Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo’jayev ishdan olinishi ortidan jamoatchilik hokimlikka nomzodlarni saralashga tushgan. Qonunchilikka ko’ra, hokimlarni prezident tayinlaydi, ular saylanmaydi. Jamoatchilik tashabbusi shunchaki umidlarni ifodalaydi.
Faollar tashabbusi shahar hokimi ishdan olinishiga norozilik emas, ko’proq uning o’rinini egallashi kutilayotgan hokimning kimligiga, jamoatchilik poytaxt hokimi sifatida kimni ko’rishni istayotganiga taqaladi.
Ayni paytda poytaxt hokimi vazifasini birinchi o’rinbosar lavozimida ishlab kelgan Baxtiyor Rahmonov bajarmoqda. Uni vaqtincha Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlash to’g’risida farmon yo’q, e’lon qilinmagan.
Baxtiyor Rahmonovning hokimlikka tayinlanishi jamoatchilikda, jumladan, matbuotda iddiy noroziliklar uyg’otgani kuzatiladi.
Buni ham ko'ring Ortiqxo’jayevning ishdan olinishi hukumatdagi inqirozdan darakmi?Rahmonov Toshkent shahar hokimi o’rinbosari lavozimiga kelgunga qadar poytaxtdagi bir necha tumanlarni boshqargan. U asosan so’kinish, haqorat, mushtumzo’rlik bilan jamoatchilik e’tiborini tortgan hokimlardan biri.
U shahar hokimligiga asosiy nomzodmi yoki uning o’rniga boshqa nomzod tayinlanadimi, hozircha noma’lum. Ammo ijtimoiy tarmoqlarda nomzod ko’rsatish tashabbusi qizg’in davom etayotgani kuzatiladi.
Jamoatchilik hokim sifatida ko’rishni istayotgan asosiy nomzod yaqinda deputatlik maqomidan voz kechgan Rasul Kusherboyevdir.
Jamoatchilik darajasidagi taklif, tashabbusning ijtimoiy tarmoqlarda jiddiy muhokama qilinishi ortidan sobiq deputatning o’zi ham bu borada bayonot bilan chiqdi. U O’zbekistonda hokimlar xalq tomonidan saylanmas ekan, hokim vazifasini bajarish niyatida emasligini aytdi.
Kusherboyevga ko’ra, O’zbekistondagi hozirgi vaziyatda hokim bo’lish har qanday vijdonli kadrni “sindiradi”, chunki hokimlar tepadagilarning noqonuniy buyruqlarini bajarishga majbur.
Kusherboyev o’z so’zlarining tasdig’i sifatida Samarqandda Shanxay Hamkorligi Tashkiloti (ShHT) sammiti arafasida o’nlab odamlarning mulki sud qarorisiz, hukumat topshirig’i bilan buzib tashlangani, hokim noqonuniy bu qarorni bajarishga majbur qolganini misol keltiradi.
“Hozirgi sharoitda har qanday iqtidorli, bilimli odamni ham bunaqa ishlar sindirib qo’yishi mumkin. Men shaxsan noqonuniy topshiriqlar beruvchi, noqonuniy topshiriqlar bajariluvchi joyda ishlashni istamayman. Agar hokimiyatlar bir guruh shaxslarning manfaati emas, odamlarning manfaatlari yo’lida ishlaydigan sharoit bo’lib, menga shu taklifni berishsa (shahar hokimligi lavozimini) men rozi bo’lar edim. Lekin hozirgi kecha kunduzda menga shunday taklif berilgan taqdirda ham, men bunday joyda ishlay olmasligimni bildiraman”, - deydi Rasul Kusherboyev ijtimoiy tarmoq orqali o’z o’quvchilariga murojaat qilar ekan.
Kusherboyev Jahongir Ortiqxo’jayevning ishdan olinishiga ham munosabat bildirib o’tgan. Uning ta’kidlashicha, Ortiqxo’jayev faoliyati davomida xatolarga yo’l qo’ygan, xususan shahar ekologiyasiga zarar keltirgan, ayrim kompaniyalar manfaatini surgan. Ammo shu bilan bir qatorda, Ortiqxo’jayevning shahar aholisiga ham yordami tekkani, odamgarchiligi borligini inkor etmaslik kerak.
Kusherboyev O’zbekistondagi boshqaruv tizimi uchun uzoq yillardan buyon taqiq ostida qolayotgan masala – mahalliy hokimlarni saylash tizimini joriy etish zarurligiga diqqat qaratadi.
Prezidentni, deputatlarni saylagan xalq nima uchun hokimlarni saylay olmasligi haqida savol qo’yadi.
Bu murojaatning kimga yo’llangani ochiq aytilmagan, ammo savol qo’yilishi Prezident Shavkat Mirziyoyevning o’zbek xalqi hali mahalla raislarini ham saylash darajasiga yetmaganiga doir iddaolarini eslatadi.
Diqqatlisi, Mirziyoyev o’zbek xalqi hali hokimlarni saylashga tayyor emasligiga doir gaplarni aynan viloyat kengashidagi chiqishida aytgan edi.
“Hokimlar ham saylansin, degan gaplar juda ko‘p muhokama qilinadi. Buni o‘zim ham aytganman. Lekin bir savol bor: hokimlarni saylashga hozir biz tayyormizmi? Bitta mahalla raisini adolatli saylay olmaymiz-ku: to‘da-to‘da bo‘lib, o‘z yaqinlarimiz yoki tanishlarimizni saylaymiz. Jamiyat tayyor bo‘lmagan muhitga saylovlarni qo‘yish xiyonat emasmi? Men buni xohlamaymanmi? Juda ham xohlayman, buni juda yaxshi tushunaman. Ammo kimni saylaymiz? Lekin men ishonaman, vaqt o‘tib, albatta, hokimlarni ham saylash jarayoniga yetib kelamiz”, - degan edi Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyati mahalliy kengashi deputatlari yig’inidagi chiqishida.
Bu yig’ilishda Toshkent viloyati hokimi Rustam Xolmatov ishdan olingan, o’rniga Davron Hidoyatov tayinlangan edi. Ayni paytda Toshkent viloyati hokimligiga Zoyir Mirzayev tayinlangan, Davron Hidoyatov Chirchiq shahri hokimligiga o’tkazilgan.
Jahongir Ortiqxo’yev qish mavsumiga yaxshi tayyorgarlik ko’rilmagani, poytaxtdagi energetik uzilishlar bois ishdan olingan.