Rossiyada bo’lib o’tgan mintaqaviy anjumanda ishtirokchilar Qo‘shma Shtatlarni Afg‘oniston Markaziy bankining muzlatilgan aktivlarini ozod qilishga chaqirdi. Shuningdek, ular Tolibon rahbariyatini ayollarning Afg‘onistonda jamoat hayotiga va ta’lim olishga kirishishlarini ta’minlashga undadi.
Afgʻoniston boʻyicha Moskva formati deb nomlangan maslahatlashuvda Xitoy, Pokiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Eron, Hindiston, Tojikiston, Turkmaniston, Oʻzbekiston, Saudiya Arabistoni va Turkiya vakillari ishtirok etdi.
Rossiya prezidentining maxsus vakili Zamir Kabulov oʻz nutqida uchrashuv birinchi marta afgʻon vakillari ishtirokisiz oʻtkazilayotganini aytdi.
“Biz AQSh va uning ittifoqchilaridan Tolibon rasmiylari mustaqil moliyaviy va iqtisodiy siyosat yuritish bo‘yicha qonuniy huquqlaridan foydalana olishlari uchun Afg‘oniston milliy moliyaviy aktivlari qaytarilishini qat’iy talab qilamiz”, - dedi Kabulov.
U Afg’onistonda etnik-siyosiy inklyuziv hukumat tuzilishi lozimligini ta’kidlab, bunday boshqaruv tizimi "Afg'onistonda haqiqiy milliy murosaga" yordam berishini aytdi.
Rossiya hukumati Tolibonga terrorchi guruh sifatida qarashda va uni o‘z hududida noqonuniy tashkilot sifatida tamg’alashda davom etmoqda. Moskva ayni paytda Tolibonga Afg‘onistonning Rossiyadagi diplomatik vakolatxonasini boshqarishga ruxsat berdi.
Buni ham ko'ring Afg'onistonda xotin-qizlar sport zallariga kiritilmaydiTolibon 2021-yil avgustida xalqaro darajada tan olingan Kobul hukumati qulab, AQSh boshchiligidagi barcha xorijiy qo‘shinlar Afg‘onistondan olib chiqib ketilgandan so’ng hokimiyatni qo‘lga kiritgan edi.
Chorshanba kuni Rossiya poytaxtida boʻlib oʻtgan tadbirda soʻzga chiqqanlar “Tolibon” delegatlari oʻtgan yilgi Moskva formatidagi maslahatlashuvlarga taklif qilinganini, unda ishtirokchi davlatlar yangi hukumat vakillari bilan “amaliy hamkorlikni o’rnatish tamoyillarini belgilab olganini” qayd etdi.
Pokistonning maxsus vakili Muhammad Sodiqning aytishicha, siyosiy inklyuzivlikni targʻib qilish, terrorizmga qarshi kurash hamda afgʻonlar, jumladan, ayollar huquqlarini hurmat qilish kelishuvda bayon etilgan tamoyillar qatoriga kiradi. Ammo Tolibon bu hisob-kitoblarda oldinga siljish ko'rsatmadi, dedi u.
"Muvaqqat Afgʻoniston hukumati kafolatlariga qaramay, ayollar va qizlarning huquqlari ham orqaga chekinayotganga oʻxshaydi, ular ilgarilanmadi. Afgʻonistondagi terrorchi tashkilotlarning izi hali toʻliq yoʻq qilingani yoʻq”, - dedi Pokiston elchisi.
Buni ham ko'ring Afg’oniston iqtisodiyoti o’tgan bir yilda 20 foizga qisqarganMoskvadagi tadbirda qatnashgan delegatlar qirq yillik urush va qon toʻkilishlardan soʻng afgʻonlarga mustahkam tinchlikni taʼminlashda yordam berish uchun jahon hamjamiyatining mamlakat bilan barqaror aloqalari va hamkorligi zarurligini taʼkidladi.
Qo'shma Shtatlar va boshqa G'arb hamkorlari Tolibon hokimiyatni qo'lga kiritgandan so'ng Kobulga moliyaviy yordamni to'xtatdi. Keyinchalik Bayden ma'muriyati bank sektoriga sanksiyalar kiritdi va Afg'oniston Markaziy bankining 7 milliard dollarlik xorijiy zaxiralarini muzlatib qo'ydi. Yevropada ham 2 milliard dollardan ortiq mablagʻ muzlatilgan.
Tolibon 1996-yildan 2001-yilgacha davom etgan birinchi hokimiyat davridagi qattiq boshqaruvning mo'tadil versiyasini va'da qilganiga qaramay, 15 oy oldin hokimiyatga qaytganidan keyin ayollarni jamiyat hayotidan tobora ko'proq chetlatishda davom etyapti. Bu siyosat xorijiy hukumatlarni Afg'onistonning yangi rahbariyatini rasman tan olishdan qaytardi.
Afg'onistondagi davlat sektorida ishlaydigan ayollarning aksariyatiga uyda qolish buyurilgan; ayollarga erkak mahramsiz uzoq safarga chiqish taqiqlangan va ular jamoat joylarida yuzlarini yopishlari kerak.
Shuningdek, o‘smir qizlarga 6-sinfdan keyin o‘rta maktabda o‘qishni davom ettirish taqiqlangan. O‘tgan hafta radikal guruh Afg‘oniston bo‘ylab ayollarning ko‘ngilochar bog‘larga borishini va jamoat hammomlari hamda sport zallaridan foydalanishini taqiqlagan edi.
Your browser doesn’t support HTML5
Tolibon barcha afg'on guruhlari vakili ekanini aytib, faqat erkaklardan iborat hukumatini himoya qiladi. Ular bunday boshqaruv afg'on madaniyati va islom qonunlariga to'g'ri kelishini ta'kidlab, boshqacha talqin va tanqidlarni rad etadi.
Seshanba kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Afg'onistondagi Yordam Missiyasi Tolibonni ayollar huquqlariga qo'yilgan so'nggi cheklovlarni bekor qilishga chaqirdi.
“Tolibon rasmiylarining soʻnggi bayonotlaridan va ayollarning bogʻlar, sport zallari va hammomlardan foydalanishiga toʻsqinlik qilingani haqidagi xabarlaridan chuqur xavotirdamiz. Afg‘onlarning barcha huquqlari, xususan, ijtimoiy hayotning barcha shakllarida ayollar ishtiroki va qizlarning ta’lim olish huquqi himoya qilinishi kerak”, — deyiladi missiyaning “Twitter”da e’lon qilingan bayonotida.