Breaking News

AQSh Janubiy Koreya ustidan josuslikda ayblanmoqda


Janubiy Koreyadan Ukrainaga borayotgan harbiy yordam Polsha portida, 6-dekabr, 2022
Janubiy Koreyadan Ukrainaga borayotgan harbiy yordam Polsha portida, 6-dekabr, 2022

Janubiy Koreya hukumati Amerika matbuoti fosh etgan razvedka ma'lumotlariga nisbatan javob berishga urinmoqda. Ularga ko'ra, Vashington Seul xavfsizlk xizmatlari ustidan josuslik qilgan.

"The New York Times" gazetasi tarqatgan detallar orasida Janubiy Koreya prezidenti idorasida kechgan bahslar aks etadi. Ukrainaga yordam berish-bermaslik muhokama qilingan bu almashinuvlarni AQSh zimdan bilgan, deyiladi xabarda.

Amerika siyosiy va harbiy razvedka ma'lumotlari shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo'lib, Vashington va uning ittifoqchilari uchun katta boshog'riqqa aylangan.

Janubiy Koreya bilan boq'liq qismi ko'p narsani ayon etmasa-da, yaqin hamkorlar orasidagi aloqalarga darz ketishi tabiiy, deydi tahlilchilar.

Prezident Yun Suk Yol shu oy Oq uyga tashrif buyurishi kutilmoqda. Janubiy Koreya muxolifati, Demokratik partiya AQShni bu davlat suverenitetiga tahdid solganlikda ayblamoqda.

"AQSh bunday ishlarni qilmaslikka qat'iy va'da berishi kerak", - deya talab qilmoqda oppozitsiya.

Yun siyosiy jihatdan yumshoqlikda, idorasini bila turib, Amerika harbiy bazasiga yaqin joyga ko'chirganlikda tanqid ostida.

Janubiy Koreya rahbari Yun Suk Yol Tokioda so'zlamoqda, 17-mart, 2023
Janubiy Koreya rahbari Yun Suk Yol Tokioda so'zlamoqda, 17-mart, 2023

Janubiy Koreya hukumatining bildirishicha, "mavhum kuchlar ikki davlat orasidagi mustahkam ittifoqni buzishga harakat qilmoqda".

Rasmiylar fosh etilgan razvedka ma'lumotlarida haqiqat bo'rttirilgan, deb ham izohlagan.

"Hukumatlar nima bo'lganini o'zlari muhokama qilib oladi. Zarur deb topsak, AQShdan chora ko'rishni talab qilamiz", - deyiladi rasmiy bayonotda.

Janubiy Koreya Tashqi ishlar vazirligining "Amerika Ovozi"ga qayd etishicha, o'zaro ishonch kuchli va hamkorlik susaymaydi.

AQSh Mudofaa vazirligi bu borada ichki tekshiruv olib bormoqda.

"Suratga olingan hujjatlar chiqishi AQSh davlat xavfsizligi, shuningdek, ittifoqchi va hamkorlarimizga qanchalik salbiy zarar yetkazishi mumkinligi tahlil ostida", - deb bayon qilgan Pentagon.

Adliya vazirligi esa jinoiy tergov boshlagan.

Sizib chiqqan ma'lumotlarda nafaqat Ukraina, balki Isroil va Xitoy haqida ham gap ketadi.

Seulga tegishli qismidan ma'lumki, Yun ma'muriyatida Ukrainadaga harbiy yordam bevosita yuborilishi kerak degan fikr muhokama qilingan. Lekin Janubiy Koreya jangovar qurollar bermaslik qarorni o'zgartirmagan.

Biroq bu davlat o'z qurollarini boshqa mamlakatlarga sotmoqda, ular esa o'z navbatida Ukrainani qurollantirmoqda. O'tgan yili, xususan Seul AQShga o'q-dori uzatgan va hujjatlarga ko'ra, ularning oxirgi manzili Amerika bo'lishi kerak.

Fosh etilgan razvedkaga ko'ra, Seul Vashington bu qurollarni Ukrainaga beradi, deb xavotirlangan.

Seulda AQSh-Yaponiya-Janubiy Koreya yadroviy muzokaralari, 7-aprel, 2023
Seulda AQSh-Yaponiya-Janubiy Koreya yadroviy muzokaralari, 7-aprel, 2023

Janubiy Koreyadan tahlilchi Go Myung-hyun deydiki, "o'ta nozik ma'lumotlar chiqmagan", ammo AQSh o'z razvedkasi xavfsizligini ta'minlay olmagani ayon.

"Bir tomondan ittifoqchilaringizni zimdan kuzatgansiz, ikkinchi tomondan esa ularga doir sirlarni ham mahkam tuta olmagansiz", - deya talqin qiladi ekspert.

2013-yilda ham AQSh Janubiy Koreya ustidan josuslik qilgan, degan axborot chiqqan edi.

Odamlar Amerikani bu masalada qanchalik qoralamasin, ommaviy so'rovlarda ikki davlat orasidagi do'stlik va ittifoqchilik keng quvvatlanadi.

Seul milliy universiteti professori Ben Engel nazarida hukumat va xalqlar orasidagi rishtalar bu holat bilan buzilib qolmaydi.

"Hozirda omma AQShdan ko'ra ko'proq Yun ma'muriyatini qoralamoqda. Razvedka fosh etilgani unga qimmatga tushishi mumkin", - deya taxmin qiladi olim.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG