ko’chiriladi, yangi yuridik maqomda ish boshlaydi. Xullas, Rossiya izolyatsiyada, bundan chiqishga urinmoqda, shu maqsadda Markaziy Osiyo davlatlaridan foydalanmoqchi”, - deydi Ilhomov.
Rossiya shu yilning fevral oyida Ukrainaga nisbatan urush boshladi. Bu urush ortidan AQSh va Yevropa Ittifoqi Rossiyaga nisbatan keskin sanksiyalar joriy etdi.
Putinning Tojikiston va Turkmanistonga tashrifi - urush va sanksiyalar ortidan amalga oshirilayotgan birinchi xorijiy safar.