O'zbekiston imomlari Nyu-Yorkda vatandoshlar bilan qizg'in muloqot olib bordi

Farg’ona viloyati, Toshloq tumani bosh imom xatibi Shukrulloh Egamberdiyev (o'ngdan) va Samarqand shahar “Namozgoh” masjidi imom-xatibi Qamariddin Bahriyev shu kunlarda AQSh bo'ylab, vatandoshlar bilan uchrashmoqda

9-19 noyabr kunlari O’zbekistondan ikki imom - Farg’ona viloyati, Toshloq tumani bosh imom xatibi Shukrulloh Egamberdiyev va Samarqand shahar “Namozgoh” masjidi imom-xatibi Qamariddin Bahriyev AQShda sayohat qilmoqda. Ulamolar avvalo poytaxt Vashingtonda O’zbekiston elchixonasiga tashrif buyurgan. Uchrashuvlar asosan o’zbekistonlik immigrantlar zich istiqomat qiladigan Pensilvaniya, Nyu-York, Ogayo va Florida shtatlarida bo’lib o’tmoqda.

9-19 noyabr kunlari O’zbekistondan ikki imom - Farg’ona viloyati, Toshloq tumani bosh imom xatibi Shukrulloh Egamberdiyev va Samarqand shahar “Namozgoh” masjidi imom-xatibi Qamariddin Bahriyev AQShda sayohat qilmoqda. Ulamolar avvalo poytaxt Vashingtonda O’zbekiston elchixonasiga tashrif buyurgan. Uchrashuvlar asosan o’zbekistonlik immigrantlar zich istiqomat qiladigan Pensilvaniya, Nyu-York, Ogayo va Florida shtatlarida bo’lib o’tmoqda.

Imom Egamberdiyev aslida progressiv ma’ruzalari bilan ijtimoiy tarmoqlarda tanilgan.

“Mulla bo’lish farz emas! Tahoratini bilsin, namozini bilsin - bo’ldi. “Vsyo”(Вcё), yetadi shu. Bitta sura biladimi? Biladi. Tahoratni biladimi? Biladi. Bo’ldi, “ogon” (Огонь!), bor, sen millioner bo’l, “oligarx” bo’l, professor bo’l! Bugun, o’zi islomni tor doirada tushungan, bir chekkada, burchakda zanglab qolib ketgan… shu… shuni tushunadi. Hamma qori bo’lsin deydi. Hamma qori bo’lsa gado bo’lamiz. Gado – bilasizlarmi, nima deganini? Do’ppi olib yalinib yuramiz ko’chada”,- degan Egamberdiyev.

Qo’lini tavof qilishlaridan xursandchiligini ko’z-ko’z qilishi-yu, dabdabali to’y berishi ortidan esa bu imom shu kunlarda keng jamoatchilik tanqidi ostida.

“Dunyoqarashlari bilan islomga balki foydasi tegayotgandir, lekin mening shaxsiy fikrimcha, islomni bunday qilib ko’rsatmaydi. Baqir-chaqir qilib, suhbatlar ichida uruschalab gapirib. Qisib o’tir, uyaq-buyaq… Islomda menimcha bunaqa narsa yo’q, baqir-chaqir bilan da’vat qilish”,- deydi ism-sharifi va yuzini sir tutishni istagan suhbatdosh.

“Endi kerakmi-kerakmasligi, menimcha, aniq. Ularning bu yerga kelishlarining hech qanday foydasi yo’q deb bilaman. Chunki ularni ko’radigan odamlar uchun Internetda videolari ko’p. “Instagram”, “Facebook”, “YouTube” da ma’ruzalari juda ham ko’p. Ularning ma’ruzalarini men diniy emas, balki tarbiyaviy darslardek bilaman”.

Your browser doesn’t support HTML5

O'zbekiston imomlari AQShda, vatandoshlar bilan muloqot

Imomlar Nyu-Yorkda vatandoshlar bilan Bruklindagi “Mahalla USA” tashkilotida ko’rishdi.

“Olloh rozi bo’lsin! Ochig’ini aytganda, men bunchalik deb o’ylamagandim, shunchaki bir joy tashkil qilingan, bolalar keladi, ketadi deb o’ylagandim. Bilsam, yurtimizdagi ta’lim va uning uslubi, yurtimzdagi qadriyatlar shunday “kopiya” qilib olib kelinibti-da. Olloh rozi bo’lsin! Bu yaxshi narsa. O’zligini yo’qotmaslik ham bir baxt”, - deydi Shukrulloh Egamberdiyev.

“Hozirgi bolalarning o’qigan suralarini eshitsangiz, quvonasiz. Sababi, yoshligimizda biz “bismilloh” ni ham aytolmaganmiz. Men SSSR davrlarini aytyapman. Bunaqa narsalarga hech qanday sharoit bo’lmagan. Hozirgi bolalarimizning o’qigan qiroatlarini ko’ring. Olloh rozi bo’lsin. Shularga ustozlik qilib o’rgatganlar, rozi bo’lib bolalarini shu joyga berganlar, hammalaringdan Olloh rozi bo’lsin!”,- deydi imom.

Amerikadagi o’zbekistonliklar vatandagi dindoshlari taqdiriga befarq emas.

Egamberdiyevning “Sizlar yurtimizdan olisda yuribsizlar. Sizlarni ko’rib xursand bo’ldik. Mabodo oila, tarbiya, uzoqda yurish, boshqa nimadir haqida savollar yoki takliflar bo’lsa eshitamiz”,- deya qilgan murojaatini uchrashuv ishtirokchilari e’tiborsiz qoldirmadi.

“Paradoksni sizdan so’ramoqchiman. Paradoks nimada? Amerika konstitutsiyasida yozib qo’yibti. Din erkin senga. Yana konstitutsiyada yozayaptiki, xohlasang biror bir dinga e’tiqod qil, xohlamasang qilma. Bizlar senga hech narsa demaymiz. Bu yerda bengal va boshqa millat vakillari bor. Qora [burqa] kiyib yursa ham hech kim bir nima demaydi. Dining shuni talab qiladimi, mayli, deydi. Erkinlik mana shunda. Lekin paradoks shundaki, Imom Buxoriylar mamlakatida hatto Islom universitetlarida qizlarimizga ro’mol taqtirmagan joylar borligini ko’rib, biz bu yerda turib hayron bo’ldik. Hijob, ro’mol shunaqa muammo qilinayotgan bo’lsa... Ikkinchi paradoks shundaki, mana shu yerda bizlar erkin jamiyatda yashayapmiz. Hamma katta mansabdagilar, siyosiy partiyalar deysizmi, Kongressmi yoki boshqasi, bularning hammasi, islomiy tilda aytganda, toza odamlarda. Qilayotgan ishini berkitmaydi. Pulini ham, qayerda nima ish qilayotganini ham, qancha pul topdi, mana bu mashinasini qancha pulga oldi, shulargacha. Endi yana bizni islomiy tarbiya markazi bo’lmish diyorimizda hozir prezident nechi yildan beri aytadi korrupsiyani tugataylik deb. Chunki kim boy? Hokim boy. Kim boy? Vazir boy. Lekin oyligini olsangiz… Bu yerdagi taksichi ulardan ko’p topadi”,- deya imomlarga dardini sochdi jamiyat faoli Husan Tursunov.

“Agar yomon gumon qilsa bu fitnaga o’xshaydi. Yaxshi gumon qilsa, bu- g’am. Men bildimki, mening ma’ruzalarimni ko’p eshitmas ekansiz. Nimadan men bildim: mening eng ko’p temam poraxo’rlik haqida. Chunki poraxo’rlik xalqni tanazzulga uchratadigan eng katta omillardan bittasi. Poraxo’rlik rivojlangan millat hech qachon rivojlanmaydi”,- deya umumiy javob berdi imom Egamberdiyev.

“Erkak kishi va ayol kishining balansi. Aytmoqchimanki, jamiyat sog’lom bo’lishi uchun [ularning] haq-huquqlari, majburiyat va vazifalari [teng] balansda bo’lishi kerak. To’g’rimi? Juda ko’p hollarda, [O’zbekistonda] televizorlarda, kinolarda, “Otalar so’zi…” va undan keyingi chiqqan ko’rsatuvlarda va ko’pgina domlalarning ma’ruzalarida asosan urg’u ayol kishining majburiyati, ayol kishining vazifalariga olib borib taqaladi. Ayol kishi unday qilmaydi, ayol kishi bunday qilmaydi. Meni doim qiziqtirgani o’sha qanaqa balans bor? Misol uchun oilasi, jufti haloli va bolalariga nisbatan erkak kishining haq-huquqidan tashqari qanaqa vazifa va majburiyatlari bor?”,- deya qiziqdi uchrashuvga kelgan ayollardan biri.

Nyu-Yorkning Bruklin tumanida hayit namozi, 13-may, 2021

Uchrashuvda Nyu-York politsiyasida xizmat qilayotgan o’zbekistonlik immigrant Dilshod Shermatov ham ishtirok etdi.

“Hozirgi holat, o’zbeklarni o’rtasida bo’layotgan narsa. Er-xotin urushishlari, ajralishlar ko’payib bormoqda, bizning o’zbeklar o’rtasida. Bizlar chaqiruvlarga boramiz va shunga guvoh bo’lamizki, eri pul bermagan bo’ladi yoki xotini kech kelgan, pul ishlagan kabi mayda gaplar ortidan urushishlar va ajralishlar yuz beryapti”,- deydi Shermatov.

“Bunday ishlar o’zbekchilikka ham, dinimizga ham to’g’ri kelmaydigan ishlar. Hamma ham bunday hollarni ko’rib, musulmon bo’lib, er-xotin bir-birlaringizni tushunolmayapsizlar. Bir-biringga xo’p desang bo’ladi-ku, deb amerikaliklar bizga shuni o’rgatyapti. Ularda bu bor narsa. Ular buni o’zaro hurmat deydi. Lekin kecha yoki undan oldingi kun kelgan bizning o’zbekistonliklar shu narsaga umuman ahamiyat berishmaydi. Buning ortidan urush-janjallar, ajralishlar juda ham ko’p”, - deya qo’shimcha qiladi o’zbekistonlik politsiya xodimi.

Vatandoshlari imomlarni tashkilotdan chiqishlariga qadar savolga tutdi.

“Sizda emas bu, ammo ba’zi domlalarda zarda, do’q-po’pisa qilib gapirishlari bor. Bu O’zbekistonga xos uslubmi? Chunki mening bilishimcha, yumshoqlik bilan gapirsa ta’sirliroq bo’ladi”, - deydi Sharofiddin Mashrabiy, Nyu-Jersi shtatidagi o’zbekistonliklar jamiyati faoli.

Nyu-York shahri

Imomlarning tashrifi Qo’shma Shtatlardagi vatandoshlar uchun naqadar muhim?

“Ularning kelishiga odamlarimizning fikr-qarashlarini so’raydigan bo’lsangiz, men shaxsan biladigan odamlar ichida ularni qo’llab-quvvatlaganlarni ko’rganim yo’q. Balki aksi, nega? Hech kimga sir emas, Karimov paytida bizning yoshlar qanchasi masjidlarga borib, namoz o’qiyman deb masjiddan kimlardir ularning ro’yxatini berib podvallarga tushib qiynoq va so’roqlarga duch kelganini menimcha hamma biladi. Va bu ishlar hamon u yoshlarning xotirasida. O’zbekistondan bu yerga kelayotgan imomlarni ko’rganda, ularning xotirasiga o’sha kunlar keladi. Xalq, menimcha, aksincha masjidga chiqishdan yana qo’rqishni boshlaydi”,- deydi suhbatdosh.

“Bu yerda uchrashuv davomida ham qayd etib o’tildi: O’zbekistondan domlalarning bu yerga kelishining muhimligi, bizlarning bolalar ko’pincha har xil masjidlarga chiqadi. Avvalambor o’zimizdan tarbiya oladi. Bizlar bergan ilmdan, qolaversa masjidlarga chiqqanda dunyoning turli chetlaridan kelgan imomlaridan ingliz tili orqali bilim olishadi. Ingliz tilida gaplashgani uchun ingliz tilida [bilim] olishga majbur. Chunki bizlarning farzandlarimiz [ma’lumotni] ingliz tilida qabul qilishadi, ingliz tili orqali muloqot qilishadi. Bu domlalarning kelib, o’zbek tilida, bizlarning o’zbekcha dinimizga, bizlarning mazhablarimizga ayni to’g’ri keladigan ilmlarni berishlari juda muhim deb hisoblayman. Chunki bu yerda yo’nalishlar har xil, qarashlar har xil. O’zi islom dini serqirra, sermazhab, shuning uchun to’g’ri mazhabda, ota-onalarimizdan, ota-bobolarimizdan qolgan urf-odatlarga xiyonat qilmagan holda, bizlarning mazhablarga xiyonat qilmagan holda bilim va ilm olishi juda muhim deb hisoblayman. Shu borada domlalarning kelib turishi, hozir ham domlalardan iltimos qildim, domlalar kelib faqat o’zbek tilida emas, ingliz tilida ham tayyor bo’lib, ingliz tili orqali O’zbekistonda mavjud mazhablardan kelib chiqqan holda, bizlarning qarashlarimizdan kelib chiqqan holda ingliz tilida ma’ruzalar qilishsa, bizlarning bolalarga ko’proq ta’sir qiladi. Bu juda muhim”, - deydi Sharofiddin Mashrabiy.

Ismini va yuzini sir saqlashga qaror qilgan suhbatdosh deydiki:

“Amerikada mana shuncha yildan buyon yashab kelyapmiz, bu yerda zulm yo’q. Repressiya yoki so’roqlar, tekshiruvlar ham. Masjidlar ochiq. Istagan inson istagan masjidiga borib istaganicha ibodatini qilsa bo’ladi”.

Ulamolar bordi-keldisidan umid shuki, deydi ba’zi vatandoshlar, bu yerdagi o’zbekistonliklarning dardi bu imomlar orqali O’zbekistonga asl holicha yetar.