Afg’oniston Tolibon qo’liga o’tganidan beri AQSh bu mamlakatga 1,1 milliard dollarlik gumanitar yordam ko’rsatgan, ammo mablag’ qanday sarflanganini tekshirishga Bayden ma’muriyati yo’l bermayapti, deya shikoyat qilmoqda Afg’onistonni qayta qurish bo’yicha bosh inspektor (SIGAR) agentligi.
Mazkur idora Afg’onistonni tiklash uchun ajratilgan moliyaviy resurslarni xolis nazorat qilish, sarfiyatni tekshirish uchun 2008-yilda Kongress tomonidan tuzilgan. SIGAR avvalgi hisobotlarida AQSh hukumatini behuda sarf-xajajatda ayblagan edi.
Buni ham ko'ring Daish nazorati ostida bo'lgan Darzobda bugun hayot qanday?“AQSh agentliklari hamkorlikdan bosh tortayotgani tufayli SIGAR ilk bor Kongressga va Amerika xalqiga to’liq hisobot taqdim eta olmayapti”, - deyiladi SIGAR bayonotida.
AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) va Moliya vazirligi SIGAR bilan hamkorlik qilishdan bosh tortdi, Davlat departamenti esa cheklangan ma’lumot berdi xolos, deya bildiradi agentlik.
USAID va Davlat departamentining javobi shuki, Afg’onistondagi joriy dasturlar “gumanitar xarakterga ega va taraqqiyotni ko’zlaydi”, qayta qurishni emas.
SIGAR, o’z navbatida, “qayta qurish” va “gumanitar” yordam deb ta’riflanuvchi mablag’lar bir-biridan deyarli farq qilmasligini qayd etadi.
SIGAR hisobotiga ko’ra, Afg’onistondagi hozirgi vaziyat 1990-yillardagi Tolibon davri sharoitiga o’xshash. 2021-yil avgustdan buyon mamlakat iqtisodiyoti 20 foizga qisqargan, 700 ming odam ishidan ayrilgan. Aholining yarmidan ko’pi insonparvarlik yordamiga muhtoj.
Afg’onistonda inson huquqlari targ’iboti va mahalliy OAVni rivojlantirish uchun USAID kamida 220 million dollar sarflab yo’lga qo’ygan dasturlarni Tolibon yo’qqa chiqargan.
Buni ham ko'ring Afg'oniston "yordam tashkilotlari respublikasi"ga aylandimi?BMT hisob-kitobiga ko’ra, oxirgi bir yilda Afg’onistonda o’rta maktabda o’qigan 3 million qiz ta’lim olish huquqidan mahrum bo’lgan. Qizlarning ta’lim olishiga qo’yilgan taqiqning mamlakat iqtisodiyotiga potensial zarari 5,4 milliard dollarga teng, deya bildiradi SIGAR.
Agentlikning “Chegara bilmas muxbirlar” tashkilotiga tayanib qayd etishicha, Afg’onistonda axborot vositalarining qariyb 40 foizi yopilib ketgan, jurnalistlarning 60 foizi kasbini tark etgan.
“2021-yilning avgust oyidan beri afg’on media sektori cheklovlar va senzura ostida barbod bo’ldi”, deyiladi hisobotda.
Tolibon hokimiyatini hozirgacha hech bir davlat tan olgani yo’q. AQSh va ittifoqchilari xalqaro moliyaviy yordamni to’xtatib, moliya-bank sektoriga sanksiyalar joriy etdi. Bu qadamlar mamlakatda gumanitar ahvol yanada og’irlashishiga olib kelgan.
Your browser doesn’t support HTML5