Qatarda futbol bo’yicha jahon chempionati boʻlib oʻtayotgan bir paytda bu mamlakatda mehnat migrantlari yuzlashadigan og’ir ish sharoitlari haqida ko’p gapirilmoqda. AQShdagi bir guruh mehnat muhojirlari himoyachilari bunday huquqbuzarliklar Amerikada ham yuz berishiga e’tibor qaratdi.
“Gap shundaki, AQShdagi mehnat muhojirlari ham Qatarda ishlayotgan ishchilar duch kelgan koʻplab muammolar bilan kurashmoqda”, - deydi bosh qarorgohi Shimoliy Karolinada joylashgan Milliy fermer xoʻjaligi uyushmasi ijrochi direktori Juli Teylor “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.
Teylorning so'zlariga ko'ra, ishchilar "haddan tashqari issiqda ishlashga majbur bo'lish, ish haqining o'g'irlanishi, yomon turar joy, tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatining yo'qligi, shaxsiy himoya vositalarining yetishmasligi" kabi muammolar bilan yuzlashadi.
"Qatardagi fojiaga toqat qilmaslik kerak va bu amerikaliklarga o'z uyimizda sodir bo'layotgan ko’rguliklarni eslatish uchun ham muhim imkoniyatdir", - deydi Teylor.
Ayrim shtatlarda va shaharlarda vaziyatni o’nglash uchun bir qator ishlar qilingan. Masalan, o'tgan yili Nyu-Yorkda fermer xo'jaliklari ishchilari o’z ish sharoitlarini jamoa bo’lib muzokara qilish huquqini qo'lga kiritdi. Bu ularga yuqori ish haqi va yaxshi ish sharoitlariga ega bo’ish imkonini beradi.
Buni ham ko'ring O'lim ko'pligiga qaramay migrantlar Qatarda ishlashga oshiqmoqdaO'tgan oy Yangi Orleanda AQSh Mehnat vazirligi Meksika konsulligi bilan Luiziana va Missisipidagi ispan tilida so'zlashuvchi ishchilarga Qo'shma Shtatlardagi huquqlari, shuningdek, treningdan foydalanish imkoniyati haqida ma'lumot berish bo'yicha kelishuvni yangiladi.
"Meksika konsulligi bilan hamkorlik qilish orqali biz ish beruvchilar ham, ishchilar ham o'z majburiyatlari va huquqlarini tushunishlarini ta'minlash qobiliyatimizni oshiramiz", - dedi Mehnat vazirligi rasmiysi Troy Mouton "Amerika Ovozi" bilan suhbatda.
Bu kelishuv o’z haq-huquqini yaxshi bilmaydigan ishchilarga nisbatan huquqbuzarliklar sodir etilishini kamaytirishi va ish beruvchilarni ish haqini qonun bo’yicha vaqtida to’lashga majburlashi umid qilinmoqda.
Bu ijobiy qadamlarga qaramay, mehnat migrantlari huquqlarini himoya qilish bo’yicha hali qilinadigan ishlar ko’p, deydi faollar.
Iqtisodiyot uchun muhim ishchilar
Pyu tadqiqot markazi tomonidan 2017-yilda o'tkazilgan tadqiqotga ko'ra, Amerikada har qanday vaqtda taxminan 12 million mehnat muhojiri bor. Ularning ba'zilari qonuniy asosda ishlaydi, boshqalari esa yo'q. Amerikada millionlab ish o'rinlari to'ldirilmagan va ishchi kuchi taqchilligi mavjud hozirgi sharoitda muhojirlar va vaqtinchalik ishchilar ishtirokisiz ahvol yanada yomonroq bo'lardi, deydi mehnat huquqi bo’yicha ekspertlar.
Buni ham ko'ring Oraliq saylovlar: immigratsiya bo'yicha qanday o'zgarishlar bor?"Mehnat migrantlari iqtisodiyotning deyarli barcha sohalariga o'z hissalarini qo'shmoqda", - deydi Kasaba uyushmalari federatsiyasining immigratsiya siyosati bo’yicha direktori Shennon Lederer. – "Ular ayni paytda barcha sohalarda va butun sanoatda ekspluatatsiya qilinmoqda. Bu keng ko’lamli inqiroz".
Moutonning aytishicha, vaqtinchalik chet ellik ishchilar so'nggi yillarda Yangi Orlean iqtisodiyotida katta rol o'ynagan.
“Yaqin tarixda Luizianada mehnat muhojirlari sonining koʻpayishiga olib kelgan eng muhim voqea 2005-yildagi Katrina toʻfoni boʻldi, - dedi u Yangi Orleanning 80 foizini suv ostida qoldirgan va 1800 dan ortiq odamning yostig’ini quritgan dahshatli boʻronni eslab. - Mehnat muhojirlarimizning aksariyati Meksikadan va Markaziy Amerikaning boshqa joylaridan kelgan va ularning bo'rondan keyin vayronalarni tozalash, buzish va oxir-oqibat rekonstruksiya qilishdagi harakatlari bizning shahrimizga katta ta'sir ko'rsatdi."
Shunga o'xshash holat Laura, Delta va o'tgan yilgi Ida to'foni kabi keyingi tabiiy ofatlar ortidan ham yuz berdi, ammo Moutonning ta'kidlashicha, mehnat muhojirlarining hissasi aslida tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etishdan kattaroq.
"Luiziana shtatidagi mehnat muhojirlarining aksariyati qurilish, qishloq xo'jaligi va dengiz mahsulotlarini qayta ishlash sanoatida ishlaydi. Bularning barchasi Luiziana iqtisodiyoti uchun muhim", - deya qo’shimcha qildi u.
Your browser doesn’t support HTML5
Og’ir ish sharoitlari
Shtab-kvartirasi Texasda joylashgan Migrantlar tarmog‘ining bosh dastur xodimi Emi Libman fikricha, COVID-19 pandemiyasi mehnat muhojirlari Amerika va uning iqtisodiyoti uchun qanchalik zarur ekanligini ko’rsatdi. Uning so'zlariga ko'ra, bu ishchilar yuzlashadigan og’ir ish sharoitlari mamlakat uchun sharmandali holat.
"Men yashayotgan joydan 120 kilometr radiusda 10 ta tovuqni qayta ishlash zavodimiz bor va bu qiyin ishni ko'plab mehnat muhojirlari bajarmoqda, - dedi u "Amerika Ovozi" bilan suhbatda. - COVID-19 ning eng yuqori cho'qqisida, kun bo'yi tor joylarda mehnat qilgan ba’zi ishchilar kasal bo'lib, virusdan o'ldi va oilalarini ham kasal qildi."
"Ularda qo’rquv bor. Agar siz xo'jayiningizga shikoyat qilsangiz, siz nafaqat ishdan bo'shatilasiz, balki deportatsiya ham qilinasiz", - deya qo’shimcha qildi Libman.
Libman va Lederer kabi mehnat huquqi himoyachilarining aytishicha, ishchilar nima uchun birinchi navbatda Qo'shma Shtatlarga kelishlarini tushunish ularning iqtisodiy ahvoli naqadar og’ir ekanini anglashga yordam beradi. Bu ko'pincha urush, zo'ravonlik, siyosiy beqarorlik va tabiiy ofatlar kabi sabablar yoki Amerika Qo'shma Shtatlarida arzon ishchi kuchiga bo'lgan talab kabi omillar bilan bog’liq.
"Sizning Qo'shma Shtatlarda yollovchilaringiz bor. Ular boshqa mamlakatlardan ishchi topib, ulardan AQShda ishlash huquqi uchun to'lov talab qilmoqda. Keyin ular AQShga qarzga botib keladi va bu ularning ahvolini yanada abgor qiladi. Shuningdek, ularning vizasi bitta ish beruvchiga bog'langan. Agar turar joyida odam ko’pligi haqida shikoyat qilsa yoki o'z vaqtida maoshini olmagani uchun biror narsa desa, ish beruvchi ularni ishdan bo'shatishi va o'z vatanlariga qaytarilishi mumkin”, - deydi Lederer.
Keng qamrovli yechimlar kerak
Libmanning so'zlariga ko'ra, iqlim isishi mehnat muhojirlarining ahvolini yanada og’irlashtirmoqda, chunki ular ko'pincha issiq va xavfli sharoitlarda ochiq havoda mehnat qiladi. Bu sog'liq bilan bog’liq yangi muammolarni o’rtaga chiqaradi.
Your browser doesn’t support HTML5
"Muhojir sifatida yaxshi tibbiy yordam olish allaqachon qiyin, ammo bunga migratsiya masalasini qo'shing, - deb tushuntirdi Libman. - Har safar yangi joyga ko'chganingizda hamma narsani qayta o'rganishga vaqt ajratishingiz kerak. Sizga va oilangizga kim g'amxo'rlik qiladi? Jamoat salomatligi markazi qayerda? U yerga qanday borasiz? Qanday qilib to'laysiz? Mehnat muhojirlari ko'p bo'lgan hududlarda sog'liqni saqlash markazlari ko'pincha yangi odamlarni qabul qila olmaydi. Unda nima bo'ladi?”
Immigrantlar himoyachilari mehnat muhojirlari uchun sharoitlarni yaxshilash uchun federal darajada choralar ko'rish zarurligini aytadi.
"Bu favqulodda holat va biz haqiqiy yechimlarni topishga jiddiy kirishishimiz kerak", - deydi Lederer.
"Agar biz iqtisodiyotimiz uchun zarur bo'lgan ishchi kuchi uchun mehmondo'st mamlakat yaratmoqchi bo'lsak, asosiy e'tibor muhojirlarning bu mamlakatga doimiy ravishda kelishiga va bu yerda bo'lgandan keyin ish joylarini o'zgartirishiga imkon beradigan uzoq muddatli yechimlarga qaratilishi kerak", - deya qo’shimcha qiladi u.