Uyg’urlar huquqining buzilishida sukutdagi turkiy davlatlar ham aybdormi?

Arxiv: Uyg'urlar huquqlari himoyasi uchun o'tkazilgan namoyish, Istanbul, Turkiya

Xitoyda uyg’urlarga nisbatan “insoniyatga qarshi jinoyat” sodir etilgan bo’lishi mumkinligi BMT darajasida tan olindi.

BMT Oliy komissari tomonidan e’lon qilingan yangi hisobot xalqaro miqyosdagi jiddiy ayblov. Ammo bu da’vo uyg’ur muammosiga ko’z yumib kelayotgan Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan, O’zbekiston munosabatida biror o’zgarish qilishi kutilmayapti.

Ayniqsa, O’zbekiston hukumati shu oy Shanxay hamkorlik sammiti doirasida Xitoy rahbarini Toshkentda kutib olishga hozirlanayotgani inobatga olinsa, ikki o’rtadagi aloqalar yangi bitimlar bilan boyishi ehtimoli katta.

O’zbekiston rasmiy Pekin siyosatini, jumladan, yagona Xitoy, Xitoyning separatizm, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash amaliyotini qo’llab, ShHT doirasida bu faoliyatda ishtirok etib kelayotgan davlatlardan.

Boshqa tomondan qaralsa, O’zbekiston Sharqiy Turkiston bilan uzviy bog’liq, Xitoy tasarrufida Shinjon muxtor respublikasi sifatida atalayotgan o’lka azaldan Turkistonning ajralmas qismi bo’lgan.

Tarixan, hatto sovetlar davrida ham o’zbeklar va uyg’urlar o’rtasidagi siyosiy, madaniy aloqalar bevosita bog’liqligi, muntazamligi kuzatib kelingan.

Taniqli o’zbek allomasi Alixonto’ra Sog’uniy uyg’ur ozodlik harakatiga, so’ngroq Xitoydagi turkiy xalqlarning so’ngi mustaqil davlati - Sharqiy Turkiston jumhuriyatiga yetakchilik qilgan.

Buni ham ko'ring Argentinada uyg'urlar ishi bo'yicha jinoiy ish ochilishi mumkin

Sovet ittifoqi qulab, O’zbekistonning mustaqillikka erishishi Sharqiy Turkiston bilan tarixiy aloqalar tiklanishiga turtki berishi kutilgan edi, ammo mustaqil davlat tanlagan siyosat bu umidlarni oqlamadi.

Markaziy Osiyo siyosiy ufqida boshqa bir qudrat – iqtisodiy imkoniyatlar, yirik sarmoyalar taqdim etuvchi Xitoy paydo bo’ldi.

Pekinning mintaqa davlatlariga qo’ygan asosiy hamkorlik sharti Sharqiy Turkiston, uyg’urlar muammosiga ko’z yumish, Xitoy siyosatini so’zsiz qo’llab-quvvatlashdan iborat ko’riladi.

O’zbekiston-Xitoy aloqalari, ayniqsa, Mirziyoyev davridagi munosabatlar jarayon haqiqatda shunday kechayotganidan darak beradi.

O’zbekiston Karimov davrida ham uyg’ur muammosiga ko’z yumib kelgan, ammo Xitoyning mamlakatdagi ishtiroki, xususan, iqtisodiy imkoniyatlari bir qadar cheklangan edi.

Mirziyoyev Xitoy biznesi uchun mamlakat eshiklarini keng ochdi, savdo iqtisodiy aloqalar shiddatli tarzda o’sdi; Toshkent Pekinning Tayvan va uyg’urlar bo’yicha siyosatini qo’lladi.

Xalqaro huquq tashkilotlari Xitoy mamlakatdagi milliondan oshiq uyg’urlar, shuningdek, boshqa turkiy xalqlar - qozoq, qirg’iz, o’zbeklarni qayta tarbiyalash lagerlarida saqlayotgani, ularga nisbatan turli tazyiq, bosimlar o’tkazilayotganini anchadan buyon ta’kidlab keladi.

Your browser doesn’t support HTML5

Vashington choyxonasi: Xitoyga qarshi uyg'urlar kurashidagi muvaffaqiyatlar

BMT Oliy komissari (Inson huquqlari bo’yicha Oliy komissar boshqarmasi) hisobotida uyg’urlarga nisbatan “insoniyatga qarshi jinoyat” sodir etilgani ehtimol qilinishi Pekinni Xitoydagi milliy ozchilik - uyg’urlar genotsidida ayblashga asos beruvchi jiddiy da’vo.

G’arb davlatlarining inson huquqlari masalasida Xitoyga nisbatan tanqidi keskinlashib bormoqda. Ammo bu hisobot tazyiq ostidagi uyg’urlarga qardosh Markaziy Osiyo davlatlari pozitsiyasida o’zgarish qilishiga ishonch kam.

Mustaqil jurnalist, huquq himoyachisi Yusuf Ro’zimurodovga ko’ra, BMT Oliy komissari bayonoti uyg’urlarga nisbatan ommaviy jinoyatdan darak beradi, ammo bu O’zbekiston yoki boshqa musulmon davlatlarining uyg’urlar himoyasiga chiqishini anglatmaydi.

“O’zbekiston, Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari ham uyg’urlar masalasida Xitoyni qo’llashda davom etadi. Mintaqada Xitoyning iqtisodiy qudrati, shunga yarasha bosimi ham oshib boryapti. Umuman, nafaqat turk davlatlari, musulmon dunyosining munosabati ham o’ta ayanchli. Avval BMTda uyg’urlar masalasida rezolyutsiya ovozga qo’yilgan, deyarli musulmon davlatlarining hammasi Xitoyni yoqlab ovoz berishgan edi. Vaholanki, Xitoyning uyg’urlarga nisbatan genotsidi, millionlab uyg’urlarni jazo lagerlarida saqlayotgani bugungi gap emas. Inson huquqlari tashkilotlari bu haqda xalqaro jamoatchilikni anchadan buyon ogohlantirib kelishadi. Ammo, afsuski, ko’plar bunga befarq. Ayniqsa, uyg’urlarning eng yaqin qardoshi turk davlatlaridagi sukut yanada ayanchli. Men Xitoyning uyg’urlarga nisbatan tazyiqi haddan oshishida, insoniyatga qarshi jinoyatga aylanishida bu borada sukut saqlayotgan turk davlatlari ham aybli deb hisoblayman. Tazyiqlar, uyg’urlarni jazo lagerlariga qamash, millat sifatida xo’rlash mintaqa davlatlarining shu sukuti soyasida avjga chiqdi”, - degan fikrda Yusuf Ro’zimurod.

Buni ham ko'ring Xitoyshunos olim: Pekinning Markaziy Osiyodagi roli va ta'sirini past baholamang

Xitoyning Shinjon-uyg’ur muxtoriyatida, Sharqiy Turkistonda rasmiy statistikaga ko’ra, 12 million, norasmiy ma’lumotlarga ko’ra esa, 20 milliondan oshiq uyg’urlar yashaydi.

Tarixda Uyg’ur hoqonligi, Qoshg’ar xonligi, so’ngi davrda Sharqiy Turkiston islom jumhuriyati ostida yashagan uyg’urlar o’tgan asrning 50-yillarida Xitoy nazoratiga o’tgan.

Xitoy tasarrufiga nisbatan Sharqiy Turkistonda kechgan ozodlik kurashiga bugun uyg’ur huquqlari toptalishiga sukutda qarab turgan O’zbekistonning atoqli siyosiy va diniy arboblaridan biri, yaxlit Turkiston tadqiqotchisi, yozuvchi Alixonto’ra Sog’uniy yetakchilik qilgan edi.