Kanada parlamenti Xitoydan qochgan 10 ming uyg’urga boshpana berish taklifini bir ovozdan ma’qulladi.
2021-yilning fevralida Kanada qonunchilari Pekinning Shinjondagi uyg’urlar va boshqa turkiy xalqlarga nisbatan yuritayotgan siyosatini genotsid deb tasniflagan edi.
Huquq faollariga ko’ra, Xitoy kamida bir million uyg’ur va boshqa musulmonlarni qayta tarbiyalash lagerlarida saqlamoqda. Bu joylarda ayollar sterilizatsiya qilingani, odamlar majburan ishlatilgani haqida ma’lumotlar bor.
Uyg’urlarga boshpana berish taklifini olg’a surgan Kanada parlamenti a’zosi Samir Zuberining aytishicha, Xitoydan qochgan uyg’urlarning kamida 1600 nafari Xitoyning talabi bilan boshqa mamlakatlarda qo’lga olingan yoki majburan vataniga qaytarilgan.
Buni ham ko'ring Xitoyni tark etgan uyg’ur Shinjondagi hayotni tasvirlab berdiParlament ovoz bergan hujjat majburiy kuchga ega bo’lmasa-da, deydi Zuberi, Bosh vazir Jastin Tryudo va hukumat a’zolari taklifni qo’llab-quvvatlaydi.
“Uyg’urlar huquqlari poymol etilar ekan, biz jim qarab tura olmaymiz”, - deydi qonunchi.
Uyg’ur huquqlarini himoya qilish loyihasi nomli tashkilot rahbari Mehmet Toxtiga ko’ra, Kanada qonunchilarining qarori nafaqat Xitoy va Kanadada, balki butun dunyo bo’ylab aks-sado beradi.
Hujjatda yozilishicha, “uchinchi mamlakatlarga qochgan uyg’urlar Xitoyga qaytish uchun Xitoy hukumati tomonidan bosim va qo’rquvga duchor bo’lmoqda”. Pekin, shuningdek, ularni hibsga olish va deportatsiya qilish uchun hukumatlarga diplomatik va iqtisodiy bosim o’tkazayotganlikda ayblanadi.
2024-yildan boshlab, ikki yil davomida 10 ming uyg’urni Kanadada joylashtirish ko’zda tutilmoqda.
Xitoyning ta’kidlashicha, Shinjondagi lagerlar terrorizmga qarshi kurashda va ozchilikdagi guruhlarga kasbiy ta’lim berishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Qo’shma Shtatlar ham uyg’urlarga qarshi repressiyani genotsidga tenglashtirgan. Butunjahon uyg’urlar kongressi prezidenti To’lqin Isa deydiki, Xitoy uyg’urlarni tili, madaniyati, dini, tarixi va o’zligidan ayirmoqda.