Kelasi hafta AQSh Prezidenti Jo Bayden Saudiya Arabistoni, Isroil va G’arbiy Sohilga tashrif buyurar ekan, Riyodni Isroil bilan diplomatik aloqalarni normallashtirishga undashi kutilmoqda. Bu harakat Tramp davrida Yaqin Sharqda tinchlik o’rnatish maqsadida boshlangan Ibrohim kelishuvlarining davomi bo’ladi.
“Isroil, Marokash, Bahrayn, Birlashgan Arab Amirliklari va Misr tashqi ishlar vazirlari Isroilda birga turibdi. Bir necha yil oldin bunday uchrashuvni tasavvur ham qilib bo’lmas edi”, - deydi AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken.
2020-yil Ibrohim kelishuvlari doirasida Bahrayn, Birlashgan Arab Amirliklari, Marokash va Sudan Isroil bilan diplomatik aloqalarni tikladi. Bu sobiq prezident Donald Trampning tashqi siyosatda erishgan eng katta yutug’i sifatida ko’riladi.
“Bir necha o’n yillik bo’linish va nizolar ortidan yangi Yaqin Sharqqa asos solyapmiz”, - degan edi Tramp.
Buni ham ko'ring Bayden Yaqin Sharqqa nega bormoqchi?So’nggi kelishuvlardan oldin Falastin davlati barpo etilmaguncha arab-Isroil tinchligini tasavvur qilishning o’zi imkonsiz ko’rinar edi.
Ammo Eronga nisbatan xavotirlar bu davlatlarning qarashlarini o’zgartirdi.
Bayden Falastin Prezidenti Mahmud Abbos bilan uchrashuvda ikki davlatchilik yechimini qo’llab-quvvatlashini izhor qiladi. Ayni paytda u arab-Isroil tinchlik muzokaralari davom etishini istaydi.
“Bu mintaqa uchun yaxshi deb o’ylaymiz. Bu barcha tomonlarning, xususan, AQShning ham xavfsizligi uchun yaxshi”, - deydi AQSh Milliy Xavfsizlik kengashi so’zlovchisi Jon Kirbi.
Falastin masalasi Saudiya qiroli Salom uchun muhim, ammo uning o’g’li valiahd Muhammad bin Salmon boshqacha fikrda.
Buni ham ko'ring AQSh Isroil va Falastinni ziddiyatlardan tiyilishga chaqirdi“Bahorda Saudiya valiahd shahzodasi Isroilni ehtimoliy ittifoqchi sifatida ko’rishini va aloqalar normallashishi yuz berishini aytgan edi”, - deydi Tashqi aloqalar kengashi eksperti Stiven Kuk.
Tramp 2017-yil Riyoddan Tel-Avivga safar qilishi ortidan saudiylar Baydenning ham Tel-Avivdan to’g’ri Jiddaga uchishiga ruxsat bermoqda. Bu ham Isroil bilan aloqalar yaxshilanayotganining bir belgisi sifatida ko’rilmoqda.
“Tobora ochiq va yuqori darajada o’tmoqda. Isroil avtomatik ravishda yomon emas, degan fikrga Saudiya jamoatchiligini tayyorlashmoqda”, - deydi ekspert Kristian Ulrichsen.
Haj ziyoratchilari uchun Tel-Avivdan to’gridan to’g’ri reyslar yo’lga qo’yilishi ehtimoli yo’q emas. Kuzatuvchilar fikricha, Saudiya qirolligi tomonidan Isroilning tan olinishi musulmon dunyosida katta aks-sado beradi.