Rossiya armiyasi Ukrainadan siqib chiqarilar ekan, mintaqada yadro urushi boshlanishi mumkinmi, degan savol tez-tez o’rtaga tashlanmoqda.
Ukraina armiyasining muvaffaqiyati Moskvani taktik yadroviy qurollar ishlatishga undashi haqidagi qarashlar anchadan buyon bor. Xarkov viloyatining shiddatli tarzda ozod qilinishi ortidan bu xavf yana muhokama markaziga chiqdi; bu masala dunyo liderlari tomonidan ham tilga olinmoqda.
AQSh Prezidenti Jo Bayden Rossiyani yadro qurolini qo’llashni o’ylab ham ko’rmaslikka chaqirdi; shunday bo’lgan taqdirda oqibatlari Putin, uning safdoshlari uchun o’ta jiddiy bo’lishidan ogohlantirdi.
Urushning yadroviy ko’rinish olishi ehtimoli haqida Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ham to’xtalib o’tdi. Zelenskiy Rossiya urushda yadro qurolini qo’llashiga ishonmaydi, ammo ehtimoldan soqit ham qilmaydi. Uning ta’kidlashicha, yadro quroli bilan shantaj qilayotgan davlat bilan muzokaralar yuritish mumkin emas.
“Kechirasiz, bu davlat (Rossiya) nimadir qilishi mumkin deb qo’rqib o’tirish, shuning uchun u bilan biror kelishuvga borish – bu kutilgan natijaning eng yomoni. Bu uchinchi jahon urushining boshlanishi degani”, - deydi Zelenskiy “Reyters” agentligining yadroviy urush ehtimoli haqidagi savoliga javoban.
Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskovning aytishicha, Rossiya qachon, qanday sharoitda yadroviy qurol ishlatishi mamlakat mudofaasi haqidagi hujjatda ko’rsatilgan.
Bu hujjatga ko’ra, Rossiya davlatchiligi xavf ostida qolsa, Rossiya yadro qurollarini ishlatishi mumkin.
Avvalroq Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o’rinbosari Dmitriy Medvedev Rossiyani yadro qurollarini ishga solishga majburlovchi biror tahdid kuzatilmayotgani, bu Rossiyaga nisbatan mavjud tahdidlar miqyosi bilan bog’liq bo’lishini bildirgan edi.
Putinning Samarqanddagi izohi
Ukrainaning keng miqyosdagi qarshi hujumi Rossiya armiyasini og’ir vaziyatga qo’ygani va bu talafotlar miqyosi haqida Rossiya jamoatchiligiga ma’lumot berilmayapti. Kreml doirasidagi axborot vositalari asosan rus armiyasining muvaffaqiyatlari haqida xabarlar tarqatmoqda.
Ammo Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Samarqanddagi uchrashuvlari davomida Ukraina urushi Moskva kutganidan ko’ra uzoqqa cho’zilayotganini, Ukraina armiyasi qarshi hujumlar boshlaganini tan oldi.
Putin ShHT sammiti davomida Xitoy, Pokiston, Turkiya kabi davlatlar yetakchilari bilan ham ikki tomonlama uchrashuv o’tkazdi. Ukrainadagi urush masalasida Putining Hindiston rahbari Nerandra Modi bilan uchrashuvi alohida e’tiborni tortdi.
Modi Putinga hozir “urushlar davri” emasligini ochiq bildirdi, bu tanqiddan bir qadar o’ng’aysiz holga tushgan Putin Ukrainadagi urush bo’yicha xavotirlarni tushunishi, vaziyat tezda hal bo’lmagani, Moskva muzokaraga tayyorligi, ammo Kiyev buni istamayotgani, masalani jang maydonida hal qilishga intilayotgani haqida gapirdi.
Buni ham ko'ring Berns: Ukraina urushi Putinning eng katta xatosi bo’lishi mumkinPutin Samarqandda bergan matbuot anjumanida Ukraina armiyasini qarshi hujumlarini ham izohlab o’tdi. Uning ta’kidlashicha, Rossiya Donbassni ozod qilish bo’yicha harakatlarini davom ettirmoqda, shu bilan bir qatorda Ukraina tomoni ham qarshi hujumlarning faol bosqichni e’lon qildi. “Ko’ramiz, bu hujumlar nima bilan yakunlanadi”, dedi Putin.
ShHTning yangi a’zosi Eron dronlari Ukraina frontida
ShHT sammiti davomida Rossiya prezidenti Ukrainadagi urushini oqlovchi ochiq bayonotlarga erishmagan bo’lsa-da, Rossiyani bu borada nafaqat qo’llayotgan, balki harbiy yordam ko’rsatayotgan davlatlar bor.
Bu Samarqandda Shanxay hamkorlik tashkiloti a’zoligiga qabul qilingan Eron. Rossiya armiyasi Ukraina frontida ishlata boshlagan dastlabki xorij harbiy texnikasi Eronga tegishli dronlar bo’ldi.
“Shahed” nomi bilan mashhur bu dronlarning yaqinda ozod qilingan Xarkov viloyati bo’ylab ishlatilishi Ukarina armiyasi uchun muammolar tug’dira boshlagani xabar qilinmoqda.
Eron ham sanksiyalar ostidagi davlat, ammo bu cheklovlarga qaramasdan ancha samarali harbiy dronlar ishlab chiqishga muvaffaq bo’lgan.
Your browser doesn’t support HTML5
Rossiya Erondan harbiy dronlar sotib olayotganiga doir ma’lumotlar ancha avval yuzaga chiqqan, ammo Eron tomonidan rad etib kelinayotgan edi.
Ukraina tomoni Xarkovdagi janglarda Rossiya Eronga tegishli dronlarni qo‘llaganini rasman tasdiqlamagan, ammo matbuotdagi ma’lumotlarga tayanilsa, Rossiya “Shehed 136” dronlarini “Geran-2” nomi ostida ishlatmoqda.
2,5 ming kilometrga uchuvchi bu dronlarning aktiv qo’llanishi frontda o’zgarish qilishi mumkin, har holda ukrainalik harbiy ekspertlar himoya chorasi topilmas ekan, ukrain armiyasi jiddiy muammolarga uchrashidan ogohlantirmoqda.
Shiddati sekinlashgan hujum
Ukraina armiyasi uch haftadirki qarshi hujumda, ayniqsa, dastlabki haftalarda kuzatilgan shiddatli hujumlar natijasida bir necha yirik shaharlar, Xarkov viloyati deyarli to’lig’icha ozod qilindi.
So’ngi haftaga kelib bu hujumlar shiddati sekinladi, hozirgacha 8 ming kvadrat kilometrga yaqin hudud ishg’oldan ozod qilingani haqida hisobot berilmoqda.
Buni ham ko'ring Rossiya armiyasining parchalanayotgan qudratiYakunlangan hafta davomida ukrain armiyasi biror yirik shaharni ozod qilgani yo’q, ammo front bo’ylab qarshi hujum tahdidini ushlab turibdi, tan olinmagan Lugansk viloyati hududiga yaqinlashgan.
Rossiya armiyasi ikki oylar avval og’ir janglar evaziga Lugansk viloyatidagi yirik shaharlar - Liman, Severedonetsk, Lisichansk shaharlarini egallashga muvaffaq bo’lgan edi.
So’ngi haftalarda shiddatli qarshi hujumlarni uyushtirgan Ukraina armiyasi ayni paytda Liman yaqinida, agar hujum muvaffaqiyatli davom etsa Severodonetsk, Lisichansk shaharlariga yo’l ochilishini ta’kidlanmoqda.
Ukraina armiyasining qarshi hujumiga Rossiya armiyasi qanday javob berishi mumkinligi frontdagi asosiy savol sifatida turibdi. Ukraina hujum shiddatini susaytirgan, Rossiya Xarkov fronti bo’ylab hujumni tiklayotgani yo’q. Bu Rossiya armiyasi harbiy kadrlar, texnika, ta’minot jihatdan jiddiy muammolarga to’qnash kelgani haqidagi qarashlarni yuzaga keltirgan.
Izyumda harbiy jinoyatlar sodir bo’ldimi?
Ukraina hududlarining ozod qilinishi Rossiya armiyasi tomonidan sodir etilgani ta’kidlanayotgan harbiy jinoyatlar miqyosini kengaytirmoqda.
Rossiya armiyasi ishg’olidan ozod qilingan Izyum shahrida 450 yaqin jasadlar ko’milgan yangi qabriston topildi. Ko’milganlar orasida qiynoqdan, bomba, raketa zarbalaridan o’lganlar borligi ta’kidlanmoqda. Hozirda jasadlarning shaxsini aniqlash ishlari ketyapti.
Buni ham ko'ring AQSh tahlilchilari: Ukrainada rus askarlarining ruhi tushganIzyumdagi bu qabriston Rossiya armiyasi Kiyev viloyatini tark etishi ortidan Bucha shahrida topilgan ommaviy qabrlarga ham qiyoslandi. Bucha qirg’ini sifatida tanilgan bu ommaviy qabrlar haqida Rossiya armiyasi Kiyev viloyatini tashlab chiqishidan so’ng, Bucha Ukraina nazoratiga qaytarilishidan so’ng ma’lum bo’lgan edi.
Ukraina matbuoti Xarkov viloyati ozod qilinishi ortidan Rossiya armiyasining bu yerdagi mahalliy aholiga nisbatan qo’llagan qiynoqlari, tazyiq va zo’rliklari haqida xabar berishda davom etyapti.