Olg'a – AQShda saylov tizimini o'zgartirishga ahd qilgan siyosiy partiya

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

AQShning ko'pchilikka noma'lum siyosiy partiyalari

8-noyabr kuni bo’lib o’tadigan oraliq saylovlarda amerikaliklar, odatda, yo respublikachi yoki demokrat nomzodlardan birini tanlaydi. Ba’zi ovozlarni uchinchi partiya vakillari ham olishi mumkin. Ammo ular muvaffaqiyat qozonishi deyarli imkonsiz. Yaqinda tashkil qilingan yangi partiya bu an’anani o’zgartirish umidida.

XIX asr o’rtalaridan boshlab AQShning barcha prezidentlari yo Respublikachilar yoki Demokratlar partiyasidan saylangan. 50 yildan beri Kongressga uchinchi partiya nomzodi kira olgani yo’q.

Kichik partiyalar, odatda, bitta masala yoki g’oyaga e’tibor qaratadi. Shu bois ular yetarli darajada ovoz to’play olmaydi, deydi yozuvchi va faol Mika Sifri.

“Ular, shuningdek, kichik partiyalarga imkon bermaydigan, noxolis tizimga qarshi kurashmoqda. AQShda proporsional vakillik mavjud emas. Agar ovozlarning besh foizini olsangiz, o’rinlarning besh foizini olmaysiz”, - deydi u.

Eng uzoq yashab kelayotgan uchinchi partiya bu Taqiq partiyasi. Alkogol ichimliklarni taqiqlash shiori ostida 1872-yildan beri bu guruh prezidentlikka o’z nomzodini ko’rsatib keladi.

1920 – 1933-yillarda alkogol taqiq ostida bo’lgan. Mamlakatda iqtisodiy tushkunlik davri boshlangach, aholining ichkilik ichishiga yana ruxsat berilgan.

Buni ham ko'ring AQShda saylov oldidan qo'shimcha xavfsizlik choralari

“2020-yil kechgan Kongress quyi palatasi saylovlarida ikki million odam kichik partiyalar uchun ovoz bergan. 120 million odamdan o’rtacha ikki millioni. Bu katta raqam emas, lekin kichik ovozlar farqi bilan o’tadigan muhim saylovlarda Yashillar, Libertarianlar yoki Taqiq partiyasi uchun berilgan ovozlar hal qiluvchi ahamiyatga ega bo’lishi mumin”, - deydi Mika Sifri.

Bu yil AQSh siyosiy sahnasiga Olg’a deb nomlangan yana bir yangi partiya kirib kelmoqda. Partiya asoschilari orasida AQSh prezidentligi va Nyu-York shahar merligi uchun muvaffaqiyatsiz kurash olib borgan tadbirkor Endryu Yan ham bor.

Nyu-Jersi sobiq gubernatori, sobiq prezident Donald Trampning ashaddiy tanqidchisi bo’lgan respublikachi Kristina Tod Uitmen ham partiya safida.

“Tizimni o’zgartirishimiz kerak. Shuning uchun biz tanlov asosidagi ochiq partiyaviy saylovlarni qo’llab-quvvatlayapmiz. Bu degani, ikkita partiya nomzodlari nafaqat o’z partiyadoshlari orasida, balki hammaning oldida gapirishi va kurashishi kerak”, - deydi u.

O’zini markazchi muqobil guruh sifatida taqdim etgan Olg’a partiyasi ba’zan demokrat va respublikachi nomzodlarni qo’llab-quvvatlaydi yoki o’z nomzodini taqdim etadi. Ular, shuningdek, reyting asosidagi tanlov tizimini olg’a surmoqda. Bu tizimga ko’ra, eng kam ovoz to’plagan nomzodning ovozlari kuchliroq nomzodlarga saylovchining tanlovi asosida taqsimlab beriladi.

Buni ham ko'ring Amerikada saylov oldidan saylovchi qanday fikrda?

“Buning ijrosi vaqt oladi. Deyarli butunlay buzilgan hozirgi tizimga kelgunimizcha ham ko’p vaqt ketdi. Bizning tizim hanuz eng yaxshisi deb bilaman, lekin odamlar uni qabul qilmayapti”, - deydi Kristina Tod Uitmen.

Fuqarolar urushidan beri eng keskin qutblashgan davrni boshdan o’tkazayotgan Amerika yangi partiya va u taqdim etayotgan tizimga qanday munosabatda bo’ladi? Bu savolga yaqin orada aniq javob bo’lishi kutilmayapti.