O’zbekiston-Turkmaniston: Yangi prezidentlar, eski muammolar

Prezident Shavkat Mirziyoyev davlat tashrifi bilan O’zbekistonga kelgan Turkmaniston Prezidenti Sardor Berdimuhamedov bilan muzokaralar o’tkazdi.

Mart oyida otasi Qurbonguli Berdimuhammedov o’rniga prezidentlikka kelgan kichik Berdimuhamedov mintaqadagi eng yosh davlat rahbari hisoblanadi.

Bu uning O’zbekistonga dastlabki davlat tashrifi, bungacha esa Rossiyaga tashrif buyurgan edi. Shavkat Mirziyoyev ham hokimiyatga kelgach, dastlabki davlat tashrifini Turkmanistondan boshlagan edi.

O’sha paytdagi prezident Qurbonguli Berdimuhammedov bilan o’tkazilgan muzokaralar ortidan o’zbek-turkman aloqalarida yangi davr boshlangani, ikki xalqni qiynab kelgan muammolar tez fursatda bartaraf etilishi e’lon qilingan edi.

Bu orada, Qurbonguli Berdimuhammedov hokimiyatni o’g’li Sardorga topshirdi, Mirziyoyev ikkinchi muddatga prezidentlikka kirishdi. O’zbek-turkman aloqalaridagi yangi davrdan esa hamon darak yo’q.

Ehtimol shu sababdan Sardor Berdimuhamedovning O’zbekistonga safari turkman faollarida ortiqcha umid uyg’otmagan.

Turkman muxolifati faoli, yozuvchi Ak Velsaparga ko’ra, bu tashrifning diqqatli tomoni prezident almashgani, ikki xalqni qiynayotgan muammolar esa muammoligicha qolayotganidir.

“Safarning diqqatli tomoni - bu Sardor Berdimuhamedovning ilk tashrifidan biri ekanligi. Bungacha u faqat Moskvada bo’lib qaytgan edi. Ha, prezident o’zgardi, lekin muammolar emas. Nafaqat turkmanlarni, balki chegara hududida yashayotgan o’zbeklarni ham qiynab kelayotgan asosiy masala esa o’sha - ikki qardosh xalq bordi-keldisiga qo’yilgan to’siqlar. Bu haqda menga nafaqat turkmanlar, balki o’zbekistonliklar ham ko’p yozishadi. Uzoq yillardan buyon yechilmay kelayotgan bu muammoni Sardor Berdimuhamedov bartaraf qilishiga ishonch kam. Bu shunchaki rasmiyatchilik tashrifi. Albatta, ikki davlat o’rtasida siyosiy, iqtisodiy aloqalarni ushlab turish muhim. Ammo Sardor Berdimuhamedov hali siyosatchi emas, u shunchaki taxtni otasidan qabul qilib olgan navbatdagi diktator”, - deydi Velsapar.

Nafaqat turkmanlarni, balki chegara hududida yashayotgan o’zbeklarni ham qiynab kelayotgan asosiy masala esa o’sha - ikki qardosh xalq bordi-keldisiga qo’yilgan to’siqlar. Bu haqda menga nafaqat turkmanlar, balki o’zbekistonliklar ham ko’p yozishadi.

Toshkent tomonidan Turkmaniston prezidenti tashrifiga doir taqdim etilgan ma’lumotlarga ko’ra, Sardor Berdimuhamedov Ko’ksaroyda davlat tashrifiga muvofiq tantanali kutib olingan, u Mirziyoyev bilan tor doirada muzokaralar o’tkazgan.

“Biz uchun Turkmaniston – mintaqadagi ishonchli va muhim hamkor. Bizning keng ko‘lamli hamkorlikni yanada rivojlantirish borasidagi intilishimiz qat’iy, eng yaqin qo‘shnimiz bilan strategik sheriklik munosabatlarini har tomonlama mustahkamlash niyatidamiz”, - degan Mirziyoyev bu uchrashuvda.

O’zbekiston-Turkmaniston o’rtasidagi strategik sheriklik otasi va Shavkat Mirziyoyev xizmatlari evaziga tiklanganini ta’kidlagan Sardor Berdimuhamedov bu munosabatlarni yanada rivojlantirishga va’da bergan.

Prezidentlarning tor doiradagi uchrashuvi ortidan kengaytirilgan tarkibdagi muzokaralar bo’lib o’tgan. Tomonlar turli sohalarda, jumladan “kimyo, avtomobilsozlik, elektrotexnika, to‘qimachilik va farmatsevtika, oziq-ovqat sanoati va qishloq xo‘jaligida kooperatsiyani kengaytirishga” kelishib olgan.

Bulardan tashqari, transport va energetika sohasida hamkorlik kengayadi. O’zbekiston Turkmanistondan energiya mahsulotlari xarid qilishdan manfaatdorlik bildirgan.

Turkmaniston prezidenti O’zbekiston bilan mavjud iqtisodiy hamkorlik kengayishiga ishonch bildirgan:

“Biznes doiralari o‘rtasidagi sheriklikni kengaytirish uchun jiddiy imkoniyatlar bor. Keyingi yillarda chegaradosh hududlar o‘rtasidagi aloqalar faollashdi. O‘zbekiston bilan hamkorlikni davom ettirish va kengaytirish niyatidamiz”.

Turkman faollari hamkorlik istiqbollariga bir qadar shubha bilan qarashadi, ayniqsa o’zaro savdo, biznes aloqalar rivojiga.

“Ikki xalq o’rtasidagi bordi-keldi ochilmas ekan, savdo aloqalari ham shunga yarasha qolaveradi. Umuman, Turkmanistondagi muhit erkin ishlashga, hamkorlikni rivojlantirishga imkoniyat bermaydi. Albatta, ikki o’rtada siyosiy, iqtisodiy hamkorlik mavjud, davom etyapti. Ammo siyosiy rejimlardan taqozo etuvchi aloqalardan rivojlanish kutish qiyin”, - deydi Ak Velsapar.

Shu yilning mart oyida o’tgan saylovlar g’olibi Sardor Berdimuhamedov - Turkmanistonning uchinchi prezidenti. Ikkinchi muddatini davom ettirayotgan Shavkat Mirziyoyev - mustaqil O’zbekiston tarixidagi ikkinchi prezident.

O’zbek-turkman aloqalaridagi qiyinchiliklar, jumladan, ikki xalqning erkin bordi-keldisi to’sib qo’yilgani, Turkmanistondagi milliondan oshiq o’zbeklar o’z ona tilida o’qishdan mahrumligi salkam 30 yilga cho‘zilayotgan muammolar sirasiga kiradi.