O’zbekiston atom energiyasidan voz kechmoqchimi?

Shamol turbinalari

O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Saudiya Arabistoniga safari jamoatchilik orasida, asosan, umra ziyorati sifatida taassurot qoldirdi.

Ziyorat va rasmiy muzokaralar bilan o’tgan bu safar yirik miqdordagi muhim shartnomalar bilan ham kuzatildi. Xususan, O’zbekistonda muqobil energetikani rivojlantirishga doir loyihalar imzolandi.

O’zbekiston va Saudiya Arabistoni o’rtasida shamol stansiyalari qurilishi bo’yicha imzolangan shartnoma nafaqat mintaqada, balki dunyodagi eng yirik loyiha sifatida taqdim etilmoqda.

Qoraqalpog’istonda qurilishi ko’zda tutilayotgan bu loyiha quvvati 1,5 GVt, qiymati 10 milliard dollardan oshiq. Quvvat jihatdan deyarli atom stansiyasiga teng.

Gidroenergetika bo’yicha mutaxassis, ekolog Yusup Kamolov asli qoraqalpog’istonlik. U Saudiya Arabistoni bilan imzolangan bitim ahamiyatini o’ta yuqori baholaydi:

“Bunday loyihaning O’zbekistonda ishga tushirilishi anchadan buyon orzu edi. Men o’zim shamol energiyasi bo’yicha tadqiqotlar o’tkazganman, turli davlatlarning tajribalarini o’rgandim. Bu loyiha amaliyoti uchun Qoraqalpog’iston tanlangani ham juda to’g’ri. Chunki bizda biror kun ham shamolsiz bo’lmaydi. Qolaversa, katta Ustyurt dashti bor, adoqsiz tekislik. Qoraqalpog’iston uchun ham juda ahamiyatli, 1,5 GVt bu katta quvvat. Bir tomondan gaz tejaladi, Qoraqalpog’iston, O’zbekistondagi sanoatga yo’naltiriladi. Xullas, men shaxsan juda quvondim shunday loyihaga erishilganiga”.

Your browser doesn’t support HTML5

Muqobil energiya: Aqlli shahar, O'zbekiston

1,5 GVt quvvatidagi stansiyani qurish ancha yirik maydon, shuningdek, shamol tegirmonlarining atrof muhitga ta’sirini ham jiddiy o’rganishni talab etadi.

“Orol va Amudaryoni himoya qilish” nodavlat tashkiloti rahbari Yusup Kamolov Orol bo’yidagi ekologik vaziyatni o’rganib keladi. Uning ta’kidlashicha, energiya ishlab chiqaruvchi har qanday inshootning atrof-muhitga ta’siri bor, ammo bu borada shamol va atom stansiyalarini qiyoslab bo’lmaydi.

“Albatta, atrof muhitga ma’lum ta’sirini ko’rsatadi, ya’ni qushlarga, hasharotlarga, chunki stansiyaning o’ziga yarasha shovqini bor. Yer ostiga ketadigan silkinish ham qurt-qumursqalarga ta’sirini ko’rsatadi. Stansiyadan chiqadigan shovqin masalasi ham bor, lekin so’nggi zamonaviy tegirmonlarda bu muammo bir qadar bartaraf qilingan. Men Germaniya, Gollandiyadagi shamol tegirmonlarini o’rgandim, hozirda shovqinni bosishi mumkin bo’lgan qurilmalar ishlab chiqilgan, 50-60 metr masofadan keyin shovqin eshitilmaydi. Xullas, ekologiyaga ta’siri juda past, ayniqsa, atom stansiyasi bilan keladigan xavf bilan solishtirganda”, - deydi Kamolov.

Your browser doesn’t support HTML5

Energetik muammolar uchun O'zbekistonda kim javobgar?

O’zbekiston shamol stansiyasiga doir bu loyihadan avval Rossiya bilan atom stansiyasi qurishga kelishgan edi. Jizzaxda atom stansiyasi uchun maydon tanlandi, qurilish ishlari ham boshlandi. Rejaga ko’ra, 2,4 GVt quvvatga ega atom stansiyasi 2028-yilda yakunlanishi kerak.

So’ngi paytda atom stansiyasi qurilishi muzlatilganiga doir xabarlar ham tarqaldi, ammo bu “Uzatom” agentligi tomonidan rad etildi.

Rossiya bilan atom stansiyasi qurilishiga doir kelishuv 2018-yilda imzolandi, hozircha stansiya qurilishi boshlanmagan. U 2023-yilga ko’chirilganiga doir ma’lumotlar ham bor.

Suv taqchil bo’lgan O’zbekistonda atom stansiyasini qurish rejasi, loyihaning to’liq Rossiya nazorati ostida bo’lishi jamoatchilikda ancha munozaralar ham qo’zg’adi.

Yusup Kamolovga ko’ra, texnogen falokatlardan xoli yirik shamol stansiyasi O’zbekiston rejalayotgan atom stansiyasiga muqobil bo’lishi mumkin.

Buni ham ko'ring O'zbekiston: Rossiya atom stansiya yuzasidan xavotir kuchli

“Albatta, atom stansiyasiga muqobil bo’ladi. Ayniqsa, Rossiya qurib berayotgan atom stansiyasi katta bir bosimga aylanishi mumkinligini ham nazarda tutsak. Rossiya moliyasi, texnologiyasi asosida quriladigan stansiya. Umuman, atom stansiyasi istiqbolining o’zi yaxshi emas. Qolaversa, turli falokatlardan xoli emas, mana hozir Ukrainadagi atom stansiyalari qanchalik tahdid vositasiga aylandi. Atom stansiyasi o’ta qimmat, yadroviy chiqindilar ham qo’shimcha muammo, buning uchun alohida zavod qurish kerak bo’ladi. Meningcha, O’zbekistonga bu to’g’ri kelmaydi. Bu loyiha avval ham targ’ib qilingan, Karimov bunga rozi bo’lmagan edi. Mirziyoyev ham shunday qilishi kerak, men ekologman, atom stansiyasi og’ir oqibatlarga olib kelishini yaxshi bilaman”, - deydi Kamolov.

O’zbekiston va Saudiya Arabistoni o’rtasida energetika sohasida tuzilgan bitim, loyihada ko’zda tutilgan 1,5 GVt quvvatidagi shamol stansiyalarini qurish so’ngi yillarda Qoraqalpog’istonga kiritilayotgan eng yirik sarmoyalardan biri sifatida ham ko’rinadi.