O’zini Jamol deb atovchi uyg’ur yaqinda Xitoyni tark etgan va “Amerika Ovozi” bilan suhbatda Shinjondagi hayotni tasvirlab berdi. Xitoydagi qarindoshlariga ziyon yetmasligi uchun u intervyuni soxta ism ostida berishni so’radi.
BMTning Inson huquqlari bo’yicha oliy komissariati 2022-yilning avgustida chiqargan hisobotga ko’ra, Shinjonda inson huquqlari jiddiy ravishda poymol etilmoqda.
Xalqaro tashkilotlar Xitoyni uyg’urlarni va boshqa musulmonlar xalqlarni asossiz hibsga olishda ayblaydi. Mahbuslar lagerlarda qiynoqqa solingani haqida ham ma’lumotlar bor.
Ko’pgina G’arb davlatlari, jumladan AQSh, Xitoyning uyg’urlarga bo’lgan munosabatini genotsid deb ta’riflaydi. Pekin ayblovlarni rad etib, hibsxonalarni terrorizm va ekstremizmni bartaraf etishga qaratilgan “kasb-hunar markazlari” deya taqdim etadi.
Aholini ro’yxatga olish bo’yicha 2020-yilgi hisoblarga ko’ra, Shinjon-Uyg’ur avtonom viloyatining 25 millionlik aholisidan 11 millioni, ya’ni 45 foizi uyg’urlar. Regionda 10 million xan xitoylar yashaydi, shuningdek, musulmon etnik guruhlar, jumladan qozoq, qirg’iz, o’zbek va xueylar.
Amerika Ovozi: BMTning avgust oyidagi hisobotida yozilishicha, Xitoy Shinjondagi musulmon aholining erkin harakatlanishini cheklab qo’ygan, uyg’urlar va boshqa musulmonlarning pasportlarini olib qo’ygan? Shu rostmi?
Jamol: Ha, bu haqiqat. Uyg’urlarning pasportlarini musodara qilish 2016-yilda boshlangan. Pasportimizni politsiyaning milliy xavfsizlik bo’limiga topshirishimiz so’ralgan. Saqlab turamiz, agar chet elga chiqmoqchi bo’lsangiz, qaytaramiz deyishdi. Xitoyning Shinjondagi pasport siyosatining maqsadi – hech kimni chegaradan o’tkazmaslik, hammani mintaqaning o’zida ushlab turish. Uyg’urlarga yangi pasportlar ham berilmaydi, siyosat shu.
Amerika Ovozi: Agar hukumat siyosati uyg’urlarga pasportini qaytarib bermaslik va yangi passport ham bermaslik bo’lsa, unda siz Xitoy pasporti bilan qanday qilib chet elga chiqdingiz?
Jamol: Turmush o’rtog’im xorij fuqarosi. Pasportimni olishim uchun bir necha yil qog’ozbozlik bo’ldi. Shuningdek, xotinim xorij fuqarosi ekanligi sababli rasmiylardan pasportimni qaytarib berishni talab qilishdi. Hukumat pasportimni qaytarganining asosiy sababi shu, menimcha.
Amerika Ovozi: Pasportni qo’lga olish va Xitoyni tark etish uchun qanday protseduradan o’tdingiz, aytib bera olasizmi?
Jamol: Birinchi navbatda politsiya sizni va oila a’zolaringizni integratsiyalashgan qo’shma operatsiyalar platformasida tekshiradi. Agar hammasi joyida bo’lsa, ya’ni oilangizda sudlangan, qamoq jazosiga hukm qilingan yoki qayta tarbiyalash lageriga yuborilganlar bo’lmasa, politsiya boshlig’ining yakuniy qarorini kutasiz. Agar u ruxsat bersa, pasportingizni qaytarishadi.
Lekin bu pasport bilan chet elga chiqish mumkin degani emas. Har bir uyg’ur Xitoydagi har bir chegara punktida Shinjon hukumati bergan rozilik xatini ko’rsata olishi kerak.
Uyg’urning qo’lida Xitoy pasporti va biror davlatning vizasi bo’lib, mahalliy hukumat bergan hujjat bo’lmasa, Xitoydan chiqa olmaydi.
Pasport, viza va rozilik hujjati bo’lgan uyg’urlar maxsus joyga olib boriladi, u yerdan Shinjon politsiyasiga telefon qilib, hujjatning haqiqiyligini tasdiqlash so’raladi. Agar politsiya tasdiqlasa, yo’lingizda davom etasiz.
Amerika Ovozi: Shinjondagi uyg’urlarning 2022-yildagi hayotini tasvirlab bering…
Jamol: 2022-yilda qayta tarbiyalash lagerlaridan ozod etilgan ayrim uyg’urlar Shinjonda yoki boshqa viloyatlardagi fabrikalarga ishga ko’chirildi.
Ko’chirilmagan odamlar o’tmishi va hukumat diskriminatsiyasi tufayli osonlikcha ish topa olmadi. Lagerga jo’natilgan davlat xizmatchilariga avvalgi ishiga qaytishga ruxsat berilmadi. Misol uchun, men tanigan adabiyot professori hozir avvalgi ish joyida qorovul bo’lib ishlayapti. Ba’zilar lagerdan chiqarilmadi, qamoqqa hukm qilindi.
2022-yilning yana bir tendensiyasi shu bo’ldiki, Xitoy hukumati uyg’urlarni asossiz hibsga olishni to’xtatmadi. Aksincha, lagerda bo’lib qaytganlarni ham qayta qamoqqa oldi.
Universitetda dars beruvchi do’stim bor, 2022-yilgacha ikki bor hibsga olingan. 2022-yilning bahorida uchinchi bir hibsga olindi, hozir oilasi uning qayerda ekanini bilmaydi. Xullas, Shinjon uyg’urlarining 2022-yildagi hayoti bu – qo’rquv va umidsizlik normallashgani.
Amerika Ovozi: Hukumat 2022-yilda, kovid bilan bog’liq karantin davrida Shinjonda hibslarni to’xtatdimi?
Jamol: Oddiy odamlar karantin paytida uyda o’tirishga majburlandi. Shinjondagi karantinning Xitoyning boshqa hududlaridan farqi shundaki, xavfsizlik organlari faol ish olib bordi, uylarni tintuv qilib, ko’proq odamlarni hibs oldi.
Amerika Ovozi: Dunyo o’tgan yili Shinjonda sodir bo’lgan yana qanday voqealar haqida bilishi kerak?
Jamol: 2022-yilda mayida [BMTning inson huquqlari bo’yicha bosh komissari] Mishel Bachelet mintaqaga tashrif buyurganida, men Urumchida edim. Hukumat kovidni bahona qilib, shahardagi uyg’ur mahallalarni yopganiga guvoh bo’ldim.
Bachelet Xitoyni tark etganidan keyin hudud ochildi. Hukumatda ishlaydigan qo’shnimning aytishicha, hukumat BMT rasmiysining tashrifi chog’ida uyg’urlarning erkin harakatlanishini xohlamagan.
Amerika Ovozi: Xan xitoylari uchun hayot qanday Shinjonda?
Jamol: Ko’pchilik uyg’urlar mintaqaning boshqa hududlari yoki Xitoy shaharlariga borishni istasa, juda ko’p to’siqlarga duch keladi. Avval rasmiylardan maxsus ruxsatnoma olish kerak. Xan xitoylar esa uyg’ur yoki qozoqlarga nisbatan erkin harakatlana oladi. Ular uchun to’siqlar yo’q.
Ammo kovid cheklovlari tufayli xan xitoylar ham yaqindan boshlab harakat erkinligi cheklangani haqida shikoyat qila boshladi.
Facebook Forum