8-noyabr kuni AQShda Kongressning har ikki palatasi uchun saylovlar. Bundan tashqari bugun saylovchilar gubernatorlar, merlar, prokurorlar va boshqa mahalliy lavozimlarga nomzodlar uchun ham ovoz berayapti.
Respublikachilar aholining inflyatsiya oshayotganidan noroziligi tufayli g’alabaga umid qilayotgan bo’lsa, ularning raqiblari Oliy sudning abort huquqiga qarshi qarori saylovchilarni bu huquqni tiklashga intilayotgan demokratlarga ovoz berishiga ishonch bildiryapti.
“Iqtisodiyot og’ir kunlarni boshdan kechirayotgan bo’lsa-da, odamlar Demokratik partiyaga kasaba uyushmalarni himoya qilayotgan, dori-darmon narxi va sog’liqni saqlash xarajatlarini tushirishga intilayotgan, o’z organizmini nazorat qilishdek asosiy erkinliklarni himoya qilishga harakat qilayotgan partiyadek qaraydi. Saylov murosasiz bo’ladi, shunga qaramay Senat bizning nazoratimizda qolishiga umid bor”, - deydi demokrat senator Kori Buker.
Ayrim respublikachi nomzodlar saylov halol bo’lishiga shubha bildiryapti. Bu qonunchilar sobiq prezident Donald Trampning 2020-yil saylovida Jo Bayden g’irromlik bilan g’alaba qozongani haqidagi da’volariga sherikdir.
Sobiq prezident Jimmi Karter va uning rafiqasi Rozalin Atlanta shahrida asos solgan Karter markazida betaraf saylov kuzatuvchilarini tayyorlash kurslari o’tkazildi. Senat uchun eng qizg’in poyga aynan Jorjiya shtatida kuzatilmoqda.
Demokratik partiyadan nomzod ruhoniy Rafael Uornok sobiq futbolchi Xershel Uoker bilan bellashmoqda.
“Amerikaliklarda saylov jarayoniga ishonch pasayib boryapti. Biror partiyaga aloqasi yo’q saylov kuzatuvchilarini tayyorlash saylov jarayoniga ishonchni oshirishga, uni yaxshiroq tushunishga qaratilgan”, - deydi markaz xodimi Deyvid Kerrol.
Pensilvaniyada ham kurash qizg’in bo’lyapti. Gubernator o’rinbosari, demokrat Jon Fetterman turk muhojirlarining farzandi, teleyulduz va sobiq shifokor Mehmet Chingiz O’z bilan senatorlik uchun olishmoqda. Respublikachi nomzodni Tramp qo’llab-quvvatlayapti.
Kaliforniyada saylovchilar bilan uchrashgan Prezident Jo Bayden demokratlar g’alabasiga ishonishini aytdi, biroq respublikachilar o’zgacha fikrda.
“Bu Prezident Baydenni hushiga keltiradigan qo’ng’iroq bo’ladi va u hushiga keladi degan umiddaman. Chunki so’nggi ikki yilda Amerika ko’plab muammolar bilan yuzlashdi. Prezident Bayden amerikaliklarning seshanba kuni aytadigan gaplariga quloq soladi degan umiddaman. Xalq hozirgi siyosatdan norozi, uning o’zgarishini talab qilmoqda. Respublikachilar yetakchiligidagi Vakillar palatasi va Senat bergan va’dalariga sodiq bo’ladi, Jo Bayden esa ularga quloq soladi deya umid qilaman”, - deydi respublikachi gubernator Glen Yangkin.
“Nyu-York Tayms” gazetasining xabar berishicha, 3-noyabrga qadar 32 milliondan ortiq amerikalik erta ovoz bergan, biroq ovozlarning bir qismi saylov tugaganidan so’ng hisoblanadi.
Facebook Forum