AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken nazarida Afg'oniston va Eronda adolat va erkinlik talab qilayotgan ayollar bugungi kunda insoniyatning eng jasur qismi va shubhasiz, zamon qahramonlaridir.
Har ikki davlat dunyodagi eng yopiq va eng repressiv muhitlardan sanaladi. Har ikkisida cheklovlar islom dini bilan izohlanadi. Ko'plab islomshunoslarga ko'ra esa ayollarni ezish aslida bu e'tiqodga xos emas.
Bu hafta Demokratiya sammitiga mezbonlik qilayotgan Amerika hukumati Tehron va boshqa shaharlarda har kuni namoyishga chiqayotgan xotin-qizlarni ruhan quvvatlashini bildirmoqda.
Blinken deydiki, har bir insonning uning huquqlari hurmat qilingan, tinch va qonun ustuvor muhitda yashashga haqqi bor.
Afg'onistonda, deydi Blinken, Tolibon ayollarni ko'rinmas jismlarga aylantirishga urinmoqda. Ular ilm ololmaydi, ishlay olmaydi, ko'chagan ham cheklovlar ostida chiqadi.
Buni ham ko'ring Tolibon Kobulda ayollar namoyishini to'xtatdi“AQSh xotin-qizlarning teng huquqli va ozod yashashini istaydi, dunyoning har bir burchagida. Diplomatiyamiz jinsiy tenglik va adolatni targ'ib qiladi", - deydi davlat kotibi.
Blinken fikricha, vaziyat faqat avtokratiyalarda, juda ko'p mamlakatlarda, jumladan rivojlangan davlatlarda ham og'irlashgan.
Amerikada ayollar abort qildirish huquqi uchun kurashib keladi. Qator shtatlarda bu borada cheklovlar mavjud va oxirgi bir yilda kuchaygan.
Blinken qayd etishicha, global tarmoqlarda xotin-qizlarga qarshi bosim va nafrat urug'ini sochish avjida.
“Ayol jurnalistlar, faollar, siyosatchilar va boshqalar internetda doimiy tazyiq ostida. Bu borada ham adolat ta'minlanmagan", - deydi u.
Shuningdek, ayollarni sistematik kamsitish hamon normal hol - ishxonada, sog'liqni saqlashda, qonunchilikda, ta'lim, biznesda, mulkka egalik qilishda va oilada. Blinkennning aytishicha, Vashington va uning hamkorlari bu muammolarga nisbatan ham choralarni oshirishi kerak.