Putin Ukrainadagi mag'lubiyatni tan oldimi?

Rossiya askarlari harbiy mashg'ulot davomida, 2022-yil, 31-avgust

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin mamlakat bo'ylab qisman ommaviy safarbarlik e'lon qildi. Bu Rossiya Donbassdagi harbiy amaliyotni to’laqonli urush sifatida tan olayotganini anglatadi.

Putin shu paytgacha Ukrainaga uyushtirilgan hujumni "maxsus harbiy amaliyot" deb atab, mamlakat aholisi va chaqiriq asosida xizmat qilayotgan harbiylar urushga jalb qilinmasligini aytib kelayotgan edi. Kuzatuvchillarga ko'ra, bu qaror ortidan Kreml Ukrainada ishlar "rejadagidek" ketmayotganini nihoyat rasman tan olmoqda.

Rossiyaliklarni harbiy xizmatga, urushga safarbar qilish qarori 21-sentabrda e’lon qilindi va shu kundan kuchga kirdi.

Putin Mudofaa vazirligi tashabbusiga ko’ra qabul qilingan bu qarorni Rossiya Ukrainada nafaqat ukrainlar, millatchilar, balki NATO, G’arb bilan urishayotgani, front liniyasi ming kilometrdan oshib ketgani bilan izohladi.

Rossiya prezidenti rossiyaliklarga murojaatida so’nggi kunlarda jiddiy muhokamaga chiqqan yadro urushi tahdidiga ham to’xtaldi:

"Rossiya atom, ommaviy qirg’in qurollari zaxirasiga ega, hududiy yaxlitlik, mustaqillikka xavf solingan taqdirda bu qurollar shubhasiz ishlatiladi; bu shunchaki gap emas", - dedi u.

Buni ham ko'ring Putin Rossiyada qisman safarbarlik e'lon qildi

Putin Ukrainaning ayirmachi hududlari Donetsk, Lugansk viloyatlarida Rossiya tarkibiga qo’shilish bo’yicha o’tkaziladigan referendumlar mutlaqo qo’llab-quvvatlanishini ham bildirdi.

Putinning bu bayonoti ortidan Rossiya jamoatchiligiga mudofaa vaziri Sergey Shoyguning intervyusi taqdim etildi.

Shoygu qisman safarbarlik amaliyoti va Ukraina frontidagi vaziyat yuzasidan izoh berdi.

Rossiya mudofaa vazirining bu intervyusi urush qurbonlariga doir ma’lumot bilan ham diqqatli; harbiy amaliyot davomida 5937 nafar rus harbiysi halok bo’lgani aytildi.

Shoygu Ukraina tomonidan o’lgan harbiylar sonini 60 mingdan oshiq, yaralanganlar bilan umumiy yo’qotishini 100 ming kishi atrofida baholadi.

Mudofaa vazirining Rossiya armiyasidan berilgan qurbonlarga doir raqamlari jiddiy shubha ostida olinmoqda; o’lgan harbiylar soni bir necha barobarga kamaytirilgan deb ishoniladi.

Buni ham ko'ring Rossiyaning mag‘lubiyati yadro urushiga yetaklashi mumkinmi?

Ukraina qurolli kuchlari shtabi ma'lumotiga ko'ra, Rossiya armiyasidan berilgan qurbonlar soni 55 mingdan oshgan.

Qisman safarbarlik qarori haqida gapirgan Sergey Shoygu deyarli prezident Putinning tezislarini takrorladi; Rossiya Ukrainada G’arb bilan urishmoqda, Rossiya armiyasiga qarshi NATO ilg’or texnologiyasi, sputnik imkoniyatlari qo’llanilmoqda.

Safarbarlik natijasida 300 ming atrofida qo’shimcha harbiy kuchlar shakllantirilishi kutilmoqda. Safarbarlik birinchi navbatda harbiy xizmatni o’tagan, harbiy mutaxassislikka aloqasi bor aholiga taalluqli bo’lishi va talabalar jalb qilinmasligi aytildi.

Ammo mustaqil manbalar Rossiyada yopiq safarbarlik anchadan buyon davom etayotgani, jarayonning o’ta qiyin siljishi, Rossiya armiyasining Ukrainada qabul qilgan so’nggi yirik mag‘lubiyati buni ochiqlashga majbur qilganini ta’kidlashyapti.

Safarbarlik qisman deb atalayotgan bo’lsa-da, qaror Rossiya mudofaa vazirligiga keng imkoniyatlar taqdim etadi. Gap nafaqat Rossiya fuqarolari, balki fuqarolik olish istagidagi xorijliklar, xususan o’zbekistonlik mehnat muhojirlari haqida ham.

Rossiyada qisman safarbarlik kuchga kirar ekan, Moskvadagi migratsiya markazlaridan birida harbiy bo’linma ochilishi e’lon qilindi.

Migratsiya markazida Rossiya armiyasida xizmat qilish istagidagi muhojirlar bilan shartnomalar tuzilishi, bu soddalashtirilgan tartibda Rossiya fuqaroligini olish imkoniyatini berishi ta’kidlanmoqda.

Fuqarolik uchun Rossiya armiyasi bilan bir yillik shartnoma yetarli, ammo bu bir yillik xizmat aynan urush maydonida, Ukrainada o’talishi haqiqatga juda yaqin.

Rossiya armiyasi safida Ukrainada jang qilayotganlar orasida o’zbekistonliklar ham ko’p ekani aytilmoqda.

Yaqinda, Xarkov viloyatidagi janglar davomida Rossiya armiyasi safida jang qilgan ikki nafar o’zbekistonlik yigit asirga olingani ijtimoiy tarmoqlarda shov-shuv bo'ldi.

Your browser doesn’t support HTML5

Rossiya Eron bilan yaqinlashmoqda

Biri ish, boshqasi o’qish maqsadida Rossiyaga kelgan bu yigitlarning Ukraina urushiga tortilishi fuqarolik berilishi, moddiy imkoniyatlar va’da qilinishi bilan bog’liq.

Buning ortidan Ukraina armiyasi faollari Markaziy Osiyo fuqarolaridan Putin istaklari qurboniga aylanmaslikni so'rab murojaat bilan chiqdi.

Rossiyaning harbiy safarbarlik e’lon qilishi Ukraina uchun favqulodda holat emas. Ukraina armiyasining muvaffaqiyatli qarshi hujumlari ortidan shunga yaqin qaror kutilayotgan edi.

Putining harbiy safarbarlikka chaqiruvi xalqaro maydonda ham jiddiy aks-sado bermoqda. Ukrainadagi urush yanada ziddiyatli pallaga kirishi kutilyapti.