Qo’shma Shtatlar bo’ylab politsiyachilar yetishmayapti. Ayrimlar fikricha, qurolsiz qora tanlilar qayta-qayta o’ldirilishi ketidan jamiyatda politsiyaga nisbatan salbiy qarash kuchaygan.
Nensi Larosh bolaligida politsiyani yoqtirmaganini tan oladi.
“Minnesota shtatida mobil uyda katta bo’lganman. Politsiyachilarning ishi nuqul odamlarning hayotini qiyinlashtirish, deb o’ylardim. Amerikada bunday fikrlaydigan odamlar ko’p. Politsiyaga qo’shilib, bunday dunyoqarashni o’zgartirmoqchiman. Oldimga qo’ygan maqsadlarimdan biri shu”, - deydi yangi xodim.
Your browser doesn’t support HTML5
“Amerika Ovozi” Virjiniyadagi akademiyada yangi politsiyachilar bilan suhbatlashganida “o’zgarish” degan so’z qayta-qayta yangradi.
Jamiyatda politsiya haqidagi qarashlar salbiy ekaniga qaramasdan bu kasbni tanlayotgan yoshlar ko’p. Aholi bilan muloqotlarimda ularga politsiyadan qo’rqmaslikni aytaman, deydi Larosh.
“Politsiyachilarning ishi odamlarning hayotini qiyinlashtirish, degan tasavvurni o’zgartirish kerak”, - deydi suhbatdosh.
Yangi xodim Chelsi Henri qora tanlilarning politsiya qo’lida o’lganidan iztirob chekkanini aytadi.
“Jorj Floydning o’limidan keyin politsiyaga qo’shilishga qaror qildim. Tafovutlarni bartaraf etish kerak”.
Ko’pchilik amerikaliklar huquq-tartibot idoralariga hurmat bilan qarasa-da, ayrim politsiyachilarning qora ishlari, qurolsiz odamlarni o’ldirgani salbiy kayfiyatlarni ham kuchaytirgan, deydi Vashington politsiya boshqarmasi vakili Patrik Loftus.
“Salbiy qarashlar bois bu kasbni tanlaydiganlar kamayadi. Odamlar o’z yaqinlari, do’stlari va oila a’zolarining politsiyaga qo’shilishini xohlamaydi. Bizga esa xodimlar kerak”, - deydi Loftus.
Ayni paytda AQSh mehnat bozorida ish o’rinlari bisyor, kadrlar uchun raqobat kuchli. Vashington politsiyasi safida esa xodimlar yetarli emas.
Patrik Loftusga ko’ra, boshqarma ishga kirayotganlarga 20 ming dollarlik bonus, kollejda o’qish uchun pul va ijara haqini to’lashda yordam taklif etmoqda.
Turli strategiyalar ishga solinmoqda. “TikTok” kabi ijtimoiy tarmoqlarda, Nyu-York metro bekatlarida reklamalarni ko’rasiz.
“Eng yaxshi nomzodlarni jalb qilishga harakat qilayapmiz”, - deydi Loftus.
Ishga yollanganlar formada ko’chada yurish xadik uyg’otishini yashirmaydi.
“Eng katta xavotirim – xavfsizlik. Nafaqat o’zim, balki hamkasblar va boshqalar uchun ham”, - deydi yangi politsiyachi Jon Koks.
U ham ishonchni qayta tiklash haqida so’zlaydi.
“Faoliyatimizga insoniylik tamoyillarini qaytarishimiz kerak. Ehtimol hammaning fikrini o’zgartira olmasman. Lekin kuniga bir-ikkita odam bilan muloqot qilsam ham, namunali ishim bilan huquq-tartibot xodimlarining ijobiy imijini tiklashga harakat qilaman”.