AQSh garovdagilarni ozod qilish bo'yicha qanday siyosat olib boryapti?

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Garovga olinganlarni ozod qilish bo’yicha muzokara olib borish diplomatiyadagi nozik sinovlardan biri hisoblanadi va bu masala AQSh hukumatining eng yuqori doiralarida hal qilinadi. Xorijda turli guruhlar tomonidan garovga yoki hibsga olingan amerikaliklarni ozod qilish bo’yicha AQSh qanday siyosat olib boradi?

60 dan ortiq amerikalik oila xorijda garovga olinganlarni ozod qilish bo’yicha faolroq bo’lishni talab qilib, Bayden ma’muriyatiga bosimni oshirmoqda. Ular orasida 10 yildan beri yaqinini qidirayotganlar bor.

Ostin Tays 2012-yil avgustda Suriyada bedarak yo’qolgan amerikalik jurnalist. U Suriya hukumati tomonidan hibsga olingani aytiladi.

“Suriya hukumatida uni ozod qilish vakolati bor, deb ishonamiz. Shu bois Suriya rejimini shunday qilishga undab kelmoqdamiz”, - deydi AQSh Davlat departamenti so’zlovchisi Ned Prays.

Buni ham ko'ring Myanma qamog'idan ozod etilgan amerikalik jurnalist vataniga qaytdi

Hibsdagilarni ozod qilish jarayoni nozik va murakkab masala bo’lib, hatto hukumatlar orasiga ixtilof solishi mumin. Shu yil boshida Bayden ma’muriyati 2019-yildan beri Rossiyada hibsda saqlangan Trevor Ridni ozod qilish ishiga bosh-qosh bo’ldi.

O’tgan oy amerikalik basketbol yulduzi Britni Grayner noqonuniy giyohvand modda saqlashda ayblanib, Rossiyada sudga tortilgach, AQSh rasmiylari garovdagilarni ozod qilish siyosatiga qo’shimcha tuzatishlar kiritdi. Endi amerikaliklarni garovda saqlayotgan rasmiylar va xususiy shaxslarga qarshi sanksiyalar qo’llanishi mumkin.

Taysni ozod qilish kampaniyasini boshlagan faollar bu o’zgarishlardan mamnun.

Kampaniya yetakchisining “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Taysni ozod qilish uchun 2020-yil Suriya hukumati mintaqadan AQSh askarlari sonini kamaytirish, sanksiyalarni yengillashtirish hamda Vashington va Damashq o’rtasida cheklangan diplomatik aloqalarni tiklashni talab qilgan.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot: o'g'irlab ketilgan amerikaliklar

“Endi qilinishi kerak bo’lgan ish – taklif berish. AQSh shunday qilishi kerak. Masala hozir shunga taqalgan”, - deydi Ostin Taysni ozod qilish aksiyasi rahbari Bil Makkeren.

Hukumat esa faollarni sabr qilishga chaqirmoqda.

Professor Filip Bobbit 1981-yil prezident Ronald Reygan ma’muriyatida ishlagan. U Eronda 444 kun hibsda saqlangan 52 nafar amerikalikning ozod qilinishiga guvoh bo’lgan.

“Prezident o’z muzokarachilariga ishonishi kerak. Agar u tahdidlarni oshirsa yoki ko’p yon bosib yuborsa, hatto muvaffaqiyat qozongan taqdirda ham kelajakdagi boshqa shunday vaziyatlarni AQSh uchun qiyinlashtiradi”, - deydi u.

Ammo oilalar uchun jarayon juda og’riqli. Dayan Foli sakkiz yil oldin buni shaxsan o’z tanasida his qilgan.

Uning o’g’li jurnalist Jeyms Foli Suriyada hukumatga sodiq jangarilar tomonidan o’g’irlab ketilgan edi. Biroz o’tib garovga olganlar dahshatli video e’lon qildi. Unda Folining boshi tanasidan judo qilingani aks etgan edi.

Foli o’g’lining o’g’irlanishi va o’ldirilishiga aloqador odamlardan birining sud ishida qatnashish uchun Virjiniya shtatiga borishga hozirlanmoqda.

Buni ham ko'ring AQSh Rossiyaga mahbus ayirboshlashni taklif etmoqda

“2015-yil garovdagilarni ozod qilish guruhi tuzildi, maxsus vakil tayinlandi. Jim hibsga olingan payt bu narsalar yo’q edi. Hozir kamida amerikaliklarni qaytarish uchun mas’ul odamlar bor. Hukumatning yuqori doiralarida bu masalaga e’tibor ancha kuchaygan”, - deydi Dayan Foli.

Makkerenga ko’ra, AQSh hukumati ham amerikaliklarni ozod qilish, ham javobgarlarni jazolash yo’lidan borishi kerak.

“Savol garovdagilarni yo ozod qilish yoki aybdorlarni jazolash haqida emas. Ikkalasini ham qilishingiz mumkin. AQSh siyosatidagi keskin pozitsiya bunga yo’l bermayapti”, - deydi u.

Yaqinlarini intizorlik bilan kutayotgan amerikalik oilalarning istagi esa bitta: ularni tezroq uyga qaytarish.