Xalqaro valyuta fondi (XVF) 11-oktabr kuni 2023-yil uchun iqtisodiy taxminlarini yangilab, yaqin kelajakda dunyo ahlini qimmatchilik kutayotganini bayon qildi.
Rossiyaning Ukrainadagi urushi, inflyatsiya oshib borayotgani, biznes va shaxsiy kredit uchun foiz ko'tarilayotgani kelasi yil barcha davlatlar uchun qiyin kechishidan dalolat, deya tushuntiradi fond ekspertlari.
190 mamlakat a'zo tashkilot quyi foizda qarz berib, dunyo bo'ylab taraqqiyotni targ'ib qiladi. Qashshoqlikka qarshi kurashishni maqsad qilgan Jahon banki va u bilan yonma-yon ishlaydigan XVF bu hafta AQSh poytaxtida yillik majlislarini o'tkazmoqda.
Fond taxminicha, kelasi yil jahon iqtisodi 2,7 foizga kengayadi. Iyul oyida bu taxmin 2,9 foizda edi.
Joriy yil uchun XVF 3,2 foizni qayd etgan, 2021-yildagi o'sishning yarmi.
Yillik muhokamalarda mutaxassislarning ta'kidlashicha, 2023-yil inqiroz davri bo'lishi mumkin, chunki ikki yildirki, oldinga siljish bo'lmayapti.
XVF salbiy o'zgarishlardan ajablanmayapti. Jahonning eng yirik ikki iqtisodiy tizimi - AQSh va Xitoyda o'sish sekinlashgan.
Yevropaning kuchli davlatlarida ham shu ahvol. Sanksiyalar ostidagi Rossiya iqtisodi boshi berk ko'chada. G'arb unga nisbatan cheklovlarini yumshatmoqchi emas, aksincha, urush to'xtamasa, Ukrainaga quvvatlov oshadi, Rossiyaga bosin kuchayadi.
XVF rahbari Kristalina Georgiyeva yillik yig'indagi murojaatida deydiki, inqiroz tahdidi qattiq sezila boshlagan, hukumatlar choralar ko'ra boshlashi lozim.
Amerika iqtisodi bu yili 1,6 foizga o'sishi kutiladi, yil o'rtasida 2,3 foiz deb taxmin qilingan edi. Kelasi yil esa bu mamlakatda iqtisodiy o'sish 1 foizni tashkil etishi mumkin xolos.
XVF hisobiga ko'ra, bu yil narxlar 8,8 foizga oshadi. 2021-yilda 4,7 foizga ko'tarilgan edi.
Xitoy iqtisodi bu yil 3,2 foizga kengayishi taxmin qilingan. O'tgan yili bu ko'rsatkich 8,1 foizda edi.
Pasayish ortidagi asosiy omillar, ekspertlar tahlilicha, pandemiya paytidagi cheklovlar va ko'chmas mulk bozorining nazoratdan chiqqani.
2023-yilda Xitoyda iqtisodiy o'sish uzog'i bilan 4,4 foizda bo'ladi, deya bashorat qilmoqda XFV.
Mutaxassislarga ko'ra, Yevropa Ittifoqi yonilg'i tanqisligi va qimmatligiga moslashishga majbur.
AQShda markaziy bank inflyatsi foiz stavkalarini ko'tarishda davom etmoqda.