Pensilvaniya shtatining Kollejvil shahrida yashovchi Grem Din nazarida Amerikaning bu hududida iqtisodiy vaziyat tang, kayfiyat tushkun. Saylov oldidan Kongressga va mahalliy hokimiyatga nomzodlar saylovchini tinimsiz reklama orqali o'ziga jalb etishga urinadi.
40 yoshli muallim albatta ovoz berishini aytadi.
"Hozir saylovda faol qatnashadigan payt. Davlatimiz yo oldinga yo orqaga ketadi", - deydi u, demokratlar tomonda ekaniga urg'u berar ekan.
AQShda shu kunlarda o'tkazilgan ommaviy so'rovlarda respondentlarning 71 foizi mamlakat taqdiri qil ustida, degan fikrga qo'shilgan, ya'ni 8-noyabrdagi saylovda qatnashish kerak.
Saylovchilarning uchdan ikki qismi siyosatdan yiroq yoki charchaganini aytsa, har 10 amerikalikdan sakkiz nafariga ko'ra, ovoz berish kelajak uchun zarur.
Tadqiqotchilar kuzatishicha, Amerikada siyosatdan charchash hozir odamlarni faollikka undamoqda. Vaziyat o'zgarishi uchun ular dadilroq harakat qilishi kerakligi aniq.
Michigan shtatida 150 ming kishi erta ovoz berib bo'lgan, 1,6 million saylovchi uzoqdan ovoz berayapti.
Nevada shtatida Rik Mur kabi nafaqaxo'rlar nazarida Prezident Jo Bayden ishni eplolmayapti.
"Kongressni respublikachilar qo'lga olishi kerak. Demokrat prezident yana ancha o'tiradi, bu degani bizga muvozanat lozim", - deydi Mur.
Bu saylovchi fikricha, demokratlar - demokrat emas, o'yinchi. "Ular o'z maqsadlariga yetish uchun bizning demokratik tizimdan foydalanadi", - deydi u.
Boshqa saylovchilarga ko'ra esa demokratiya aslida shu - siyosiy maqsadlarni ovozga qo'yish va saylovda yutganlar keyin hokimiyatga kelishi.
So'rovnomalar natijasiga ko'ra, 70 foiz saylovchi AQShni noto'g'ri yo'lda deb baholaydi.
Respublikachilar muammolarda demokrat rahbar va uning partiyasini ayblaydi. Demokratlar esa buning aksini aytadi.
Respondentlarning 58 foizi erkinliklar cheklanmoqda, deya noliydi. Fikri salbiylashib borayotganlar asosan respublikachilar. Demokratlarning qarashlari o'tgan to'rt yilda sezilarli darajada yangilanmagan.
41 yoshli Shon Hartlag dindor nasroniy ekanini aytadi. Shunday nomzodlar unga ma'qul. Ogayo shtatida yashaydigan bu ayol ona va uy bekasi. Uning uchun ikki eng muhim omil - iqtisod va axloq.
"Farzandlarimning kelajagidan xavotirdaman", - deydi Hartlag. "Bizdan ularga tinchroq, farovonroq va vijdonliroq dunyo qolishi kerak".
Michigan shtatidan 28 yoshli Tin Taunsend ayollarning huquqlari sistematik buziladi, deya shikoyat qiladi. Uning e'tibori abort man etilayotganida.
"Amerika oldingidek erkin emas, har sohada orqaga ketayapmiz", - deydi o'zini demokrat deb tanishtiruvchi bu afro-amerikalik.
Taunsend - ruhiy salomatlik bo'yicha mutaxassis.
"Hech birimiz hech narsaga befarq bo'la olmaymiz, - deydi u. "Beradigan ovozimiz hayotimizni yaxshilashi lozim, adolat ta'minlanishi lozim".
Saylov - har bir shtatda o'nlab masalalalar yuzasidan referendum.
So'rovlarda respondentlarning 39 foizi iqtisod va xavfsizlikda respublikachilarga, sog'liqni saqlash va erkinlikni ta'minlashda demokratlarga tayanishini aytgan.