2022-yil Bayden Yaqin Sharqda qanday siyosat olib bordi?

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Xitoy bilan strategik raqobat va Ukraina urushi bilan band bo’lishiga qaramay, Prezident Jo Bayden joriy yil Yaqin Sharqda Eron tahdidiga qarshi an’anaviy hamkorlari Saudiya Arabistoni va Isroil bilan ham aloqalarni esdan chiqarmadi. Ammo bu qanchalik muvaffaqiyatli kechgani bahsli masala.

Jo Baydenning shu yil iyul oyida Saudiya Arabistoniga tashrifi va bu tashrif davomida valiahd shahzoda va defakto hukmdor Muhammad bin Salmon bilan uchrashishi inson huquqlari masalasidagi abgor holatga qaramay, Vashington qirollik bilan yaqin aloqani saqlashga urinayotganini ko’rsatdi. Ukraina urushi va Pekin bilan strategik raqobat bilan band AQSh Yaqin Sharqqa e’tiborni susaytirgani yo’q.

“Biz Xitoy, Rossiya yoki Eron o’rnini to’ldirishi mumkin bo’lgan bo’shliq qoldirmoqchi emasmiz. Tamoyillar asosida faol aloqalarni kuchaytirib boramiz”, - dedi Bayden.

Bunga erishish uchun Bayden mintaqadagi yana bir ittifoqchisi – Isroilga ham alohida e’tibor qaratmoqda. Ilk natijalar ijobiy: Saudiya Isroildan keladigan fuqarolik samolyotlariga o’z havo hududini ochishi ortidan AQSh rahbari Tel-Avivdan Jiddaga tarixiy parvozni amalga oshirdi.

AQSh, shuningdek, Eron tahdidiga qarshi mintaqaviy Arab-Isroil havo mudofaa tizimini qurishni rejalamoqda.

Buni ham ko'ring Isroil jahon qurol bozorida mavqeyini kuchaytirmoqda

“Eronda Mahsa Aminiy politsiya idorasida halok bo’lishi ortidan boshlangan va ikki oydan beri hanuz davom etayotgan namoyishlar tufayli yadro bitimiga erishish masalasiga e’tibor susaydi”, - deydi Uilson markazi tahlilchisi Merissa Xursa.

Ultra-millatchi partiyalar koalitsiyasi yetakchisi sifatida Benyamin Netanyaxuning bosh vazirlikka qaytishi esa Bayden uchun vaziyatni chigallashtiradi.

Yangi hukumat Tehron bilan diplomatiyaga keskin qarshi va Falastin bilan ixtilof ham yanada kuchayishi mumkin.

“Zo’ravonlik va ixtiloflarga sabab bo’lishi mumkin bo’lgan narsalar ko’p. Ma’muriyat esa Isroil siyosatini ochiq tanqid qilishni istamaydi. Lekin endi shunga majbur bo’lishi mumkin, chunki juda ekstremist hukumat iqtidorga kelmoqda”, - deydi Yaqin Sharq instituti eksperti Xolid Elgindi.

Oktabr oyiga kelib Saudiya Arabistoni, AQSh iltimosiga qaramay, OPEK doirasida neft ishlab chiqarishni qisqartirishga qaror qilgach, Vashington-Riyod aloqalari yana taranglashdi.

Ma’muriyat hatto Saudiya bilan munosabatlar qayta ko’rib chiqilishini bildirdi.

AQSh o’zining strategik zaxirasidan bozorga neft chiqarishni boshlagach, yoqilg’i narxlari barqarorlashdi. Bu orada Riyod Pekin bilan ham yaqinlashishga urinar ekan, Oq uy bundan buyon Saudiya Arabistoniga qanday munosabatda bo’ladi?

Buni ham ko'ring Eronning yadroviy bitimga qaytish ehtimoli qanday?

“Buni endi ularning harakatiga qarab hamda hamkorlarimiz va ittifoqchilarimiz, yaqinda ish boshlaydigan Kongress bilan maslahatlashib hal qilamiz”, - dedi Oq uy Matbuot kotibi Karin Jan-Pyer.

Bayden bu yil Yaqin Sharqda erishgan yutuq sifatida Isroil va Livan o’rtasidagi uzoq yillik ixtilofga nihoyat barham berilganini tilga olish mumkin. Moliyaviy resurslarga muhtoj Beyrut Isroil bilan kelishuv ortidan dengiz qirg’og’ida gaz qazish huquqini qo’lga kiritdi.