Kongress 2022-yilda: Ukraina, iqtisodiyot va milliardlab dollarlik loyihalar

  • Amerika Ovozi

Iqlim va ijtimoiy dasturlarni moliyalashdan tortib, bir jinsli nikohlarni himoyalash va sobiq prezidentni tergov qilishgacha, 2022 Senat va Palatada ko’pchilik bo’lgan demokratlar uchun juda band yil bo’ldi.

2022-yilning fevralida AQSh Kongressining zudlik bilan e’tiborini talab qilgan masala bu hujumga uchragan Ukraina edi.

Prezident Volodimir Zelenskiyning harbiy va gumanitar yordam so’rab qilgan murojaatini demokratlar ham, respublikachilar ham qo’llab-quvvatladi.

“Ushbu mojaro Amerikaning milliy va xavfsizlik manfaatlariga bevosita ta’sir ko’rsatadi. Rossiya agressiyasi javobsiz qolmasligi kerak”, - degan edi Mitch Makkonel Senatdagi nutqida.

Your browser doesn’t support HTML5

AQSh Kongressining 2022-yilgi faoliyatiga nazar

Shu tariqa AQSh oktabr oyigacha Ukrainaga qariyb 18 milliard dollarlik yordam jo’natdi. Ba’zi respublikachilar bunday xarajatdan norozi.

“Urush uzoqqa cho’zilishi, Amerikaning pullari va resurslari yana ancha vaqtgacha talab qilinishi ayonlashgach, ba’zi respublikachilarning pozitsiyasi o’zgara boshladi, ayniqsa saylovdan oldin. Qonunchilar “juda ko’p pul sarflayapmiz, o’zimizda muammolar yetarli” deb chiqdi”, - deydi siyosatshunos Keysi Burgat.

Ichki siyosatda esa pandemiyadan keyingi iqtisodiy tiklanish – asosiy masala. Ijtimoiy dasturlar, sug’urta, iqlim va energetika sohasida qator tashabbuslarni o’z ichiga olgan 430 milliard dollarlik paket Kongressda ovozdan o’tdi. Bu Inflyatsiyani pasaytirish to’g’risidagi qonun deb ataladi.

“Bayden ma’muriyati iqlim o’zgarishiga qarshi ko’zlagan choralarning ko’pi shu qonunga kiritilgan. Toza energiya ishlab chiqaruvchilar va iste’molchilar uchun soliq imtiyozlari taklif qilinadi”, - deydi tahlilchi Eymi Deysi.

Yozda Oliy sud abort qildirish konstitutsion huquq emas, degan qaror chiqarganidan so’ng demokratlar bu huquqni himoya qilish uchun yetarlicha ovoz to’play olmadi. Ammo bir jinsli nikohlarga qonuniy maqom berish bo’yicha qonunni har ikki partiya ma’qulladi.

Vakillar palatasida demokrat va respublikachilar Kapitoliyga uyushtirilgan hujumni tergov qilgan qo’mita faoliyati yuzasidan yil davomida tortishdi. Donald Trampning 2020-yilgi saylov natijasini bekor qilishga urinishi bo’yicha tinglovlar o’tdi, uni savol-javobga chaqirishga qaror qilindi.

Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi, hokimiyatdagi uchinchi eng muhim lavozimni egallab kelgan shaxs, Demokratik partiya yetakchiligidan ketishini e’lon qildi.

“Demokratlarga yetakchilikni yangi avlod vakillariga topshirish vaqti keldi”, - deydi Pelosi.

U qattiqqo’l, cho’rtkesar va uddaburo siyosatchi sifatida tilga olinadi.

“Agar u ertaga lavozimini tark etsa ham siyosatda chuqur iz qoldirgan bo’ladi. Yirik qonunlar qabul qilinishida uning roli beqiyos. Birinchi ayol spiker ko’plab to’siqlarni yorib o’tgan”, - deydi Eymi Deysi.

Yangi Kongressda respublikachilar Vakillar palatasida endi ko’pchilik. Senatda esa demokratlar kichik farq bilan ustunlik qilishda davom etadi.