Din

Minnesota masjidida nomusulmonlar uchun iftor o'tkazildi

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Minnesota shtatidagi islom markazi Ramazon oyni nishonlash hamda turli dindagi odamlar oʻrtasida aloqa qurish maqsadida iftorlik oʻtkazdi.

Minneapolisdagi ushbu masjidda yozilgan iftor dasturxoniga turli dindagi odamlar taklif qilingan.

Abu Bakr Siddiq islom markazi imomi Mavlid Ali buni ochiq eshiklar kuni deb atadi.

“Ochiq eshiklar kuni asosan musulmon bo‘lmaganlar uchun iftorlik demakdir.

Ramazon oyida turibmiz. U hidoyat va saxiylik oyi”, - deydi u.

Imomning aytishicha, bu tadbir jamiyatdagi odamlarga Islom dinini o‘rgatish maqsadidagi sa’y-harakatlarning bir qismidir.

"Biz ommaviy axborot vositalarida odamlar eshitadigan ba'zi noto'g'ri tushunchalar haqida gapiramiz. Bunday qarashlarni tuzatib, odamlarning e'tiborini Islomning go’zalligiga qaratishga harakat qilamiz", - deydi imom.

Your browser doesn’t support HTML5

Amerika Manzaralari: Iftor, Florida, fazogirlar

Kelganlar orasida Minneapolisdan ikki yarim soat uzoqlikda joylashgan Redvud-Folls shahridagi o'rta maktab direktori Rik Yorgenson ham bor. Tadbirga o‘g‘lini ham olib kelgan Yorgensonning aytishicha, u boshqa dinlarni o‘rganishga qiziqadi.

“Ba’zi odatlar, qarashlar, arkonlar va iftorlik qanday o'tishi haqida ko'plab savollarim bor edi. Men ilgari bilmagan bo‘sh joylarni to‘ldirish ajoyib bo‘ldi. O‘g‘lim ham maktabida eshitgan nimadir haqida endi tushunib, ko‘zlari chaqnaganini ko‘rish ham yoqimli”, - deydi u.

Minnesota oshxonasi koalitsiyasining boshqaruvchi direktori Robin Manti masjidning ochiq eshiklari uchun minnatdor ekanini va turli dindagi odamlar o‘rtasida umumiy til topish va aloqalarni o‘rnatishning eng samarali yo‘li taom bo’lishish ekanini aytadi.

Buni ham ko'ring Nyu-York rahbariyati bilan iftorda o'zbekistonliklar yetakchi rolda

“Taomil shuki, biz bir-birimizni qanchalik ko'p bilsak, qancha ko'p birga o'tirib ovqatlansak, shunchalik bir-birimizga yaqin bo’lamiz. Ovqat kuchli vosita. Minneapolisda musulmonlar ko’p va ular bizning qo‘shnilarimiz”, - deydi Oshxona koalitsiyasi vakili Robin Manti.

Ramazon oyi Fitr hayiti bilan yakun topadi. Shu kuni butun dunyo musulmonlari bir oylik toat-ibodat ortidan bayram qiladi.