Afg’onistonda siyosiy hokimiyat tepasidagi Tolibon tinchlik ta’minlanganini iddao qilayotgan bo’lsa-da, Daish (“Islomiy davlat”) guruhi qonli hujum va portlashlarni uyushtirib kelmoqda.
Shia hazoralarga hujumlar, ayrim diniy faollarning o’ldirilishi, Pokiston elchixonasi va xitoyliklar mehmonxonasiga hujumlarni Daish o’z zimmasiga olgan.
Afg’onistonda Daish faoliyati bilan bog’liq turli fikr-mulohazalar mavjud. Ayrimlar ushbu guruh rivojlanib ketishi mumkinligini aytsa, ba’zilar u tor-mor etilganini ta’kidlaydi.
Vashingtonda asoslangan Demokratiyalarni himoya qilish jamg’armasi tadqiqotchisi Bill Rijioga (Bill Riggio) ko’ra, Daish Tolibon hukumati uchun katta tahdid emas.
Uning ta’kidlashicha, mamlakatda boshqa qurolli guruhlar Tolibon uchun sezilarli darajada xavf tug’dirishi mumkin, Daish Afg’oniston aholisi orasida tarafdorga ega guruh emas.
Siyosiy va harbiy tahlilchi Asadulla Nadim fikricha, Daish siyosiy raqiblarni dahshatga solish uchun mo’ljallangan niqob hisoblanadi. Oldingi hukumatda bo’lgani kabi hozirgi rejim ham shunday usuldan foydalanayotgan bo’lishi mumkin.
“Daish siyosiy nuqtai nazardan hech bir tomon bilan aloqada emas, lekin faoliyati mavjud, ayrim hujum va teraktlarni o’z zimmasiga oladi. Menimcha, ba’zi hujumlarni boshqalar uyushtiradi, ammo Daish o’z bo’yniga oladi”, - deydi Nadim.
Your browser doesn’t support HTML5
Qatar poytaxti Doxada AQSh-Tolibon o’rtasida imzolangan bitimga ko’ra, Tolibon Afg’onistondagi buzg’unchi guruhlarga qarshi kurashishi kerak.
Bill Rijioning aytishicha, Tolibon terrorchi guruhlarga qarshi kurashadi degan tasavvur xatodir, chunki bir qancha guruhlar Tolibon himoyasida ish olib bormoqda.
“AQSh, G’arb davlatlari va Afg’oniston qo’shnilari terrorchi guruhdan terrorchilarga qarshi kurashishni talab qilmoqda. Bu befoyda. Qaysisi g’olib bo’lsa ham faqat terrorchi guruh yutgan bo’ladi”, - deydi Rijio.
Tolibon Al-Qoida, Sharqiy Turkiston, O’zbekiston Islomiy Harakati, Pokiston toliblari va boshqa terrorchi guruhlarga boshpana bergan. Ularga qarshi ish tutmaydi, deydi Demokratiyalarni himoya qilish jamg’armasi tadqiqotchisi.
Sobiq hukumat davrida “Islomiy davlat” a’zolari Nangarhor, Juzjon va Sari Pul viloyatida keng faoliyat yuritib, bir qancha hududlarni nazorat qilar edi.
Ayrimlar nazarida Tolibondan norozi guruhlar Daish safiga qo’shilib, “Islomiy davlat” vaqt o’tishi bilan qayta qad ko’tarishi mumkin.
Oldin Daish guruhiga bay’at bildirgan O’zbekiston Islomiy Harakati a’zolari hanuz Afg’onistonda mavjudligi aytiladi. Markaziy osiyolik jangarilar Afg’onistonda, Tolibon soyasida faoliyat yuritmoqda. Ular kelgusida mintaqa uchun katta tahdid hisoblanadi.