AQSh “vagnerchi”larni Sudan mojarosiga aralashayotganlikda ayblamoqda

  • Amerika Ovozi

"Vagner guruhi" a'zolari

Ayrim xabarlarga ko’ra, Rossiyaning yollanma jangarilardan iborat “Vagner guruhi” Sudanda o’zaro jang qilayotgan taraflardan birini qurol bilan ta’minlayotgan bo’lishi mumkin.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 28-aprel, 2023-yil

Sudan armiyasi va tezkor madad kuchlari o’rtasida hokimiyat uchun kurash yuzlab odamning o’limiga sabab bo’ldi. AQSh rasmiylari “Vagner guruhi”ning aralashuvi ahvolni yanada yomonlashtirishi haqida ogohlantirmoqda.

“Mojaroning kengayishi va uzayishini istamaymiz. Qo’shimcha qurollar zo’ravonliklarning davom etishiga, ziddiyatlarning kuchayishiga olib keladi”, - deydi AQSh Milliy xavfsizlik kengashi so’zlovchisi Jon Kirbi.

Yaqingacha yonma-yon jang qilgan general Abdul Fattoh Burxon va general Muhammad Hamdan Dagalo endi bir-biriga qarshi kurashmoqda.

Dagalo o’tgan yili Rossiyaga borib, “Vagner guruhi”dan yordam so’ragan edi.

“Dagalo va uning tezkor madad kuchlari Sudanning eng yirik oltin konlari joylashgan hududlarini nazorat qiladi va bir necha yildan beri oltin kontrabandasi bilan shug’ullanib kelayotganlikda ayblanmoqda. Shu sabab ham vagnerchilar uning tarafini olayotgan bo’lishi mumkin, noharbiy hukumat bo’lishiga qarshi”, - deydi Vashingtondagi RAND korporatsiyasi deb nomlanuvchi tahlil markazidan Jaklin Byorns.

“Vagner guruhi”ning asoschisi Yevgeniy Prigojin bir paytlar Sudanning uzoq yillik rahbari Umar Bashir bilan yaqin aloqada bo’lgan.

Bashir xalq isyoni natijasida hokimiyatdan ketishga majbur bo’ldi, biroq vagnerchilar Sudan harbiylari va ayniqsa general Dagalo boshchiligidagi tezkor madad kuchlari bilan hamkorlikni davom ettirdi.

“Vagner guruhi” Afrika mamlakatlarida deyarli bir xil sxema bo’yicha harakatlanadi. Avval mahalliy elitalarni yetishtirishadi, so’ng mamlakatlar bilan harbiy-texnik shartnoma tuziladi. Ushbu kelishuv doirasida Rossiya ularni qurol bilan ta’minlaydi, evaziga esa ruslarga konlar nazoratini topshirishadi”, - deydi “Yangi Amerika” deb ataluvchi Vashingtondagi yana bir tahlil markazi eksperti Ben Dalton.

Sudanda aprel oyida ikki general qo’shinlari o’rtasida to’qnashuv boshlanganidan beri ayrim tasdiqlanmagan xabarlarga ko’ra “Vagner guruhi” jangchilari tezkor madad kuchlarini qo’llab-quvvatlamoqda, qurol bilan ta’minlamoqda.

Ba’zi tahlilchilarning aytishicha, Sudan Rossiyani strategik joylashuvi va boy mineral resurslari bilan o’ziga tortadi, ruslar u yerda o’ziga do’stona rahbarni hokimiyatga qo’yishga yordam berishga tayyor.

“So’nggi oylarda Rossiyaning harbiy aloqalari yordamida Sudanda Qizil dengiz portini qo’lga kiritishga qaratilgan harakatlariga guvoh bo’ldik. Ruslar mintaqadagi bir necha mamlakat bilan bitim imzolab harbiy aloqa o’rnatdi”, - deydi AQShning Strategik va xalqaro izlanishlar markazi tahlilchisi Kameron Xadson.

“Vagner guruhi” Liviya, Markaziy Afrika Respublikasi, Malida ham faoliyat yuritadi. Tahlilchi Ben Dalton rus jangarilarini huquqbuzarliklarda ayblaydi.

“Ular ko’plab vahshiyliklarga qo’l urgan. Qayerga bormasin, o’lim, vahshiyliklar. Rossiyaning manfaatlari qit’a resurslarini qazishdan iborat, o’z pozitsiyasini kuchaytirib, xalqaro sanksiyalarga qarshilik ko’rsatish salohiyatini oshirmoqda. Afrikaliklar bilan ularning ishi yo’q”, - deydi siyosatshunos.