AQShda abort huquqi uchun kurash davom etmoqda

Abort qilish huquqi AQShda 1973-yilda qonuniylashtirilgan edi. Ungacha ham mavjud bo’lgan, faqat yashirin tarzda. Ammo yaqinda abort huquqi yana bekor qilindi.

1973-yilda AQShda Oliy sud abortni qonuniylashtirmasdan oldin mamlakatda abort operatsiyasini amalga oshiradigan yashirin guruhlar mavjud bo’lgan. 60-yillarning oxirida Illinoys shtatidagi "Jeyn" deb nomlangan ana shunday guruh minglab xotin-qizlarga homilasini xavfsiz olib tashlashga yordam bergan. Guruh faoliyati haqida film ham ishlangan.

"Shahar bo’ylab e’lonlar berilgandi. "Homiladormisiz? Istamaysizmi? Unda Jeynga qo'ng'iroq qiling" degan plakatlar”, - deydi ana shu yashirin guruhga asos solgan Hezer Bus.

Bus hammasi tasodifan boshlanganini aytadi.

"1965-yilda bir do'stim singlisi homilador ekanini, joniga qasd qilgudek holatda bo’lib, farzand ko'rishga tayyor emasligini aytdi. Abort qiladigan odam topishga yordam so'radi", - deya xotirlaydi Bus.

Bus uni tanish bir shifokorga yo’llagan. Lekin abort xizmati narxi o’sha vaqtlarda juda qimmat edi. Talabgorlar esa ko’p. Natijada ko’p ayollar abort qilishni o’rgana boshladi. Soha mutaxassislariga ehtiyoj bo’lgani uchun.

“Birgina “Jeyn” guruhi 11 ming abortni amalga oshirdi, xavfsiz. Lekin noqonuniy edi”, - deydi Bus.

1972-yilning 3-mayida politsiya “Jeyn” faoliyat yuritgan binoda reyd o’tkazdi. Yetti odam hibsga olindi.

Vaqt o’tishi bilan ayblovlar olib tashlandi. Abort qonuniylashtirildi. Lekin oradan qariyb 50 yil o’tib, AQSh Oliy sudi bu huquqni bekor qildi. Masala yechimini shtatlar ixtiyoriga o’tkazdi.

Bus kurash yana boshlanganini, tarix takrorlanayotganini aytadi.

Abort masalasi insonning shaxsiy ishidir, qachon yoki kimdan farzandli bo'lishi qarori. Bu inson erkinligi masalasi. Siyosatchilarning ayollar shaxsiy hayotiga aralashishga haqqi yo’q”, - deydi “Jeyn” guruhi asoschisi.

Lekin hamma ham Bus kabi fikrlamaydi.

“Fikrimcha, odamlar tug'ilmagan bola ham himoya qilinishi kerak bo’lgan odam ekanini tushunib yetadi. Aytmoqchimanki, necha yillardan beri qancha-qancha odamlar bolaning ona qornidaligidayoq olingan suratiga ega, tug'ilishidan oldin ultratovush tekshiruvida olingan surat. Odamlar tushunadiki, bola allaqachon dunyoga kelgan”, - deydi Yashash huquqi Milliy qo'mitasi rahbari Kerol Tobias.