Qoraqalpog'iston ma'muriy markazi Nukusdan kelayotgan norasmiy ma'lumotlarga ko'ra, 1-iyul kuni shaharda ommaviy norozilik chiqishlari ketidan boshlangan maxsus xavfsizlik operatsiyalarida bir necha kishi hibsga olingan. Ayrim manbalar hatto o'lganlar borligini da'vo qiladi. Biroq birortasi tasdiqlanmagan. Rasmiy bayonotlarda hukumat ushlanganlar borligini qayd etadi xolos.
Qoraqalpog'istonda axborot va internet cheklangani kuzatiladi. "Amerika Ovozi" bilan so'zlashgan qoraqalpoqlar davlat telakanallarida ko'ngilochar dasturlar berilayotgani, Nukusdagi voqealar yoki konstitutsion o'zgarishlarlarga nisbatan munosabat borasida biror informatsiya yoki muhokama yo'qligini aytadi.
2-iyul kuni Qoraqalpog'iston rahbariyari, jumladan respublika Jo‘qorg‘i Kengesi, Vazirlar Kengashi va Ichki ishlar vazirligi qo'shma bayonot chiqarib, o'z pozitsiyasini bildirdi.
Unga ko'ra, Nukusdagi namoyishlar noqonuniy harakatlardir, chiqqanlar esa jinoyatchilar. Bu guruh, deyiladi bayonotda, davlat boshqaruv organlarini egallashga uringan.
Buni ham ko'ring IIV: Qoraqapog'istonda noqonuniy chiqishlar to'xtatilib, tartib tiklandi"Populistik shiorlarni niqob qilib olib, fuqarolarning ongi va ishonchini manipulyatsiya qilib, tartibsizliklar tashkilotchilari hokimiyat vakillarining qonuniy talablariga bo‘ysunmay, respublika fuqarolarini Qoraqalpog‘iston Respublikasining ma’muriy binolari oldidagi maydonga yig‘dilar.
Ig‘vogarlar yig‘ilgan fuqarolarga tayangan holda ushbu davlat muassasalarini egallab olishga va shu orqali jamiyatda ixtilof keltirib chiqarish, O‘zbekistondagi ijtimoiy-siyosiy vaziyat barqarorligini izdan chiqarishga urindilar."
Telegramda chiqqan videolarda Jo‘qorg‘i Kenges binosi oldida tutun chiqayotgani, majmua oldida katta sonda odamlar to'planib, hayqirayotgani ko'rinadi. Tasvirlar 1-iyul kechqurun olingani da'vo qilinadi.
Rahbariyatning tasdiqlashicha, xavfsizlik organlari qat’iy choralar ko'rgan va mitinglarga chek qo‘ygan.
"Shuni ishonch bilan aytamizki, davlatimiz vaziyatni yanada beqarorlashtirilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun barcha zarur salohiyatga ega. Ommaviy tartibsizliklar tashkilotchilarining bir guruhi hamda huquqni muhofaza etuvchi organlarga faol qarshilik ko‘rsatgan shaxslar qo‘lga olingan. Hozirda ularga nisbatan tergov-surishtiruv harakatlari olib borilmoqda. Barcha ig‘vogarlarning shaxsi aniqlanadi va ular amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortilishi ta’minlanadi".
Biroq hukumat qancha odam hibsda ekani, kimga qanday zarar yetkazilgani, idoralar va bizneslar mitinglar paytida biror xurujga uchrab-uchramagani haqida ma'lumot bermaydi.
Qoraqalpoq ma'muriyati nazarida voqealar ortida xorijdagi elementlar turibdi.
"Respublikadan tashqaridagi nosog‘lom kuchlarning Qoraqalpog‘istondagi vaziyat rivojiga, shu jumladan aniq yo‘naltirilgan axborot xurujlari va ro‘y berayotgan voqealarni qasddan buzib ko‘rsatish orqali ta’sir qilishga urinishlari qayd etilmoqda.
Yuzaga kelgan vaziyatda jamoat xavfsizligi va barqarorligini ta’minlashda, fuqarolarni g‘ayriqonuniy xatti-harakatlardan ogohlantirib, yuzaga kelgan masalalarni qonun doirasida hal qilishda birgalikda sa’y-harakat qilishga chaqiramiz", - deyiladi bayonotda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari, Konstitutsiyaviy islohotlar komissiyasi matbuot kotibi Odiljon Tojiyev Nukusdagi namoyishlarni populistlarning provokatsion harakatlari deya izohladi.
Tojiyevning aytishicha, Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari vaziyatni diqqat bilan kuzatib, ijtimoiy tarmoqlarda yangrayotgan mulohaza va fikrlarni tahlil qilib boryapti.
"Ta’kidlaymizki, Konstitutsiyaviy komissiya tomonidan taqdim qilingan qonun loyihasi oxir-oqibat O‘zbekiston xalqining, jumladan, qoraqalpoqlarning ham orzu-intilishlari ifodasi bo‘ladi. Ommaviy tartibsizlik keltirib chiqarishga uringan ig‘vogarlar qoraqalpoq xalqining umumiy fikrini ifoda qilmaydi", - deya bayon qildi Tojiyev o'z Telegram kanalida.
"Hujjat tor doirada muhokama qilinmayapti, umumxalq muhokamasi o‘tkazilayapti. Shu omilning o‘ziyoq davlatning ochiqlik siyosati, har bir ishda xalq fikri bilan hisoblashishini ko‘rsatadi", - deydi deputat.
"Demokratiya va oshkoralikni ommaviy tartibsizlikka aylantirish qanday oqibatlarga olib kelganiga hozir o‘nlab misollab keltirishim mumkin. Lekin, shusiz ham hammasini his qilib turibsiz, deb o‘ylayman".
Tojiyev deydiki, "xalq fikrini ifoda qiladigan minbarlar, muhokama maydonlari – provakatorlarning resurslari emas".
O'zbekiston bosh qomusining Qoraqalpog'iston maqomi bilan bog'liq qismlari qanchalik o'zgarishi mumkinligi va loyihada norozilikka sabab bo'layotgan moddalar xususida Tojiyev bugungi bayonotida biror narsa demadi.
Amaldagi konstitutsiyaning 70-75 moddalarining aksariyati yangilanishi kutilmoqda. Namoyishlarda yangraganidek va ijtimoiy tarmoqlarda tinimsiz ko'tarilayotganidek, ko'plab qoraqalpoqlarning xavotiri shuki, Qoraqalpog'iston avtonomiya sifatida huquq va erkinliklaridan ayrilib, viloyat darajasiga tushib qolishi mumkin.
Tuzatishlarning tarafdorlari nazarida esa aslida yangi konstitutsiya Qoraqalpog'istonga ko'proq vakolat beradi, shuningdek, uning taraqqiy etishida markaziy hukumatga ko'proq mas'uliyat yuklaydi.
Toshkentdan siyosiy fanlar doktori Sayfiddin Jurayev yozishicha, konstitutsiya yangilanishi bilan Qoraqalpog‘iston uchun hech narsa o‘zgarmaydi.
"Qoraqalpog‘istonning o‘zining parlamenti – Jo‘qorg‘i Kengesi saqlanib qolmoqda, respublika maqomi o‘zgarmayapti, o‘z hududi, Vazirlar kengashi, tili, davlat gerbi, bayrog‘i, Konstitutsiyasi, parlamenti va boshqa vakolatlari saqlanib qolmoqda... Qoraqalpog‘istonning biror-bir huquqi yoki imkoniyatlari amalda cheklanmayapti".
Norozi qoraqalpoqlar fikricha esa Toshkent ularning dardini eshitmayapti, aksincha, organlar ularning ovozini o'chirishga urinmoqda.
Hozirda Qozog'iston-O'zbekiston chegarasining Qoraqalpog'istondagi o'tish punktlari yopilgan.
Ikki millionga yaqin aholiga ega Qoraqalpog'iston 16 tuman va poytaxt shahardan iborat.
Jo‘qorg‘i Kenges internet sahifasida tasvirlashicha, Qoraqalpog‘iston - O‘zbekiston tarkibidagi parlament boshqaruv shakliga ega bo‘lgan suveren respublika. Qoraqalpog‘iston o‘z konstitutsiyasi, bayrog‘i, gerbi va madhiyasiga ega. Qoraqalpog‘istonning konstitutsiyasi va qonunlari O‘zbekiston konstitutsiyasi va qonunlariga muvofiq ishlab chiqilgan va shu asosda amal qiladi. Respublika rahbari Jo‘qorg‘i Kenges raisidir.
Respublikaning oliy ijroiya hokimiyati Jo‘qorg‘i Kenges tomonidan tasdiqlangan Vazirlar Kengashidir. Bu kengash raisi O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining tarkibiga kiradi. Toshkentda Vazirlar Mahkamasi huzurida Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashining doimiy vakolatxonasi bor.
Ozbekiston konstitutsiyasining yangi ko'rinishida Qoraqalpog'iston suveren degan jumla yo'q. Mana shu o'zgartirish Nukusda va boshqa joylarda omma orasida keskin qarshilik uyg'otgan.
Telegramda Qoraqalpog'iston yangiliklarini yoritib tanilgan Makan.uz kanali 1-iyuldan beri yangilanmagan. Bu ham axborot oqimi cheklanganiga misol, deydi qoraqalpoqlar.