Meksikadan AQShga kirishga urinayotganlar to'xtatildi

  • Amerika Ovozi

Meksikadan AQShga kirishga harakat qilayotgan migrantlar, Texas shtati, 12-mart, 2023

Meksika-AQSh chegarasini buzib o'tishga urinadiganlar ko'p. 12-mart kuni Texas shtatining El Paso shahriga Meksikaning Siudad Xuarez shahridan o'tishga yoppasiga harakat qilgan yuzlab odam to'xtatildi.

Yashash uchun o'z yurtida imkon topmaganini da'vo qilayotgan haloyiq Amerikadan boshpana so'ramoqda. AQSh chegarachilari ularga oddiy qilib, "yo'q" deb javob bergan.

Migrantlar esa Amerika hukumatini boshpana so'rash jarayonini ataylab qiyinlashtirganlikda ayblab, yangi programma ishlayotganligidan noliydi.

Iltijo qilayotganlar orasida go'daklar ko'p. Ommani chegarada to'xtatish uchun ko'zni yoshlantiruvchi modda ishlatilgan.

"Oilamizga yordam kerak, tirikchilik uchun kelayapmiz", - deydi Venesueladan ekanini aytgan 18 yoshli Kamilla Paz. - Kelajagimiz uchun sizdan madad so'rayapmiz".

AQSh va Meksika hukumatlari bu boradagi so'rovlarga javob bermaydi.

Your browser doesn’t support HTML5

AQSh-Meksika chegarasida boshpana so'rayotganlar

Bir necha soatli to'qnashuv ketidan omma tarqalgan va chegaradan sal uzoqlashib, vaziyatni kuzatgan. Ular postga qaytishi mumkinligini, ortga chekinmasligini aytgan.

Bayden ma'muriyati darvoza hammaga yopiq emasligini, maxsus programma orqali murojaat qilganlarning ishi ko'rib chiqilishini bildiradi.

Biroq onlayn formani to'ldirishga imkon yaratuvchi sistema muzlab qolayotgani, hujjatlarni oxirigacha topshirish mumkin emasligi kuzatiladi.

Bundan g'azabga kelgan migrantlar endilikda chegarani katta sonda bosib olib, kirishni talab qilmoqda.

Boshpana so'rab kelganlar esa noilojligini aytib, Vashingtondan madad kutmoqda.

Ayni damda Qo'shma Shtatlarda 12 millionga yaqin hujjatsiz immigrant bor.

AQShning har bir prezidenti bu masalani hal etishga va'da beradi, ammo uddasidan chiqa olmaydi.

Mamlakat qonunlariga ko'ra, boshpana so'raganlarning murojaati ko'rib chiqilishi shart, lekin oxirgi 20 yilda bu jarayon murakkablashgan va cheklangan.