AQSh va Janubiy Koreya ittifoqi qay darajada mustahkam?

  • Amerika Ovozi

AQSh Prezidenti Jo Bayden va Janubiy Koreya Prezidenti Yun Suk Yol, Seul, 21-may, 2022.

Bir qarashda eskirib ketgan ssenariy: Shimoliy Koreya raketa sinovini o’tkazib, provokatsiya jarayonini boshlab beradi.

Bunga javoban Janubiy Koreya va AQSh Amerikaning aviatashuvchi kemalarida qo’shma mashg’ulot boshlaydi.

70 yildirki bu ssenariy Seulda qayta-qayta sahnalashtirilgan. Tomonlar joriy haftada o’zaro ittifoqining 70 yilligini Oq uyda nishonlaydi. Biroq tahlikali davrda bu do’stlik qay darajada ekani borasida savollar tug’ilgan.

Ikki Koreya o’rtasida urush boshlansa, Seul AQSh himoyasiga tayana oladimi?

Shimoliy Koreya Amerika qit’asiga tahdid solish darajasiga yetgan bir paytda Vashington nizolarga aralashadimi?

Bu savollar javobi favqulodda muhim: Prezident Yun Suk Yol milliy xavfsizlik tahlika ostida qolsa, Janubiy Koreya o’z yadroviy qurolini yaratishini bildirgan.

Vashington Seul xavotirini bosish uchun eng qudratli harbiy texnikasini yo’llab oshkora mashg’ulotlarni uyushtirdi. Biroq Seul uchun bu kam, deydi ekspert.

“Mashqlarning o’zi yetarlimi? Shimoliy Koreya qit’alararo ballistik raketa ustida ishlamoqda. AQSh qancha urinmasin, Seul jiddiy savol bilan yuzlashmoqda”, - deydi Stimson markazi tadqiqotchisi Jenni Taun.

Yana bir taranglik –Ukrainani qurollantirish bilan bog’liq. Garchi Janubiy Koreya yirik miqdordagi qurol eksportchisi aylangan, biroq ichki qonunlarga muvofiq, Ukrainani to’g’ridan-to’g’ri qurollantira olmaydi.

Seul Ukrainaga qurol uzatayotgan Polshaga qurol sotish bilan jarayonning bilvosita ishtirokchisiga aylangan.

Ukraina bo’yicha kelishmovchilik AQShning Janubiy Koreya rasmiylarini josuslik yo’li bilan kuzatganiga doir axborot sizdirilishi bilan oshkor bo’ldi.

Seul vaziyatga yuzaki baho berishga uringan bo’lsa-da, Janubiy Koreyada g’azabi tinmaganlar talay.

“Janubiy Koreya va AQSh ittifoqchi. Qo’lga kiritilgan axborotda maxfiy biror narsa yo’q. Agar AQSh nimanidir bilmoqchi bo’lsa, rasmiylarga qo’ng’iroq qilsin, mamnuniyat bilan javob beriladi”, - deydi Ivxa universiteti professori Pak Von Gon.

Yun Suk Yolning reytingi o’z mamlakatida ancha past. Tahlilchilar nazdida, bu tashqi siyosatni yuritishda G’arb bilan ittifoqchilikni kuchaytirish payidagi prezident erkinligini cheklaydi.

Ana shunday nozik va jiddiy vaziyatda AQSh rahbari Jo Bayden Oq uyda 26-aprel kuni Janubiy Koreya prezidentini qabul qilib, ittifoqning 70 yilligini birga nishonlaydi.