Respublikachilar Kongressni o'z qo'liga olishga umid qilyapti

  • Amerika Ovozi

Bugun AQShda saylovlar. Kongress Vakillar palatasidagi barcha 435 ta o’ringa, Senatdagi 100 o’rindan 35 tasiga da’vo qilayotgan nomzodlar uchun ovoz berilmoqda. Bundan tashqari 36 ta shtatda gubernatorlik va boshqa lavozimlar uchun ham kurash ketmoqda. Vakillar palatasining a’zolari har ikki yilda, senatorlar esa har 6 yilda saylanadi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 8-noyabr, 2022-yil

Kurash asosan ikkita partiya o’rtasida kechmoqda – demokratlar va respublikachilar.

Vakillar palatasida hozir 222 ta demokrat, 213 ta respublikachi bor. Respublikachilar atigi 5 ta o’rinni qo’lga kiritsa va demokratlar shu 5 ta o’rinni qo’ldan chiqarsa, palata respublikachilar nazoratiga o’tadi.

Saylovda mustaqil nomzodlar ham qatnashyapti. Ularning garchi g’alaba qozonishiga umid kam bo’lsa-da, odatda bunday da’vogarlarning roli demokrat yoki respublikachi nomzoddan ovoz o’g’irlashga qaratilgan.

Bashoratlarga ko’ra, respublikachilar demokratlar hukmron Vakillar palatasida kuchlar nisbatini o’z foydasiga og’dirishi kutilmoqda. Senatda esa demokratlar hukmron mavqeini saqlab qoladimi yoki respublikachilar yuqori palatani ham o’z nazoratiga oladimi, hozircha aytish qiyin.

So’nggi 40 yilda eng yuqori inflyatsiya, yoqilg’i va oziq-ovqatning qimmatlashgani saylovchilar uchun muhim mavzular. Respublikachilar raqiblarini jinoyatchiikning kuchayganida hamda janubiy chegarada noqonuniy muhojirlarning ko’payganida ayblayapti.

Izlanish natijalariga ko’ra, joriy yilda 2019-yilga qaraganda 39 foizga ko’p qotilliklar sodir etilgan, ko’p hollarda jinoyatlar fosh etilmay qolib ketayotgani aytiladi.

Noqonuniy migratsiya demokratlarga qarshi qaratilgan mavzu. O’tgan yil oktabridan beri 2 milliondan ortiq muhojir chegarani noqonuniy kesib o’tgan. Amerika tarixida rekord ko’rsatkich.

Demokratlar abort mavzusi hisobiga saylovchilarning bir qismini o’ziga qaratmoqchi. Iyun oyida Oliy sud abort qilish huquqini cheklagan. Demokratlar sud qaroriga qarshi.

Sobiq prezidentlar Donald Tramp va Barak Obama hamda amaldagi rahbar Jo Bayden saylov kampaniyasida jonbozlik ko’rsatib, o’z partiyalaridan nomzodlarni faol reklama qildi.

Tramp so’nggi bir yilda davlat idoralaridagi turli lavozimlar uchun targ’ib qilgan nomzodlarning aksariyati, aniqrog’i 92 foizi g’alaba qozondi. Bugungi saylovda ham Tramp ochiq qo’llab-quvvatlagan ko’plab nomzodlar qatnashyapti. Xususan Senatga Arizona, Alyaska, Jorjiya, Nevada, Ogayo, Pensilvaniya, Viskonsin va Nyu-Gempshirdan saylanayotgan nomzodlar Tramp fotihasini olgan.

Trampning o’zi 15-noyabr kuni muhim e’lon bildirishi haqida ma’lum qildi. Kuzatuvchilarga ko’ra, sobiq rahbar 2024-yilda prezidentlikka qayta saylanishga harakat qilishi haqida bayonot berishi mumkin.

So’nggi ma’lumotlarga ko’ra, amerikalik saylovchilarning 42 milliondan ziyodi erta ovoz bergan. Respublikachi nomzodlar va rasmiylar pochta orqali ovoz berishdagi ayrim nuqsonlarga ishora qilib, eng muhim uchta shtatda pochta orqali yuborilgan minglab byulletenlarni hisobga olmaslikka chaqirmoqda.

Pensilvaniya oliy sudi sanasiz konvertlardagi saylov qog’ozlarini bekor qilish da’vosini qondirdi. Viskonsinda esa guvohning adresi yozilmagan byulletenlar hisobga olinmaydigan bo’ldi.

Ba’zi saylovchilar tashqi siyosat muhim mavzu ekanini aytmoqda. Afg’on millatiga mansub amerikaliklar ana shu toifaga kiradi. Virjiniya shtatida yashovchi afg’on-amerikaliklar Afg’onistonda inson huquqlari va gumanitar inqirozni yaxshilash rejasini olg’a surgan nomzodga ovoz berishini bildirgan.

“Afg’oniston va afg’onlarga yordam bermoqchi bo’lgan nomzodlarni qo’llab-quvvatlaymiz”, - deydi Alaha Ahror ismli bir ayol.

Tahlilchilarning aytishicha, aksariyat amerikaliklar uchun tashqi siyosat ustuvor mavzu emas. Bu yilgi saylovda iqtisodiyot va abort huquqi ko’p muhokama etilmoqda.

“Odatda oraliq saylovlar va ayniqsa hozirgisi ko’proq ichki masalalarga kattaroq urg’u beradi”, - deydi Vashingtondagi Brukings tahlil institutidan Skot Anderson.

O’tgan yili Afg’onistonda Tolibon hokimiyatga kelganidan beri 80 mingdan ortiq afg’on AQShga qochgan. Ularning Amerikada ovoz berish huquqiga ega vatandoshlari Kongressdan bu insonlar taqdiriga e’tibor berishni, ularning huquqiy mavqeini yaxshilashni so’ramoqda.

Saylovda arab-amerikaliklar ham faol. Bu yili eng ko’p arablar yashovchi Michigan shtatining ikkita shahrida federal saylov tarixida saylov byulletenlari ilk bor arab tilida chop etildi.

Arablar asosan shtat poytaxti Detroyt tevaragidagi Dieborn shahrida yashaydi.

O’tgan yili shahar kengashiga vakil etib saylangan Mustafo Hammud ismli mahalliy siyosatchi tashabbusi bilan qabul qilingan yangi qonun loyihasiga ko’ra, shahar aholisining 5 foizidan ortig’ini tashkil etgan yoki taxminan 10 ming vakiliga ega elatlar uchun saylov materiallari ularning tilida ham chop etilishi shart.

“Kaliforniyada shunday qoida bor. Biz ham shunga erishdik”, - deydi vakil.