“Google”, “Amazon”, “Meta” va “Microsoft” kabi gigant kompaniyalar ishchi kuchlarini qisqartirgani sababli texnologiya sohasida so'nggi bir necha oy ichida o'n minglab ish o'rni kamaydi. Shunga qaramay, iqtisodiyotning boshqa jabhalarida hanuz ishchilar yetishmayapti.
Yigirma to'qqiz yoshli Alek Antignani oilasining Bruklinda joylashgan “Philco Plumbing” biznesini davom ettirish uchun moliyaviy xizmatlar sohasidagi karyerasidan voz kechdi. Unga ko'ra, 2022-yil kompaniyasiga mo’may daromad keltirdi va uning 2023-yildan ham umidlari katta.
“Men ishchi qidiryapman. Har doim ishchi qidiraman. Haftada bir kun intervyu qilaman. Har chorshanba kuni intervyu o'tkazamiz", - deydi u.
Savdo va boshqa xizmat ko’rsatish sohasidagi kompaniyalar odam yollashda qiynalayotgan bo'lsa-da, yirik kompaniyalar, ayniqsa, texnologiya gigantlari pandemiya davrida sezilarli darajada kengaygan ishchi kuchlarini qisqartirish yo’lidan bormoqda.
Yanvar oyida “Google” 12 ming, noyabrda “Meta” 11 ming va 31-martgacha “Microsoft” yana 10 ming ish o’rnini qisqartirdi. Bu hozir butun texnologiya sektorida tarqalgan tendensiya.
"Biz ko’rayotgan narsa – kengayib ketgan narsani qisqartirish. Ular ortiqcha odam yollashdi. Kompaniyalar qiyin paytlarda yuz beradigan qisqartirish oldidan o’zlarini shu kunlarga moslashtirmoqda”, - deydi Fordem universiteti eksperti Jiakomo Santanjelo.
Buni ham ko'ring Nega texnologiya kompaniyalari minglab xodimlarini ishdan bo'shatdi?Ba'zi ekspertlar buni "qisqa muddatli tanazzul" deb atamoqda. Ammo iqtisodiyotning turli sohalariga u turlicha ta'sir qiladi.
“Odamlar iqtisodiyotni har xil boshdan kechiradi. Yuqori malakali xodimlar quyiroq tabaqadagi ishchilar boshdan kechirmaydigan turg’unlikka duch kelishi mumkin", - deydi Santanjelo.
Buning sababi shundaki, xizmat ko’rsatish sohasida hanuz ishchilar yetishmayapti. Bu esa ish haqining oshishiga olib kelmoqda.
"Ishchilar yetishmovchiligi mavjud ekan, maoshlar oshishi davom etadi", - deydi ekspert.
Yuqori malaka talab qilinmaydigan ishchilar sonining kamayishida madaniy qarashlarning ham o’rni bor.
"Menimcha, bizda oliy o’quv yurtiga borish juda muhim, degan gap qoidaga aylandi. Hunar o’rganish muhim deyish o'rniga, universitetga borish muhim, deb aytadigan bo’ldik”, - deydi Santanjelo.
Buni ham ko'ring AQSh iqtisodiyoti ancha o'sgan, ishsizlik kamayganMutaxassislarga ko’ra, sohalarning yangi texnologiyalar bilan moslashishi ham muhim.
"Agar bu sohalarga ko'proq texnologiya kirib bormasa, yoshlarni jalb qilish qiyin bo’ladi, chunki bizning avlodni texnologiya boshqaradi", - deydi Alek Antignani.
Mutaxassislarning ta'kidlashicha, xizmat ko’rsatuvchi soha ishchilariga bo'lgan talab va ularning oshib borayotgan ish haqi oxir-oqibat iqtisodiy sekinlashuv bilan birga sustlashadi. Kichik firmalar esa yirik texnologiya kompaniyalaridan bo’shagan malakali ishchilardan foyda ko’rishi mumkin.