AQSh sobiq prezidentlari orasida eng uzoq umr ko’rgan arbob – Jimmi Karter. 1981-yilda Oq uydagi xizmatini tugatganidan keyin ham jamoat ishlarida faol qatnashishda davom etdi. U ochgan Karter markazi global mojarolarni hal etishga harakat qiladi, yuqumli kasalliklarga qarshi kurashadi.
2019-yildan beri ilk bor AQSh sobiq prezidenti Jimmi Karter va uning rafiqasi Rozalin o’zlari tug’ilib o’sgan joyda, Jorjiya shtati Pleyns shahridagi yillik festivalda qatnashdi. Keksa juftlik bugun ommaga kamdan-kam ko’rinadi. Sobiq prezident 98 yoshga to’ldi.
Your browser doesn’t support HTML5
2020-yilda Jimmi Karterning hayoti haqida kitob yozgan Jonatan Alterga ko’ra, keksalik sabab sobiq rahbar jamoatchilik e’tiboridan chetda bo’lsa-da, turli yo’nalishlarda faoliyatini davom ettirmoqda.
“U voqealarni diqqat bilan kuzatadi, imkon qadar yozma ravishda o’z munosabatini bildiradi. Muhim deb bilgan qadriyatlarni himoya qiladi”, - deydi u.
Peyj Aleksandr Jorjiyada asoslangan Karter markazini boshqaradi. 1980-yillarda ochilgan bu tashkilot kasalliklarga qarshi kurashadi, dunyoda tinchlikni targ’ib qiladi.
Markaz 100 dan ortiq davlatda saylovlarni kuzatgan, mojarolarni hal qilishda yordam bergan. Shuningdek, drakunkulyoz kabi tropik kasalliklarni yo’q qilish ustida ishlamoqda.
“Bu yili bu kasallik oltita odamda aniqlandi. O’tgan yilga qaraganda 45 foizga kamaygan”, - deydi Aleksandr.
Amerikada 2020-yildagi prezidentlik saylovlari adolatli o’tmagani haqidagi asossiz da’volar va qonunchilik organiga hujum ketidan, Karter markazi endi AQShda ovoz berishga oid qonunlarni mustahkamlashga harakat qilmoqda. Tashkilotning 40 yillik xalqaro tajribasi bunda qo’l keladi.
Masalan, yaqinda “ishonchli saylovlar uchun nomzod tamoyillari” nomli loyiha ishga tushdi. Maqsad – nomzodlar, siyosiy partiyalar va saylovchilarni besh asosiy doktrinani qo’llab-quvvatlashga undash: halollik, nozo’ravonlik, xavfsizlik, nazorat va hokimiyatni tinch yo’l bilan topshirish.
“Bu tamoyillar saylovlarga bo’lgan munosabatni o’zgartirishiga ishonamiz. Odamlar saylov halol va adolatli o’tdi, biz jarayonni kuzatdik, deya olishi kerak”, - deydi markaz rahbari.
“Jorjiyada demokratlar ham, respublikachilar ham saylov natijalarini hurmat qilamiz, degan bayonotni imzolashdi. Umid qilamizki, bu va’da siyosatning muhim qismiga aylanadi”, - deydi Jonatan Alter.
Uning aytishicha, ushbu tashabbus Jimmi Karter merosining muhim qismi bo’lib qoladi.
“So’nggi yarim asrda uning demokratiyaga, erkin va adolatli saylovlarga qo’shgan hissasi beqiyos”, - deydi suhbatdosh.
Sobiq prezident tug’ilgan kunini uyida do’stlari, oila a’zolari va Karter markazi xodimlari davrasida nishonladi.