Istanbulda uyg'urlar Xitoyga qarshi namoyishda

  • Amerika Ovozi

Turkiya ko'chalarida, Istanbul, 30-noyabr, 2022

Muhammad Mehmet Ali vatanida 24-noyabr kungi yong’inda onasi va to’rt jigaridan ayrildi. Shundan beri Xitoyga qarshi namoyishda. Istanbulda “Amerika Ovozi” bilan gaplashar ekan, Mehmet Pekindagi rahbarlarni ataylab uyg’urlarni ezayotganlikda ayblaydi. Xorijdagi uyg’urlar g’azabda, adolat talab qilmoqda.

Mehmet yaqinlarini oxirgi marta 2016-yilda ko’rgan. Ularning o’limi haqida esa ijtimoiy tarmoqlardan o’rgandi.

“Boshida ishonmadim. Ikki kun o’tib, suratlarda onamning va singlimning jasadiga ko’zim tushdi. Bizning uyimiz yongan ekan o’sha kuni”, - deydi u.

Mehmet olti yildirki, Turkiyada. O’qidi, hozirda ishlaydi. Oldinlari Xitoy uyg’urlarga chetga chiqish uchun ruxsat berar edi.

2017-yilda Xitoy hukumati Mehmetning otasi va akasini qamoqqa oldi. Ular tirikmi yo o’lik, noma’lum. Balki mehnat lagerlarida o’tirgandir, deya taxmin qiladi suhbatdoshimiz.

Bunday qamoqxonalarda, tadqiqotlarga ko’ra, bir millionga yaqin uyg’ur saqlanadi. Mehnat lagerlari haqidagi iddaolarni Pekin inkor etadi.

Oq uy oldida doimiy namoyishdagi uyg'urlardan biri, Vashington

“Dunyo ahli jim turmasligi kerak. Bizning jonimiz jon emasmi? Bizni bu qadar qiynashar ekan, nimadir qilish kerak”, - deydi Mehmet.

Xitoyda koronavirusga qarshi keskin choralar sabab odamlar yong’indan qocha olmagan, deydi namoyishchilar.

Hukumatga ko’ra, 10 kishi o’lgan. Uyg’urlar esa bu raqamlarga ishonmaydi.

“Odamlar binodan chiqa olmagan, chunki qulf bo’lgan. Bizning hisobimizcha, 44 uyg’ur nobud bo’lgan, jumladan bolalar, sakkiz oylik go’dak ham”, - deydi Burhon ismli namoyishchi.

Shinjon rasmiylari yong’in tizimdagi nuqsondan chiqqan, deydi.

Voqea Xitoy bo’ylab, shuningdek, jahon bo’ylab norozilik uyg’otib, namoyishlar tinmayapti.

Namoyishchilar nazarida Xitoy koronavirusdan uyg’urlarga qarshi qo’llanmoqda.

“Pandemiyaning oldini olamiz, deb bizni qirish siyosatini avj oldirmoqda. Cheklovlar aynan biz uchun. Xitoylar bemalol yuribdi, lekin uyg’urlarga kelganda barcha qoidalar qat’iy ishlaydi”, - deydi Javlon ismli namoyishchi.

Xitoy hukumati esa cheklovlar hamma uchun bir, deydi va ularni yumshatganini bildiradi.