Prokuratura: Qoraqalpog'istonda 3 milliard so'mdan oshiq zarar ko'rilgan

  • Amerika Ovozi

Nukus ko'chalarida, 6-iyul, 2022

O'zbekiston Bosh prokuraturasiga ko'ra, Qoraqalpog‘istonda 1-2 iyul kunlaridagi ommaviy tartibsizliklar oqibatida fuqarolar va tadbirkorlarning mol-mulklari hamda davlat va ijtimoiy infratuzilma obyektlariga 3 milliard 147 million so‘mga teng zarar yetkazilgan. AQSh dollarining hozirgi kursida bu deyarli 274 ming dollar.

Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsuddinov Toshkentda o‘tgan brifingda deydiki, g'alayon yuz bergan joylarda mutaxassislar tekshiruv olib borib, 550 dan ortiq zararlangan ashyoni ro'yxatga olgan.

Rasmiylarning aytishicha, voqealarda jarohatlangan 274 fuqaroga tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Ulardan 16 nafari hamon kasalxonada. Uch nafari vafot etgan. Ular rasman qayd etilgan 18 marhum orasida.

Bosh prokuraturaga ko'ra, jabrlanganlarni aniqlash ishlari davom etmoqda. Jarohatlanganlardan 141 nafari huquq-tartibot idoralari xodimlari. Jabrlanuvchilar ro'yxatida ham sog‘lig‘i, ham mulkiga zarar yetganlar bor.

Buni ham ko'ring Oliy Majlis: Qoraqalpog'iston voqealarini "mustaqil komissiya" tekshiradi

Mutasaddilarning ta'kidlashicha, qonunni buzganlikda gumon qilinib, ushlangan fuqarolarning himoya huquqi advokat orqali "to‘liq ta’minlangan, ularning ushlanganligi va qamoqqa olinganligi hamda saqlanayotgan joyi haqida yaqin qarindoshlariga belgilangan tartibda xabar berilgan".

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog'iston xalqi quvvatlovisiz o'lkaga doir biror qonun o'zgarmaydi deb va'da bergan.

Qoraqalpog'istonda 3-iyuldan beri favqulodda holat hukmron. O'tgan kunlarda ayrim taqiqlar yumshatilgan va internet va mobil aloqa tiklana boshlagan.

Biroq mahalliy aholi hamon dunyodan uzilib qolgani haqida nolimoqda. Yaqinlari hibsda o'tirganlarning ayrimlari ular bilan bog'lana olmayotgani yoki aynan qayerda ekanidan bexabar ekanini aytadi. Boshqalaar qamoqdagi yaqinlarini kim himoya qilayotganini bilmaydi.

"Amerika Ovozi" bog'langan qoraqalpoqlar vaziyat haqida ochiq gapirishdan qo'rqishini bildiradi. Ular ishxonada, mahallada va hatto organlar tomonidan media va internetda o'ylab gapirish haqida ogohlantirilgan.

Hozirda Oliy Majlis a'zolari Ombudsman idorasi va nohukumat tashkilotlarning vakillaridan iborat komissiya Nukusda tekshiruv olib bormoqda.

Mirziyoyev ma'muriyati adolat, shaffoflik va barqarorlik ta'minlanadi, deya eslatib turibdi.