Oq uy Baydenning Yaqin Sharq safaridan nima kutmoqda?

  • Amerika Ovozi

Prezident Jo Bayden Isroil Prezidenti Isaak Gerzog va Bosh vaziri Yair Lapid bilan, Tel Aviv, 13-iyul, 2022

Oq uyda Milliy xavfsizlik kengashi koordinatori Jon Kirbi deydiki, Prezident Jo Bayden Yaqin Sharq safariga ulkan maqsadlar va umidlar bog'lagan. "Amerika Ovozi" bilan suhbatlashar ekan, Kirbi Isroil-Falastin ixtilofiga barham berish Amerikaning azaliy orzusi ekanini eslatdi.

"Isroil bilan mudofaa bo'yicha hamkorlikni mustahkamlaymiz. Shu bilan birga, Prezident Bayden Falastin rahbari Mahmud Abbos bilan muloqot qilib, yonma-yon tinch yashaydigan ikki davlat, Isroil va Falastinni ko'rishni xohlashimizni eslatadi. Biz bu borada yordamlashishga hamisha hozirmiz", - deydi Kirbi.

Bayden Saudiya Arabistoniga ham boradi. Qirollik bilan asosan ikki tomonlama aloqalar muhokama qilinadi.

"80 yillik sherikmiz. Saudiya Arabistoni bizni havoda va yerda quvvatlab keladigan davlat. "Islomiy davlat"ga qarshi harakatlarimizda, Fors ko'rfazida Eron buzg'unchiligiga qarshi chora ko'rishda qirollik biz bilan yakdil va hamnafas. Saudiya Arabistoni - strategik sherigimiz. Kontrterrorizm borasida gaplashamiz. Erondan keladigan tahdid va Yamandagi urush ham muhokamada", - deydi Kirbi.

10-mart, 2010: Falastin rahbari Mahmud Abbos o'sha paytda AQSh Vitse-prezidenti Jo Bayden bilan

Yamandagi mojaro sulh bilan to'xtagan, ammo yangilanish ehtimoli baland. Rasmiyga ko'ra, AQSh tinchlikni ta'minlash uchun ko'maklashadi.

Bayden Fors ko'rfazi hamkorlik kengashiga a'zo to'qqiz davlat rahbari bilan ham muzokara olib boradi. Terrorga qarshi kurash, xavfsizlik, savdo va sarmoya, energetika, oziq-ovqat ta'minoti va iqlimdagi salbiy o'zgarishlar - asosiy mavzular.

Bayden Isroildan uni tan olmaydigan Saudiya Arabistoniga uchishining o'zi Oq uy nazarida katta yangilik. Amerika, deydi Kirbi, ikki davlat orasidagi aloqalar normallashishini istaydi. "Biroq biz xohlaganimizdek iliq rishtalar yo'lga qo'yilishi uchun ancha vaqt kerak", - deydi rasmiy.

Prezident Bayden Isroil uchun arab qo'shnilar bilan til topishish zaruratini eslatib keladi. Biroq ko'plab siyosiy tahlilchilar nazarida mustaqil Falastin davlati vujudga kelmas ekan, Isroilga nafrat pasaymaydi.

Jon Kirbi, Oq uyda Milliy xavfsizlik kengashi koordinatori

Kirbi deydiki, Falastin davlatga aylanishi uchun oldin tomonlar bir-biri bilan normal muloqotda bo'lishi kerak. Atrofdagi arab davlatlar bu jarayonda yordamlashishi zarur, deydi u.

Bayden ma'muriyati Isroil va Fors ko'rfazi davlatlarini raketaga qarshi mudofaa tizimlarini integratsiya qilishga undamoqda. Maqsad - Eronga qarshi birlashgan sistemani shakllantirish.

"Hozirda AQSh u yerda shunday tizmlarga ega, chunki harbiylarimiz joylashgan. Biz hamkorlarimiz ham o'zini shu tarzda himoya qila olishini istaymiz. Integratsiyalashgan havo mudofaasi - eng effektiv chora", - deydi Kirbi.

Davlatlar bu taklifga qanday javob berayotgani mavhum, biroq Prezident Bayden bu borada so'z ochishi kutilmoqda.

Kirbining "Amerika Ovozi"ga tushuntirishicha, Eronni atom quroliga ega davlatga aylanishini to'xtatishning eng ma'qul yo'li diplomatiyadir.

"Biz o'z taklifimizni berdik. Eron qaror qabul qilishi kerak. Tehron qo'shimcha shartlar qo'yishga urinmoqda. Biz va sheriklarimizga ma'qul kelishuv allaqachon olg'a surilgan", - deydi rasmiy.

Bayden fikricha, "Eron yadroviy qurollansa, Yaqin Sharqdagi biror muammo hal bo'lmaydi".