Sent-Ogastin - AQShning ko’pchilik eshitmagan qadimiy shahri

Your browser doesn’t support HTML5

Jeymstaun ingliz mustamlakasiga aylanishidan o’nlab yil oldin, ispanlar Floridaning bir burchagida aholi punkti yaratgan edi. Sent-Ogastin AQShdagi eng qadimgi shahar deya tilga olinadi, ammo ko’pchilik bu joy haqida eshitmagan.

Qo’shma Shtatlardagi eng qadimgi shahar maqomiga ega bo’lsa-da, Sent-Ogastin tarix darslarida kamdan-kam tilga olinadi.

“Chunki Ispaniya mustamlakachilik tarixi haqida gap ketyapti. Ba’zilar buni anglotsentrizm deb biladi”, - deydi shahar meri Nensi Sayks-Klayn.

“Uzoq vaqt davomida Sent-Ogastin va Florida Ispaniya imperiyasining bir qismi bo’lgan”, - deydi tarix professori Tomas Grem.

Sent-Ogastin 1821-yilga boribgina AQSh tarkibiga qo’shilgan, ya’ni Ispaniya mustamlakasiga aylanganidan bir necha asr o’tib.

Kastiyo de San Markos, shaharning eng qadimgi inshooti, 1672-yilda Britaniya hujumlaridan himoya maqsadida qurilgan.

“Sent-Ogastinni olsangiz, Florida hududi sizniki edi”, - deydi ekskursiyalar yetakchisi Kris Leveret.

Ispanlar 1742-yilda qurgan Matanzas forti esa shaharning orqa qismini himoya qilish uchun edi.

“Kutilmaganda kemalar kirmasligi uchun”, - deydi suhbatdosh.

Har ikki qal’a sayyohlar bilan gavjum, shahar turizmdan yaxshigina daromad qiladi. 2021-yilning iyulidan 2022-yilning iyuniga qadar Sent-Ogestinga 3 million odam tashrif buyurgan. Aksariyat sayyohlar bir kunlik ekskursiyaga keladi.

“Madaniy mehmonlar ko’proq kelishini, shahrimizda uzoqroq qolib, tariximizni o’rganishini xohlaymiz”, - deydi mer.

Buni ham ko'ring Vilyamsburg - yangi dunyoga darvoza bo'lgan shahar

Asl binolarning aksariyati buzilib ketgan. Biroq an’anaviy ispancha uslubdagi plaza va o’ziga xos tarzda loyihalashtirilgan ko’chalar mahalliy bo’lmagan ilk aholi ta’siridan darak berib turadi.

“Qadimgi Sent-Ogastindan tor ko’chalar, kichik kvartallar qolgan”, - deydi professor Grem.

Shahar maydonini o’rab tugan binolar Sent-Ogastin gullab-yashnagan davrlarni eslatadi. 1870-yillarda Genri Flagler ismli sanoatchi uchta hashamatli mehmonxona qurgan.

“Badavlat shimolliklar Sent-Ogastinda yanvar oyida ham quyosh charaqlab turishini Flagler bilgan”, - deydi Grem.

Biroq Ogastinga boylar qatnashi uzoqqa cho’zilmadi. 20 yil o’tmay Floridaning Palm-Bich shahri yanada yaxshiroq ob-havosi bilan boylarni o’ziga jalb etgan. Bugun Flagler qurgan mehmonxonalardan bittasi ishlab turibdi. Ikkinchisida shahar hokimiyati joylashgan, uchinchisi kollejga aylangan.

Amerikaning eng qadimgi shahri nihoyat e’tirofga sazovor bo’ladimi?

“Sent-Ogastin ham, Florida ham uzoq payt e’tibordan chetda bo’lgan, ammo so’nggi payt vaziyat o’zgaryapti”, - deydi Grem.

Tashkil etilganidan asrlar o’tib, bu tarixiy shahar kattaroq auditoriya tomonidan kash etilishini kutmoqda.