Birlashgan Millatlar Tashkiloti Afg’onistondagi idorasini yopishi mumkinligi haqida ogohlantirdi. Bunga Tolibonning tashkilotda ayol xodimlar ishlashiga taqiq qo’yishi sabab bo’lmoqda.
BMTning Afg‘onistonga yordam ko‘rsatish missiyasi bu haqda seshanba kuni, Tolibon hukumati xalqaro tashkilotda afg‘on ayol xodimlariga ishlashni taqiqlaganidan bir necha kun o‘tib e’lon qildi.
BMT bu cheklovni keskin qoralab, xalqaro huquq va BMT nizomiga zid bo'lgan bu choragi rioya qilmasligini bildirgan.
“Ushbu taqiq orqali Tolibonning amaldagi rasmiylari BMTni bu yerda qolish va afgʻon xalqini qoʻllab-quvvatlash hamda biz rioya qilishimiz shart boʻlgan meʼyor va tamoyillar tarafdori boʻlish oʻrtasida dahshatli tanlov qilishga majburlamoqda”, - deyiladi missiya bayonotida.
Buni ham ko'ring Tolibon afg'on ayollariga BMT bilan ishlashni taqiqladiMissiya rahbari Roza Otunbayeva tashkilotning Afg’onistondagi amaliyotlarini koʻrib chiqishni buyurdi. Bu 5-maygacha davom etishi mumkin.
"Birlashgan Millatlar Tashkilotining mahalliy xodimlari - ayollar va erkaklar - BMT idoralariga kelmasligi haqida ko'rsatma berildi. Faqat muhim vazifalar uchun mas’ul ba’zi xodimlar bundan mustasno", - deyiladi bayonotda.
“Bu inqirozning afg‘on xalqi uchun har qanday salbiy oqibatlari uchun javobgarlik amalda rasmiylar zimmasida bo‘lishi aniq”, - deya ogohlantirdi BMT missiyasi.
Tolibon cheklov haqida izoh bergani yo’q.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Afg‘onistonda 4000 ga yaqin xodimi bor, shundan 3300 ga yaqini Afg‘oniston fuqarolaridir. Ular orasida 400 ga yaqin afg‘on ayollari va 200 nafar xorijlik ayol xodimlar bor.
Your browser doesn’t support HTML5
Tolibon 2021-yil avgustida mamlakat ustidan nazoratni qayta qo‘lga kiritganidan beri afg‘on ayollariga turli xil cheklovlarni joriy etib kelmoqda.
Taqiqlar ayol-qizlarning jamiyat hayotidagi ishtirokiga jiddiy ta'sir ko'rsatdi. Afg'on ayollariga oliy ta'lim olish, ko'plab davlat ishlari va jamoat joylariga kirish taqiqlangan. Qizlarga oltinchi sinfdan keyin maktabga borishga ham ruxsat berilmaydi.
2022-yil 24-dekabrda Tolibon afg‘on ayollariga mahalliy va xalqaro yordam guruhlari bilan ishlashni taqiqladi, lekin o‘sha paytda bu taqiq BMTni o‘z ichiga olmagan edi. Bu qarordan keyin baʼzi xalqaro nodavlat tashkilotlar oʻz faoliyatini toʻxtatdi.
Xalqaro hamjamiyat Tolibon ma'muriyatining faqat erkaklardan iborat bo'lgan hukumatini haligacha rasman e’tirof etgani yo’q.
Ayni paytda AQShning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili mintaqaga safar qilib, Qatar, Birlashgan Arab Amirliklari va Istanbulda rasmiylar bilan bir haftalik uchrashuvlar o‘tkazadi.
Buni ham ko'ring Tolibon Kobulda ayollar namoyishini to'xtatdiSeshanba kuni Davlat departamentining bildirishicha, delegatsiya yetakchisi Tomas Uest bu mamlakatlardagi afgʻon siyosiy yetakchilari, jurnalistlar, gumanitar soha mutaxassislari va inson huquqlari faollari bilan maslahatlashuvlar oʻtkazadi.
Qo'shma Shtatlar va xalqaro hamjamiyat Tolibon hukumatini tan olishdan oldin ayollarga qo'yilgan cheklovlar olib tashlanishini hamda barcha afg'onlarning inson huquqlari birdek hurmat qilinishini talab qilmoqda.
Oq uy Milliy xavfsizlik kengashining strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi o‘tgan hafta jurnalistlar bilan suhbatda Vashington Tolibonni Afg‘onistondagi rasmiy hukumat sifatida tan olmasligini takrorladi.
"Agar ular shu qadar tan olinishni istasalar - hech bo'lmaganda Qo'shma Shtatlar tomonidan - qonuniy deb ko'rilishini istasalar, bu mamlakatni qanday boshqarish bo’yicha bergan va'dalariga rioya qilishlari kerak”, - dedi Kirbi.
Afg‘oniston dunyoda gumanitar vaziyat eng og’ir davlatlardan biri hisoblanadi. BMT ma’lumotiga ko’ra, 28,3 million kishi, ya'ni aholining uchdan ikki qismi yordamga muhtoj.
Olti million odam ocharchilik yoqasida. Bu yil zarur bo’lgan va rejalangan 4,6 milliard dollarlik gumanitar yordamning bor-yo’g’i 200 million dollari yig’ilgan, xolos.